Jahon | 14:23 / 22.06.2023
36800
19 daqiqa o‘qiladi

Hitlerning SSSRga hujumi - Stalin nega nemislar bosqinidan ogohlantirgan sovet razvedkachilariga ishonmagandi?

1941 yil 22 iyun. Natsistlar Germaniyasi SSSRga hujum qiladi. Bu urushda yigirma milliondan oshiq sovet fuqarolari halok bo‘ladi. Ko‘plab shahar va qishloqlar vayronaga aylanadi. Tarixchilarga ko‘ra, agar o‘shanda Stalin sovet razvedkachilarining ogohlantirish xabarlarini e’tiborga olganida va Germaniya tajovuziga durustroq tayyorgarlik ko‘rganida, qurbonlar soni hamda vayronalar kamroq bo‘lardi.

Fotokollaj: Kun.uz

1941 yil 22 iyunda Germaniya SSSRga bostirib kirgach, to‘rt yil davom etgan urushda askarlar bilan qo‘shib hisoblaganda 20 milliondan oshiq sovet fuqarolari halok bo‘ladi. Mamlakatning odam zich yashaydigan va ko‘plab sanoat korxonalari joylashgan g‘arbiy qismi batamom vayron bo‘ladi.

Germaniya SSSRga hujum qilishdan avval chegarada qariyb bir million askar va yuz minglab turli texnikalardan iborat armiya yig‘adi. Bu haqda sovet razvedkachilari Moskvaga xabar jo‘natishadi.

Ular Germaniya SSSRga hujum boshlashi muqarrar ekani haqida ogohlantirishadi. Biroq Stalin boshchiligidagi sovet rahbariyati bunga parvo qilmaydi.

O‘shanda Stalin Hitlerning SSSRga hujum qilmasligiga ishongan va Germaniya tez orada hujum qiladi degan sovet razvedkachilarini hatto sotqinga ham chiqaradi.

Tarixchilarning aksariyati, agar Stalin boshdanoq Germaniyani jiddiy xavf sifatida baholab, urushga tayyorgarlik ko‘rganida 20 million sovet fuqarosi halok bo‘lmas, mamlakat vayronaga aylanmas edi, deyishadi.

1941 yil 22 iyundan oldingi vaziyat

1939 yil 23 avgust kuni Moskvada SSSR va Germaniya o‘rtasida o‘zaro hujum qilmaslik bo‘yicha bitim imzolanadi. Sovetlar ana shu bitim imzolanishida Yevropa xalqlariga xiyonat qilishadi.

Ya’ni Germaniya bilan tuzilgan o‘zaro hujum qilmaslik haqidagi bitimga bir nechta maxfiy bandlar qo‘shishadi. Unda nemislar bilan birga Sharqiy Yevropani o‘zaro taqsimlab olish haqidagi kelishuvlar bor edi.

Chapdan o‘ngga old qator, Ioxim fon Ribbentrop, Stalin va Molotov.
Foto: AP

«Molotov-Ribbentrop pakti» deb atalgan mazkur kelishuv imzolangandan bir hafta o‘tgach 1939 yil 1 sentabr kuni nemislar Polshaga bostirib kirishadi. 17 sentabr kuni Polshaga sharqdan sovet armiyasi hujum qiladi.

Qisqa vaqtda polyak armiyasi tor-mor etiladi va Polsha davlat sifatida tugatilgani ma’lum qilinadi. Shu joyda endi SSSR va Germaniya chegaradosh bo‘lib qolishadi.

Ko‘p o‘tmay nemislar sovet armiyasi bilan birga Chexoslovakiya, Vengriya, Ruminiya kabi davlatlarni ham egallashadi. Bu davlatlarning asosiy qismi nemislarga, sharqiy qismi SSSRga tegadi.

1939 yil 30 noyabr kuni sovet armiyasi navbatdagi o‘lja – Finlandiyaga bostirib kiradi. Nemislar esa bu paytda Yevropa shimoli va g‘arbidagi davlatlarni bosib olayotgandi.

1940 yil mart oyiga kelib SSSR Finlandiyani bosib ololmasligi oydinlashadi va ikki davlat o‘rtasida sulh tuziladi. Shu tariqa, sovet armiyasi juda katta yo‘qotishlar hisobiga finlardan ozgina hudud qo‘shib oladi.

