19:47 / 22.06.2023
35907

«Chelsi» futbolchilarini Saudiyaga sotmoqda, Gundo‘g‘an Ispaniyaga kelmoqda. So‘nggi transfer xabarlari

So‘nggi kunlardagi asosiy transfer xabarlari.

Foto: ANDREJ ISAKOVIC, KEVIN WINTER/GETTY IMAGES

Kante — «Al-Ittihod»da

N'Golo Kante yaqin vaqtlar ichida Saudiya Arabistoniga yo‘l olishi mumkinligi haqidagi xabarlar bir necha kun oldin tarqala boshlagandi. Endi bu ma’lumot rasman tasdiqlandi — 32 yoshli fransuz «Chelsi»ni erkin agent maqomida tark etdi va yaqinda Karim Benzemani o‘z safiga qo‘shib olgan «Al-Ittihod» bilan shartnoma imzoladi.

Fabritsio Romanoning yozishicha, Kante 2027 yilgacha amal qiladigan shartnoma tuzgan va unga yiliga 25 million yevro miqdorida maosh to‘lanadi. Shuningdek, yarimhimoyachi tijoriy kelishuvlar va imij huquqi realizatsiyasidan ham ulush oladi.

«Chelsi» nima uchun futbolchilarini aynan Saudiya Arabistoniga sotmoqda?

«Chelsi» xo‘jayini Todd Bouli tarkibda ortiqchalik qilib qolgan butun bir futbolchilar guruhidan xalos bo‘lish yo‘lini topdi. Yozgi transferlar doirasida London klubining kamida to‘rt futbolchisi Saudiya Arabistoniga yo‘l olmoqda.

Kante ortidan 30 yoshli havbek Hakim Ziyosh «An-Nasr»ga, 31 yoshli Eduar Mendi «Al-Ahli»ga o‘tishi kutilmoqda. «Chelsi»ning ushbu chempionatga yo‘l oladigan to‘rtinchi futbolchisi Kalidu Kulibali bo‘lishi mumkin. Insayder Fabritsio Romano «Al-Hilol» va «Chelsi» 32 yoshli markaziy himoyachining 30 million yevroga transfer qilinishi bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida yozgan.

«Chelsi»ning Saudiya Arabistoni transfer bozori bilan aloqalari e’tibordan chetda qolmadi. The Telegraph xabariga ko‘ra, Yevropa klublari Saudiya Arabistoniga transferlarni shubha ostiga qo‘yib, «Chelsi» va «Vulverhempton»ga qarshi (ushbu klub «Al-Hilol»ga Ruben Neveshni 47 million funtga pullagan) tekshiruv boshlashni talab qilmoqda. Mavjud versiyaga ko‘ra, «Chelsi» shu orqali moliyaviy feyr-pleyni aylanib o‘tishga harakat qilayotgan bo‘lishi mumkin.

Gap shundaki «Chelsi» xo‘jayini Todda Boulining Clearlake Capital fondi sarmoyadorlaridan biri Saudiya Arabistoni hisoblanadi. Saudiya Arabistoniga ko‘klar jamoasi futbolchilariga talab yuqoriligining asosiy sababi sifatida klub xo‘jayinining ushbu mamlakat vakillari bilan aloqalarga egaligi ko‘rsatilmoqda.

Gundo‘g‘an «Barselona»ga transfer bo‘lish arafasida

Ilkay Gundo‘g‘an «Manchester Siti» bilan shartnomasi tugagach, faoliyatini qayerda davom ettirish borasida bir qarorga kelgan.

Insayder Fabritsio Romano xabar qilishicha, 32 yoshli germaniyalik «Barselona» bilan «2+1» sxemasidagi shartnoma bo‘yicha kelishib olgan. «Barselona» ushbu futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ligadan ruxsat olgan.

Marca ma’lumotiga ko‘ra, Gundo‘g‘an transfer shu haftada rasmiylashtirilishini istamoqda, shundan keyin ta’tilga chiqadi. Futbolchi «Barsa»dan o‘zini ro‘yxatdan o‘tkazilishi bo‘yicha kafolat so‘ragandi. Bunday kafolat bo‘lganidan keyin esa barcha hujjatlarni imzolagan.

Qayd etilishicha, ushbu kelishuv amalga oshishida Xavi jonbozlik ko‘rsatgan, Gundo‘g‘anga «Arsenal» va Saudiya Arabistoni klublaridan qiziqish mavjud bo‘lsa-da, murabbiy uni aynan «Barselona»ga o‘tishga ko‘ndirgan. Qolaversa, «Manchester Siti» ham sardorini saqlab qolishni istagandi.

