Jahon | 11:59 / 19.06.2023
15486
7 daqiqa o‘qiladi

«Mashinali kishi – erkindir»: nafaqat avtomobil, suvosti kemasidan tortib tankkacha ishlab chiqargan 120 yillik Ford Motor

Genri Ford nomi nafaqat dunyoda, balki AQShdan o‘n ming kilometrlab olisda joylashgan O‘zbekistonda ham tanish va mashhur. Bundan roppa-rosa 120 yil avval, 1903 yil, iyun oyida Ford o‘zining mashhur Ford Motor kompaniyasiga asos solgandi.

Bugungi kunda 183 mingdan ziyod xodim ishlayotgan gigant kompaniya mashhur Genri Ford tomonidan 28 ming dollar evaziga tashkil etilgan. Hozirda kompaniya tepasidagi rahbarlardan biri Fordning evarasi kichik Uilyam Kley Ford sanaladi. Ford Motor esa dunyoga eng mashhur sulolaviy kompaniyalardandir.

Foto: Ford

«Mashinasiz kishi – quldir...»

Mazkur so‘zlar Genri Fordning Ford News gazetasining 1925 yil 1 avgustdagi sonida bosilib chiqqan. Mashhur tadbirkor mashinasiz kishilarga shunday ta’rif bergandi.

U vaqtda hali AQShda irqchilik va segregatsiya gullab-yashnar, «qul» o‘ta haqoratomuz ibora edi. Fordning iborasiga ko‘ra, «mashinali kishi – erkin shaxsdir».

Fordning kamoloti juda qiziq edi: u irlandiyalik muhojirlar oilasida tug‘ildi, o‘n oltiga to‘lgach, uydan qochib, Detroyt shahriga ishlagani keldi. Tirishqoq yigitcha injyenerlikkacha ko‘tarildi, ishdan bo‘sh vaqtida mustaqil ravishda avtomobil yasashga muvaffaq bo‘ldi. O‘z kompaniyasiga asos solgach esa, birinchi avto — «Ford A»ni chiqardi.

Lekin kompaniyaga birinchi shuhratni 1908 yilda chiqarilgan Ford T keltirdi. 1910 yilda esa o‘sha davrlar uchun eng yaxshi bo‘lgan «Xaylend park» zavodi ishga tushirildi.

Ford ushbu zavodda ilk bor konveyer imkoniyatlaridan foydalanib, generator yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi. Keyin dvigatel yig‘ildi. Agar bitta ishchi dvigatelni yig‘ishga qariyb 10 soat vaqt ketkazgan bo‘lsa, yangi yo‘nalishda 40 daqiqagacha qisqardi. Ford yo‘lga qo‘ygan konveyer usuli nafaqat avtomobilsozlikda, umuman sanoatda inqilob yaratdi.

Kuchli nazorat o‘rnatish maqsadida Ford ruda eritishdan tayyor avtomobil yaratishgacha bo‘lgan jarayonni yo‘lga qo‘ydi.

Ford AQSh tarixida ilk bor nafaqat menejyerlarga, balki ishchilarga ham kompaniya foydasiga qarab yillik bonuslar to‘lay boshladi.

Kommunistlar esa buni proletarlarning sinfiy tuyg‘usini susaytiruvchi hiyla deb atashgan. Ammo ishchilar haqiqatan ham korxonaning egalari bo‘lmasa-da, Fordning manfaatdor sheriklariga aylanishdi.

1914 yilda u kuniga besh dollarlik eng kam ish haqi (AQShdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘p) va 40 soatlik ish haftasini joriy qildi. Boshqa ish beruvchilar u ishchilarni «buzayotgani»ni aytib, jig‘ibiyron bo‘lishgandi.

Shu bilan birga, Ford o‘z korxonalarida, uning fikricha, «mehnatkashlarni erkinlik va mustaqillikdan mahrum qiladigan, hamkorlik o‘rniga qarama-qarshilikni keltirib chiqaradigan kasaba uyushmalari»ning tuzilishiga ruxsat bermadi.

«Past ish haqi ishchidan avval korxonani xonavayron qiladi», derdi u. Ammo yuqori maosh hammaga ham nasib etmasdi.

Ford ishchilarning axloqiga alohida e’tibor berar, maishatbozlarni jini suymasdi. Oilasini boqmay, ichkilikka berilgan xodim yuqori maoshdan quruq qolardi.