Tarixchilarga ko‘ra avvaliga Germaniyaning SSSRga hujum qilish niyati bo‘lmagan. Biroq aynan sovet-fin urushida sovet armiyasining kamchiliklari oshkor bo‘lgach Hitler SSSRni bosib olishni rejalashtiradi.

Agar xuddi Fransiyadagiga o‘xshab (bu davlatni Hitler bor-yo‘g‘i 40 kunda egallagan) fashistlarga faqat sovet armiyasining o‘zi qarshi chiqqanida Hitler SSSRni qisqa muddatda bosib olardi.

Nemislarga qarshi xalq oyoqqa turdi va avvaliga nemislarning hujumi to‘xtatildi. So‘ng SSSRdan quvib chiqarilib, g‘alaba qozonildi.

Bugun Rossiyadagi aksariyat siyosatchilar, yuqori lavozimli mansabdorlar fashistlar ustidan qozonilgan g‘alabani faqat rus xalqiga nisbat berishadi. Aslida esa o‘sha g‘alabaga barcha birday hissa qo‘shgandi.

1941 yil 22 iyunga qadar nemislar Britaniyadan tashqari Yevropaning barcha qismini egallagan, sovet rahbariyati esa «nemislar bizga hujum qilmaydi» degan xomxayolda yurgandi.

Sovet va nemis zobitlari Polshadagi front chizig‘ida. 1939 yil sentabr.
Foto: Alamy Stock Photo

Behuda ketgan ogohlantirishlar

Hitler Germaniya armiyasining ilg‘or kuchlarini SSSR bilan chegarada to‘plar ekan, ana shu paytda sovet razvedkachilari Moskvani nemislar tez orada SSSRga hujum qilishi haqida ogohlantira boshlashadi.

Moskvaga nemislarning hujumi haqida ma’lumot jo‘natganlardan biri Rixard Zorge edi. Bu shaxs Bokuda tug‘ilgan bo‘lib, otasi nemis, onasi rus bo‘lgan. Uning laqabi «Ramsay» edi.

1929 yildan boshlab SSSR Mudofaa vazirligi tarkibidagi razvedka bosh boshqarmasida ish boshlagan Zorgeni 1930 yilda Yaponiyaga jo‘natishadi.

Millati nemis bo‘lgan Zorge Yaponiyada Germaniya fuqarosi sifatida yashaydi. Hech kim uning SSSR fuqarosiligini va sovet razvedkachisi ekanini bilmaydi.

Zorge Germaniyaning Yaponiyadagi elchisi Oygen Ott va boshqa xodimlar, shuningdek, Tokioda bo‘lib turgan turli nemis zobitlari bilan yaqin aloqada bo‘ladi. Ulardan bilib olgan turli ma’lumotlarni Moskvaga yuborib turadi.

Rixard Zorge
Foto:  godliteratury.ru

Gap nemislarning SSSRga bostirib kirishi haqida ketar ekan, tarixda «Zorge telegrammalari» nomi bilan atalgan xabarlar juda mashhur. Unga ko‘ra Zorge 1940 yildan boshlab Moskvadagilarni Germaniyaning SSSRga hujum qilishi haqida ogohlantira boshlaydi.

«Germaniyadan Yaponiyaga kelayotgan har bir nemis zobiti Germaniyaning SSSR siyosatiga ta’sir o‘tkazish uchun sharqiy chegarada 80ga yaqin diviziyasi borligini aytmoqda. Agar SSSR Boltiqbo‘yi respublikalarida bo‘lgani kabi Germaniya manfaatlariga qarshi ishlarni qila boshlasa, nemislar Xarkov-Leningrad-Moskva liniyasi bo‘ylab hujum qilib, ulkan hududni egallab olishlari mumkin», deydi Zorge 1940 yil 28 dekabrda Tokiodan Moskvaga yuborgan xabarida.

Ertasi kuni, 29 dekabrda Moskvaga Berlindagi Sovet elchixonasidan ham «Hitler SSSRga qarshi urushga tayyorgarlik ko‘rish buyrug‘ini bergan» degan radioxabar keladi.

