12:59 / 21.06.2023
11199

“Chapaqay avtomobillar” harakati: tarix, qarashlar va farqlar

Foto: worldstandards

Ko‘p davlatlar qatori O‘zbekistonda ham o‘ng tomonlama harakat qoidasi amal qiladi. Bunda avtotransportlar yo‘lning o‘ng tomonidan harakatlanadi, haydovchi o‘rindig‘i esa avtomobillarning chap tomonida joylashadi. Dunyoning katta qismida o‘ng tomon qoidasi amal qiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bunday davlatlarning ulushi 66 foizni tashkil etadi.

34 foiz ulush esa “chapaqay”larga to‘g‘ri keladi. Ular orasida Hindiston, Pokiston, Indoneziya, Buyuk Britaniya kabi yirik davlatlar ham bor. Shuningdek, jahondagi yo‘llarning 72 foizi o‘ng tomonli, 28 foizi esa chap tomonli yo‘llardir.

Tarix

Jahon aholisi ichida chapaqaylar uncha katta guruhni tashkil qilmaydi. Lekin shunga qaramasdan chap tomonlama harakat tarixi uzoq asrlarga borib taqaladi.

Tarixiy faktlarga ko‘ra, ushbu tarzdagi harakat Qadimgi Rimda ham aniqlangan. Jumladan, miloddan avvalgi 50 yillarda zarb etilgan tangada aks etgan chavandoz tasviridan buni bilib olish mumkin. Unda chavandoz ot mingan holda yo‘lning chap tarafida turgani aks etgan.

Zamonaviy chap yo‘l harakatining asosiy tashabbuskori Buyuk Britaniya sanaladi. Shu sababdan mazkur qoida Britaniyaning sobiq mustamlakalari orasida keng tarqalgan. Tarixchilarga ko‘ra, Britaniyaga mazkur odatni Rim imperiyasi meros qilib qoldirgan.

1756 yilda London ko‘prigida chap tomonlama harakatlanish borasida bill (hujjat) qabul qilindi, asr oxirida esa “Yo‘l akti” qabul qilindi. Natijada butun Angliya bo‘ylab chap qo‘l qoidasi amal qila boshladi.

Inglizlar chap tomonlama harakatga bir qancha sababni keltirishdi, ularga ko‘ra, bunday harakatda tananing faol qismi, ya’ni o‘ng tomon ko‘proq ishlatiladi, haydovchi o‘zining kuchliroq bo‘lgan qo‘lidan ko‘p foydalanadi.

1969 yil britaniyalik injyener Jon Jozef Limingga ko‘ra, chap tomonlama harakatda o‘ngga qaraganda kamroq yo‘l-transport hodisalari kuzatilgan.

Nega ko‘pchilik o‘ng tomonlama harakatlanadi?

Agar chap tomonlama harakat xavfsizroq bo‘lsa, nega ko‘pchilik o‘ng tomonni qoida tariqasida qabul qilgan degan savol tug‘iladi. Bu mashhur sarkarda Napoleon davriga borib taqaladi.

Ma’lumki, Napoleon ingliz davlatini xushlamagan va o‘zining ashaddiy raqiblaridan deya bilgan. Shu sababdan fransuz hukmdori mamlakatda o‘ng tomonlama harakatni qoida qilib qo‘yadi. Bu Germaniya Shveytsariya, Italiya, Polsha va Ispaniyada ham tarqaladi.

Rossiyada ham Pyotr Birinchi davrida harakat o‘ng tomonidan bo‘lgani tarixiy manbalarda mavjud. Rasman 1752 yilda imperatritsa Yelizaveta Petrovna qaror chiqarib, o‘ng tomonlama harakatni qonuniylashtiradi.

Buyuk Britaniyadan mustaqil bo‘lgan AQSh ham shu yo‘lni tanlaydi. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng yapon bosqinchilaridan xalos bo‘lgan Koreya ham shunday yo‘l tutadi. Bu narsa keyinchalik Xitoyda ham joriy etiladi. Ammo Gongkong va Makaoda hali-hanuz chap taraflama harakat amal qiladi.

Yaponiyada chap tomonlama harakat amalda ekanining bir qancha sabablari bor. Jumladan, yapon samuraylari qilichlarini chap tomonlariga taqib yurishgan, otda yurganda bir-birlariga xalaqit bermaslik uchun chap tarafdan harakatlanishgan. Shuningdek, Buyuk Britaniya bilan keng aloqalar ham ta’sir qilgan. 1927 yilda qabul qilingan qonun bilan Yaponiyada chap tomonlama harakat uzil-kesil tasdiqlandi.

Shvetsiya o‘ng qo‘l qoidasini qabul qilib olgan Yevropa qit’asining so‘nggi davlati bo‘lgan. Chunki uning qo‘shnilari shu qoida asosida harakatlanar, bu Shvetsiyaga katta noqulaylik keltirardi. 1967 yil 3 sentabr, soat 4:50 daqiqa o‘tganda barcha ko‘chalarda chap tomonlama harakat to‘xtadi.

Oradan o‘n daqiqa o‘tib, 5:00 dan boshlab yangi qoidalar ishga tushdi va internetda mashhur surat aks etgan holat vujudga keldi (unda yangi qoidaga ko‘nika olmagan mashinalarning o‘zaro to‘qnashib ketgani, ko‘chalarda haqiqiy xaos paydo bo‘lgani tasvirlangan).

Aytib o‘tganimizdek, O‘zbekiston va boshqa MDH davlatlarida o‘ng tomon qoidasi amal qiladi.

Bir vaqtning o‘zida chap va o‘ng tomonlama harakatlanish yo‘llari bor shaharlar ham uchraydi. Rossiyaning Sankt-Peterburg, Ukrainaning Odessa shaharlarida shu holatni uchratish mumkin.

Chap va o‘ng tomonlama harakat masalasi temiryo‘l transportida ham bor. Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Shvetsiyada vagonlar chap tomonlama harakatlanadi. Mashinalar chap tomonlama harakat qiladigan Indoneziyada esa poyezdlar aksincha harakat qiladi.

Ba’zi avtomobillarda (masalan, Britaniya superkarlari Mc Laren F1, Mc Laren Speedtail kabilarda) markaziy haydovchi o‘rindig‘i mavjud.

Yo‘l harakati to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga ko‘ra, biror mamlakatga vaqtincha kirib kelayotgan avtomobil o‘zi ro‘yxatdan o‘tgan davlatning texnik standartlariga mos kelishi kerak.

Chap tomonlama harakat jahonning qariyb 46ta ortiq davlatlarida amal qiladi. Yuqorida aytganimizdek, ular ichida yirik davlatlar ham bor. Bu davlatlarga ish va sayohat yuzasidan borganlar, mazkur qoidaga biroz vaqt ko‘nika olmasliklari kuzatiladi.

Shu sababli bunday kishilarga bir qancha tavsiyalar beriladi, jumladan:

– o‘zingiz borayotgan davlat yo‘l harakati qoidalarini manbalar asosida o‘rganing, asosiy tushunchalarni esda saqlab qoling;

– avvalo kattaroq bo‘sh maydonda yoki harakatsiz yo‘lda mashinani boshqarib ko‘ring;

– yo‘nalishni avvaldan rejalang;

– avtomobillarni harakatga keltiruvchi qismlarga alohida e’tibor bering, ularni ishlatishni mashq qilib ko‘ring;

– Oynalar, chiroqlar va boshqa qismlardan foydalanishda ehtiyotkor bo‘ling, iloji boricha avval o‘zingiz mingan mashina markalarini tanlashga harakat qiling.

Abror Zohidov

Top