19:01 / 18.06.2023
10322

Ulkan ma’no ko‘lamiga ega film - V for Vendetta haqida

G‘oya kuchi, fanatizm oqibatlari, anarxizm, demokratiya, diktatura kurashi, propaganda, nafratga yo‘naltirilgan vatanparvarlik - bularning barchasini bir filmda ko‘rish mumkin. Deyarli hech qanday kinomukofotlarga ega chiqmagan, biroq muxlislarning yuqori bahosiga sazovor bo‘lgan kartina haqida.

Film o‘zi nima haqda?

V for Vendetta filmi Gay Foks niqobini taqqan, haqiqat qidiruvchi, bir necha yildan buyon mamlakatda yalpi nazorat va harbiy diktatura o‘rnatgan hukumatga qarshi kurashuvchi, o‘tmishda unga dahshatli azob bergan insonlardan qasos oluvchi V ismli shaxs haqida.

Shuningdek, V tomonidan qutqarilgan, muxolifat vakili bo‘lgan ota-onasi hukumat buyrug‘i bilan qamoqqa olinib, halok bo‘lgan, V’ning sherigiga aylangan Ivi obrazi ham filmning bosh qahramonlaridan biri.

Kartinada V’ning qasos, anarxizm va demokratiya yo‘lidagi kurashi va Ivining bundagi roli tasvirlanadi.

V niqobini taqib yuruvchi Gay Foks kim?

Buning tarixi XVII asrga borib taqaladi. Bu davrda Angliya allaqachon «dengizlar hukmdori» maqomiga erishgan, dunyoning qudratli davlatiga aylangandi. Oldingi hukmdor, Yelizaveta I mamlakatda opasi Mariya o‘tkazgan Kontrreformatsiyani bekor qilib, protestantlikka homiylik qiladi. Bu esa mamlakatdagi katoliklar noroziligiga sabab bo‘ladi.

Ular Yelizaveta vafot etgach, uning valiahdi deb e’lon qilingan Shotlandiya qiroli, katolik Jyeyms VI’ga umid bog‘laydi. Chunki Angliyadan farqli ravishda, Shotlandiyada katolik oqimi hali ancha mustahkam edi. Biroq Jyeyms I nomi bilan Angliya taxtiga o‘tirgan Jyeyms VI, aksincha, protestantlikka homiylik qila boshlaydi. Natijada, katoliklar mamlakatda Kontrreformatsiya o‘tkazishga va hokimiyatni yana katoliklar qo‘liga qaytarishga ahd qiladi.

Ular qirol va protestantlar ko‘pchilikni tashkil qiluvchi parlamentni yo‘q qilish uchun fitna tayyorlaydi. Tarixda bu fitna «porox fitnasi» deb ataladi. Fitnachilar 1605 yil 5 noyabrda, qirol parlamentning har ikki palatasi yig‘ilishida nutq so‘zlayotgan paytda parlament binosini porox yordamida portlatishni maqsad qiladi.

«Porox fitnasi»ning eng mashhur a’zosi Gay Foks edi. U parlament ostiga joylashtirilgan poroxni nazorat qilib turishi va portlatishi kerak edi va shuning uchun boshqa fitnachilar poytaxtni tark etsa-da, Foks Londonda qoladi. Ammo fitna xabari, unga juda ko‘p odam jalb qilingani tufayli, qirolga yaqin insonlargacha yetib boradi va u amalga oshmaydi. 1605 yil 4 noyabr kuni yarim tunda qirollik askarlari parlament binosi yerto‘lasidan Gay Foks va porox solingan o‘nlab bochkalarni topadi.

Fitnaning barcha ishtirokchilari, jumladan Foks ham qatl etiladi. Qirol buyrug‘i bilan 5 noyabr «najot kuni» deb e’lon qilinadi. Shundan so‘ng Angliya aholisi har yilning shu kunida «Gulxan kuni» yoki «Gay Foks kechasi» bayramini o‘tkazadi va Foksning somon haykalchalari yoqib yuboradi.

Gay Foksning bunday mashhurlik va ramzga ega bo‘lishiga ommaning turli fitna va jinoyatlarga qiziqishi to‘lqini sabab bo‘lgan. Hozirda Gay Foksning turli buyumlari Londondagi muzeylarda saqlanadi.

Ziddiyatlarga to‘la film

Filmdagi V kimlar uchundir terrorchi (uning harakatlarida haqiqatan ham terror alomatlari bor), kimlar uchundir esa qahramon, xuddi Gay Foksdek. Biroq Foksdan farqli ravishda V diniy fanatik emas (u politsiyachi bilan suhbatida diktator Satler qanchalik ko‘p hokimiyatga ega bo‘lsa, shunchalik fanatik, qattiqqo‘l bo‘lishini aytadi). Uning g‘oyasi diktaturani anarxiya yo‘li bilan ag‘darishdir.