Bu 1940 yilda Germaniyaning SSSRga rejalashtirilgan hujumi haqidagi ilk ogohlantirish xabarlari edi. Tez orada bunday xabarlardan yana o‘nlab olinadi.

Zorge 1941 yil 2 may kuni Moskvaga yuborgan navbatdagi xabarida shunday deydi:

«Oygen Ott menga Gitler SSSRni mag‘lub etishga qaror qilganini aytdi. SSSR bilan urush boshlash to‘g‘risida qaror Hitler tomonidan may oyida yoki Angliya bilan urushdan keyin qabul qilinadi».

19 may kuni Zorgedan qo‘yidagi telegramma keladi:

«Berlindan Tokioga kelgan nemis zobitlari Germaniya va SSSR o‘rtasidagi urush may oyining oxirida boshlanishi mumkinligini aytishmoqda. Ular o‘shangacha Berlinga qaytish haqida buyruq olishgan. May oyi tugamoqda. Biroq hujum boshlanmadi. Demak xavf tugadimi? Yo‘q».

30 may kuni Zorge urush boshlanishi muddati biroz kechga surilganini ma’lum qiladi:

«Berlin Ottga Germaniya SSSRga iyun oyining ikkinchi yarmida hujum boshlashi haqida xabar berdi. Ott urush boshlanishiga 95 foiz ishonch hosil qilmoqda».

SSSRga hujum qilayotgan nemis askarlari BMW mototsikllarida
Foto: ebay.de

U 1941 yil 30 may kuni Moskvaga telegramma jo‘natib nemislarning tez kunlarda hujum boshlashi haqida sovet rahbariyatini ogohlantiradi:

«SSSRga keng front bo‘ylab hujum 15 iyun kuni tong paytida bo‘lishi kutilmoqda».

Nemislar 15 iyunda hujum qilishmaydi. Moskvada unga nisbatan ishonchsizlik paydo bo‘ladi. Shunda Zorge urush iyun oyining uchinchi o‘n kunligida boshlanishiga ishonchi komil ekanini aytadi.

1941 yil 17 iyun kuni Zorge «Germaniya SSSR bilan chegarada birinchi qatorning o‘zida 900 ming askarga ega. Ularning ortida esa yana bir million harbiy zaxirada turibdi» deb telegramma jo‘natadi.

Keyinchalik Zorge haq bo‘lib chiqadi. Nemislar u avvalroq aytgan sana 15 iyunda emas, oradan yana bir hafta o‘tkazib 22 iyunda hujum boshlashadi.

Keyinchalik, uning Yaponiya SSSRga hujum qilmasligi haqidagi ma’lumotlariga asoslanib Uzoq Sharqdagi qo‘shinlarning bir qismi Moskva himoyasi uchun olib kelinadi va poytaxt saqlab qolinadi.

Stalin nega sovet razvedkachilariga ishonmagan?

1. Razvedkachilarning noto‘g‘ri ma’lumotlari tufayli. Xrushchevning eslashicha, Stalin sovet razvedkachilarining birontasiga ishonmagan. Ularni yolg‘on ma’lumot tarqatuvchi buzg‘unchilar deb atagan.

Stalin razvedkachilarni nafaqat yolg‘onchilar deb ataydi. Hatto ulardan bir necha nafarini xalq dushmani deb e’lon qilishni buyurgani haqida gaplar yuradi.

Xususan, Vadim Kojyevnikov o‘zining «Qilich va Qalqon» romanida shunday ishlar bo‘lganini eslab ketgan.

Sovet razvedkachilari Moskvadagilarni Germaniyaning SSSRga hujumi haqida ogohlantirar ekan ular yuborayotgan xabarlarning bir qismi noto‘g‘ri bo‘lib chiqadi.

Masalan, Rixard Zorge o‘zining ilk xabarlarida nemislarning SSSRga bahorda hujum qilishini aytadi. Biroq hujum bo‘lmaydi. Keyinroq u aniq sanani aytib nemislar 15 iyun kuni hujum boshlashini yozib yuboradi. Bu ham sodir bo‘lmaydi.

