07:53 / 20.06.2023
3959

Toshkentda Eron innovatsiyalar va texnologiyalar uyi ochildi

U ilmiy asoslangan yangi texnologiyalarni O‘zbekistonga olib kirish jarayonini osonlashtirish uchun ishlab chiqilgan xalqaro dasturning bir qismi hisoblanadi.

Foto: edu.uz

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Eronga rasmiy tashrifi doirasida Toshkentda Eron innovatsiyalar va texnologiyalar uyining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Tehrondan onlayn tarzda Eron prezidentining Fan va texnologiyalar bo‘yicha o‘rinbosari (vitse-prezidenti) Rouhollah Dehqani Firouzabadi hamda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov ishtirok etdi.

Toshkentdagi Eron innovatsiyalar va texnologiyalar uyi ilmiy asoslangan yangi texnologiyalarni O‘zbekistonga olib kirish jarayonini osonlashtirish uchun ishlab chiqilgan xalqaro dasturning bir qismi hisoblanib, Eron kompaniyalarining innovatsion texnologiyalari, mahsulotlari va xizmatlarining doimiy ko‘rgazmasini tashkil etish bilan shug‘ullanadi.

Toshkentdagi Eron innovatsiyalar va texnologiyalar uyi Eron fan va texnologiyalar bo‘yicha vitse-prezidentining O‘zbekistondagi vakolatxonasi sifatida rasman ochilmoqda.

U bilim almashinuvi, texnologiyalar transferi, innovatsiyalar ekotizimini rivojlantirish va Eron hamda O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar uchun platforma yaratishni maqsadida tashkil etildi. Shuningdek, fan va texnologiyalar sohasidagi hamkorlik orqali ikki mamlakatning iqtisodiy o‘sishi, ijtimoiy farovonligi va barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shishga intiladi.

Mavzuga oid
Top