U millatchilik, fanatizm, senzura, yalpi nazorat, davlatni boshqarishda kuchga tayanishga qarshi. U erkinlikni xohlaydi, insonlar o‘z fikrini qo‘rqmay ayta oladigan, barcha huquqlarga ega bo‘lgan va qo‘rquvsiz yashaydigan jamiyat qurishni niyat qilgan. Ammo, bu yo‘lda u qotillik qilishdan toymaydi. Bundan tashqari, hukumatga nisbatan uning shaxsiy adovati ham bor.

V’ning anarxist yoki demokratligi noaniq. U anarxiya orqali diktaturani yengish kerakligiga ishonadi, odamlarni shunga da’vat qiladi, ammo demokratik qadriyatlar uchun kurashadi.

Uning sherigiga aylangan Ivi esa ota-onasi hukumat tomonidan o‘ldirilgan bo‘lsa-da, muxolifatchi bo‘lishga jur’ati yetolmaydi. U hokimiyatning asosiy propaganda kanali bo‘lmish British Television Network’da ishlaydi. Uning V bilan tanishib qolish sahnasi ham majoziy.

Ivida ham V’dagi kabi qarama-qarshiliklar ko‘p. U tinch hayotni xohlaydi, biroq ota-onasi, ukasi uchun qasos olishni ham istaydi va bu yo‘lda qon to‘kishni xohlamaydi. Unda demokratik-liberal ruh ko‘proq, ya’ni Ivi barchasini kuch ishlatmasdan o‘zgartirish mumkinligiga ishonadi. U V’ga yordam berishni istaydi, lekin qotilliklarsiz.

Shuningdek, filmda V’ning iziga tushgan, biroq tergov davomida hukumatning dahshatli ishlaridan xabar topgan politsiyachi xarakteridagi ziddiyatlar ham ochib berilgan. Uning film intihosidagi harakatlari esa bu ziddiyat uni qanchalik o‘zgartirganini ko‘rsatadi.

Ishoralar

Filmdagi ko‘plab epizodlar real hayotdagi voqea va hodisalarga ishora qiladi. Masalan, Angliyada o‘rnatilgan yagona partiya boshqaruv tizimi va mamlakatni kansler boshqarishi bu shubhasiz, Kommunistik partiya va Birinchi kotib, ya’ni SSSRga ishora. Angliya kansleri Adam Satler o‘rnatgan tuzum, ya’ni mutlaq hukmronlik, senzura, propaganda, harbiy diktatura ham SSSRni yodga solsa-da, boshqa davlatlar, jumladan Shimoliy Koreyaga ham ishora qilishi mumkin.

Filmda Hitler Germaniyasiga ham taqlidlar bor. Xususan, kansler Satler mamlakatdagi xaosni tugatib, fashistik tuzum o‘rnatadi (Hitler ham Germaniyada kommunistlar va SD’chilar xavfini yo‘q qilib, «tartib» o‘rnatgan). Shuningdek, u fyurer kabi mohir notiqligi bilan ajralib turadi va qizil-qora rangli bayroqdan foydalanadi.

Filmdagi betakror iqtiboslar

«Bu niqob ostida nafaqat tana, balki g‘oya ham bor. G‘oya esa o‘qdan qo‘rqmaydi»

«Garchi muloqot o‘rniga dubinkadan foydalanish mumkin bo‘lsa-da, so‘z hech qachon o‘z qudratini yo‘qotmaydi. So‘z uni tinglagan insonlarga ma’no va haqiqatni yetkazadi»

«Raqssiz inqilob, uni amalga oshirishga arzimaydi»

«Rassom uchun yolg‘on — haqiqatni ochish imkoniyati, siyosatchi uchun esa uni yashirish imkoniyati»

«Bizga alohida shaxsni emas, balki g‘oyani eslashni o‘rgatishadi. Chunki inson zaif. Uni qo‘lga olish, o‘ldirish va unutish mumkin. Ammo oradan 400 yil o‘tib ham g‘oya dunyoni o‘zgartirishi mumkin. Men g‘oya kuchi nima ekanligini shaxsiy tajribamdan bilaman. Men qanday qilib g‘oya nomidan qotilliklar sodir etilganini, odamlar qanday qilib o‘limga borganini ko‘rdim. Ammo g‘oyaga teginish, quchoqlash mumkin emas. G‘oya qonga botmaydi. U og‘riqni his qilmaydi. G‘oya sevishni bilmaydi».

«Bu davlatning xavfsizligi to‘liq va mutlaq qaramlikka bog‘liq».

«Vi veri veniversum vivus vici — Haqiqat qudrati yordamida men, tirik jon, koinotni zabt etdim» («Faust» asaridan).

Mavzuga oid
Top