Urush boshlangandan so‘ng 1941 yil 14 sentabr kuni Zorgedan kelgan xabarda shunday deyilgandi:

«Pauda (Tokiodagi Germaniya dengiz attashesi) menga Germaniyaning navbatdagi yirik hujumi Dnepr daryosi orqali Kavkaz yo‘nalishida bo‘lishiga ishonchi komil ekanligini aytdi. Paudaning fikricha, nemislarda yoqilg‘i ta’minotida muammolar bor. Ular tez orada neft olishmasa o‘z vaziyatlarini og‘irlashtirishadi va mag‘lubiyatga ham uchrashlari mumkin. Shu uchun Leningrad va Moskva yaqinidagi janglar susaytirilib, asosiy hujum Kavkazga bo‘lishi kerak».

Oradan ikki hafta o‘tgach bu ma’lumotlar ham noto‘g‘ri bo‘lib chiqadi. 1941 yil 30 sentabr kuni nemislar o‘zlarining to‘rtta tank guruhidan uchtasini Kavkazga emas, aksincha Moskva yo‘nalishiga tashlab «Tayfun» operatsiyasini boshlashadi. Oqibatda himoya yorib o‘tiladi va nemislar Moskva ostonasiga yetib kelishadi.

Rixard Zorge Yaponiyada
Foto: alamy.com

Nemislar SSSRga bostirib kirgan paytda sovetlar uchun yana bir katta tahlika – Yaponiya bor edi. Agar o‘shanda yaponlar sharqdan hujum boshlasa sovet armiyasi hatto xalqning yordamida ham ikkita frontga dosh bera olmas va qisqa vaqtda mag‘lubiyatga uchrardi.

Vaziyat biroz noaniq va tahlikali, Yaponiya armiyasi istalgan vaqtda hujum boshlashi mumkin edi. Shu vaqtda Rixard Zorge yana bosh «plan»ga chiqadi. U Yaponiya SSSRga hujum qiladimi-yo‘qmi, bu haqda aniq ma’lumotlar yuborishi lozim edi.

1941 yil 3 iyul kuni Zorge yaponlar SSSRga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabar beradi:

«Yaponiyaliklarning ilk hujumi Vladivostok, Xabarovsk va Saxalinga bo‘ladi. So‘ng Saxalindan Primore qirg‘og‘iga o‘tishadi».

30 iyulga borib Zorge Yaponlar SSSRga bostirib kirishga tayyorligini, ular nemislar sovetlar ustidan g‘alaba qozongan zahoti hujum boshlashlarini ma’lum qiladi.

1941 yil 11 avgust kuni Moskvadagilar undan shunday xabar olishadi:

«Sizdan ehtiyotkorlik bilan hushyor bo‘lishingizni so‘rayman, chunki yaponlar hujumni avgust oyining birinchi va oxirgi haftasi oralig‘ida hech qanday e’lon qilmasdan boshlaydi».

Biroq bu ishlar sodir bo‘lmaydi va Zorgening ma’lumotlari yana noto‘g‘ri bo‘lib chiqadi.

Nihoyat, 1941 yil 14 sentabrda Zorge Yaponiya hukumati SSSRga qarshi chiqmaslikka qaror qilganini, ammo yaponlar keyingi yil bahorda hujum qilishi ehtimoli saqlanib qolaverishini ma’lum qiladi.

Zorgening har uchta xabaridan ikkitasida aytilgan ishlar sodir bo‘lmas ekan, Moskvada uni ikki tomonlama josus degan gumonga borishadi. Biroq sovetlarda uning nemislar foydasiga ishlagani haqida aniq ma’lumotlar yo‘q edi.

2021 yilda Rossiya tashqi razvedka xizmati direktori Sergey Narishkin urush arafasida sodir bo‘lgan hodisalar yozilgan ba’zi arxiv materiallarini oshkor qiladi.

Rossiya tashqi razvedka xizmati direktori Sergey Narishkin
Foto: ura.news

Unga ko‘ra, 1941 yil 17 iyun kuni Stalin vaziyatni muhokama qilish uchun huzuriga SSSR davlat xavfsizlik xalq komissari Vsevolod Merkulov va tashqi razvedka bo‘limi boshlig‘i Pavel Fitinni chaqiradi.