U faqat mashina ishlab chiqarmagan

Mashhur tadbirkorning hayoti ikki jahon urushi davrlarini ham qamrab oladi. To‘g‘ri urush AQShdan juda uzoqda sodir bo‘lgandi, ammo yetakchilikka chiqib borayotgan davlat unga aralashmasligi mumkin emasdi.

Birinchi jahon urushi davrida AQSh Antantani qo‘llab-quvvatladi, Ford zavodi esa dastlab, protivogazlar, so‘ngra tank va suvosti kemalarigacha ishlab chiqara boshladi. Fordning o‘zi esa, bu ishlari uchun pul olmasligini, foydalar davlatga qaytarilishini e’lon qildi. Bu tadbirkorning obro‘sini ko‘tarib yubordi.

1925 yilda shaxsiy aviakompaniyasi — Ford Airwaysʼga asos soldi.

Uzoq umr kechirgan Genri 1945 yilda o‘z vakolatlarini nabirasi Genri Ford IIga topshirdi. O‘zi esa ikki yil o‘tgach, 83 yoshida vafot etdi.

Foyda uchun hatto dushmanlar bilan ishlagan

Ko‘pchilikka g‘alati tuyulishi mumkin, Genri Ford kompaniyasi 1920-yillar oxirida SSSR hukumati bilan hamkorlikda Nijniy Novgorodda zavod ochadi. Bungacha Germaniya va Buyuk Britaniyada zavodlar ochilgandi.

Birinchi sovet seriyali traktori «Fordzon-Putilovets» ham Ford firmasi litsenziyasi asosida ishlab chiqariladi.

O‘sha yillarda Ford imperiyasi shunchalik tomir yoyadiki, hali AQSh tan olmagan (Qo‘shma Shtatlar rasman SSSRni 1933 yildagina tan olgan) va ashaddiy dushman sanagan davlatga sarmoya kiritib, zavod ochadi. Ushbu zavoddan GAZ-A va GAZ-AA kabi avtomobillar chiqadi.

Ford va natsistlar Germaniyasi

1941 yil. Ikkinchi jahon urushi boshlanib bo‘lgan, u o‘zining faol bosqichiga chiqishiga tobora yaqin qolayotgandi. New York Herald-Tribune gazetasiga interyu bergan Ford quyidagi so‘zlarni aytadi:

«Urushlar biz boshqa yo‘l bilan o‘rgana olmaydigan saboqlarni o‘rgatish uchun ham kerak».

Bungacha Genri Ford o‘zining antisemitik qarashlari natsistlar Germaniyasi rahbariyati bilan ijobiy aloqalari bilan mashhur bo‘lgandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ford fashistlar partiyasi qudratga kelguniga qadar ham ularni moliyaviy jihatdan ta’minlab turgan. Hatto Hitler o‘zining «Mening kurashim» asarida AQShlik tadbirkor nomini tilga oladi. 1931 yilda Gitlerdan intervyu olgan jurnalist Annetta Entona bo‘lg‘usi fyurerning ish stolida Fordning suratiga ko‘zi tushganini ma’lum qilgan.

Ford va zamonaviy dunyo

Genri Ford vafot etgach, uning merosini asrab qolish oson bo‘lmadi. Ayniqsa, jahon avtomobil bozorlarida yaponlar paydo bo‘lgach, kompaniya ishi orqaga ketdi.

1970-yillarda Ford o‘z ko‘rsatkichlarini boy bera boshladi, 1980 yilni esa 1,54 mlrd dollar zarar bilan yakunladi. Keyinchalik Mazda va Kia Motors bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi va kompaniya qaddini tiklay boshladi. Kompaniya chiqargan Ford Mustang, Ford GT poyga avtomobili eng mashhur rusumlardan biriga aylandi. Shuningdek, avtobuslar ham ishlab chiqarildi (xususan maktab o‘quvchilarini tashishga ixtisoslashgan sariq avtobuslar).

2019 yilda Ford Volkswagen bilan global ittifoq tuzib, avtopilot tizimlarini ishlab chiqaruvchi Argo AI startapiga sarmoya kiritdi. Ushbu yo‘nalishga jami investitsiyalar 2,6 mlrd dollarni tashkil etdi.

2021 yilda kompaniya 3,942 mln dona avtomobil sotishga muvaffaq bo‘ldi. Bu jahon avtomobil bozoridagi ulushning 5,1 foiz ulushini tashkil qildi.

Abror Zohidov

Mavzuga oid