«Arsenal» Rays transferi bo‘yicha kelisha olmayapti va «Ayaks» himoyachisi uchun harakat qilmoqda

«Arsenal» Angliya chempionatidagi omadsizlik va chempionlik qo‘ldan boy berilgani tufayli yangi mavsum oldidan tarkibni kuchaytirishga harakat qilmoqda. Londonliklar «Chelsi»dan hujumchi Kay Havertsni safiga qo‘shib olishga yaqin, shuningdek «Ayaks»ga himoyachi Yurriyen Timber bo‘yicha taklif yuborgan. «Ayaks» 22 yoshli futbolchisi uchun 55 million yevro ishlab olishni ko‘zlagan, londonliklar esa hozircha 35 million yevro taklif qilishgan. The Athletic ma’lumotiga ko‘ra, agar tomonlar badal puli miqdori bo‘yicha kelisha olishsa, bu transfer amalga oshishi ehtimoli yuqori. Futbolchining o‘zi APLga yo‘l olishni istamoqda.

«Arsenal» shuningdek «Vest Hem» bilan Deklan Rays bo‘yicha qiyin muzokaralar olib borishmoqda — tomonlar Angliya milliy jamoasi tayanch yarimhimoyachisi uchun transfer summasini kelisha olishmayapti.

The Athletic jurnalisti, insayder Devid Ornshteynning aytishicha, «Vest Hem» 20 iyun kuni «Arsenal»ning 90 million funt sterlingdan iborat navbatdagi taklifini ham rad etgan va 100 million funt so‘ramoqda.

«Arsenal» esa avval 75 million funt to‘lab, bonuslar sifatida 15 million funt o‘tkazib berishni ko‘zlagandi. Insayder Fabritsio Romano «Vest Hem»ning pozitsiyasi bo‘yicha izoh bergan — klubdagilar «Arsenal» futbolchining natijalariga qarab va’da qilayotgan bonuslarga erishish oson bo‘lmaydi deb hisoblamoqda va taklif oshirilishini kutmoqda.

Shuningdek, «Vest Hem» «Manchester Siti» tomonidan ham faollik oshishiga umid qilmoqda — klubdagilar Angliya chempionlari va Chempionlar ligasi g‘oliblari shu hafta Raysni barcha tomonlarni qoniqtiradigan summaga sotib olish bo‘yicha taklif yuborishini kutmoqda. «Arsenal»dagilar hozircha o‘z tarixidagi eng qimmatbaho transferga qo‘l olishdan oldin o‘ylanmoqda: oldingi transfer rekordi — 2019 yilda Nikolya Pepe «Renn»dan 72 million funt evaziga sotib olinishi bo‘lgandi.

«Arsenal» ishtirok etayotgan barcha muzokaralardan kelib chiqib (Haverts, Timber, Rays va «Sauthempton»dan Romeo Laviya), londonliklar yozda transferlarga 250 million funtdan ortiq mablag‘ sarflashini kutish mumkin — bu haqda insayder Rayan Teylor xabar qilgan. Aftidan, Mikel Arteta chempionlik sovrini uchun kurashish va olti yil ichida ilk bor qaytilgan Chempionlar ligasida ham munosib ishtirok etish uchun qat’iy bel bog‘lagan.

«Nyukasl» Tonalini nishonga olgan

21 iyun kuni The Athletic nashri «Nyukasl» «Milan» bilan  23 yoshli yarimhimoyachi Sandro Tonalining transferi bo‘yicha muzokaralarga kirishgani haqida xabar berdi.

Ingliz klubining birinchi taklifi miqdori 50 million yevroni tashkil etgan. Calciomercato ma’lumotiga ko‘ra, «Milan» futbolchisi transferini kamida 80 million yevroga baholamoqda va shuning uchun «Nyukasl»ning so‘rovini rad etadi.

Tonali yangi chempionatga o‘tishga qarshi emas: jurnalist Janluka Di Marsio italiyalik yosh yarimhimoyachi yirik shartnoma bo‘yicha taklif olgani va Angliya klubi bilan og‘zaki kelishuvga erishgani to‘g‘risida xabar bergan. Inglizlar klubi sport direktori tovon puli masalasida bir to‘xtamga kelish uchun ayni vaqtda Milanda bo‘lib turibdi.

Agar kelishuv «Milan» shartlari asosida amalga oshadigan bo‘lsa, Tonali klubning tarixdagi eng qimmatbaho sotuviga aylanadi, bu borada rekord shu vaqtgacha Kaka 2009 yilda 67 million yevro evaziga «Real»ga o‘tishi bo‘lib turibdi.

Top