Shu yerda ular Berlindan «Starshina» laqabli razvedkachidan kelgan ma’lumotni oshkor qilishadi. («Starshina» Germaniya aviatsiya vazirligi xodimi Xarro Shulse-Boyzen bo‘lib, uni 1942 yilda nemislar otib tashlashgan) Unga ko‘ra yaqin kunlar ichida Germaniya SSSRga hujum boshlaydi. Stalin bu xabarni yolg‘on ma’lumot deb ataydi va Merkulov va Fitinni kabinetidan quvib chiqaradi.

Rossiyalik tarixchilar, Zorge va boshqa razvedkachilar yuborgan ma’lumotlar noto‘g‘ri bo‘lib chiqar ekan, Stalinning ularga ishonmaslikka haqqi bor edi deyishadi.

2. Nemislarning yolg‘on targ‘ibotlari. Stalinning sovet razvedkachilariga ishonmasligiga nemislarning tinimsiz yolg‘on ma’lumotlar tarqatishlari ham qisman sabab bo‘ladi.

Nemislar «Barbarossa» (fashistlar Germaniyasining SSSRga bostirib kirish rejasining shartli nomi) rejasi bo‘ylab tayyorgarlik ko‘rar ekan, buni yashirishning iloji yo‘q edi.

Shu sababli ular bir tomondan SSSR bilan chegarada qo‘shin to‘playdi. Ikkinchi tomondan sovetlarni chalg‘itish uchun keng miqyosda dezinformatsiya kampaniyasini boshlab yuboradi.

Ular ommaviy chiqishlarda bot-bot SSSRga hujum qilmasliklarini aytishadi va qandaydir ma’noda Stalin boshchiligidagi sovet rahbariyatini yolg‘on ma’lumotlariga ishontira olishadi.

1941 yil 14 iyun kuni SSSRdagi barcha gazetalar TASS axborotini tarqatadi. Unda shunday deyilgandi:

«So‘nggi paytlarda Germaniyaning SSSRga bostirib kirishi va ikki davlat o‘rtasida urush sodir bo‘lishi haqida turli yolg‘on xabarlar tarqatilmoqda. SSSR va Germaniya o‘rtasida hududiy, siyosiy va iqtisodiy da’volar mutlaqo yo‘q. Har ikki tomon o‘zaro hujum qilmaslik haqidagi va boshqa kelishuvlarga og‘ishmay amal qilmoqda. Sovet hukumati bunday xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qiladi».

Biroq ikkinchi tomondan nemislar SSSR bilan chegaraga juda ko‘p miqdorda o‘z harbiylarini joylashtirishar ekan, Germaniyaning SSSRga bostirib kirishiga ishonmaslik ham ahmoqlik bo‘lardi.

3. Stalinning yon atrofidagilar. O‘sha paytda ular Stalinni Hitler hech qachon SSSRga hujum qilmasligiga ishontirishgan. Bunda o‘sha paytda Tashqi ishlar xalq komissari bo‘lgan Molotovning juda katta hissasi bo‘lgan.

Molotov Germaniya bilan tuzilgan bitimga javobgar edi. U agar nemislar ahdida turmasa Moskvada o‘zini otib tashlashlari ham mumkinligini bilardi.

Shu uchun Molotov bir tomondan nemislar bilan doimiy aloqada bo‘lib turadi, ikkinchi tomondan urush boshlanguncha Stalinga «hammasi joyida ekanligi to‘g‘risida» hisobotlar olib kirib turadi.

Stalin va Molotov
Foto: newyorker.com

Jumladan, Molotov-Ribbentrop pakti imzolangandan sana 1939 yil 23 avgustdan 1941 yil 22 iyungacha orada o‘tgan qariyb ikki yil davomida Molotov Berlinga bir necha marta boradi. U yuqori lavozimli sovet rahbarlari orasida Hitler bilan uchrashgan yagona shaxs hisoblanadi.

1940 yil noyabr oyida Molotov sovet delegatsiyasiga bosh bo‘lib Berlinga boradi. Uch kun davom etgan muzokaralarda nemislardan SSSRga hujum qilmaslik haqida aniq gap ololmaydi. Biroq Stalinga «hammasi joyida» qabilida hisobotlar olib kirishda davom etadi.

1941 yil 6 may kuni Stalin Molotovni tashqi ishlar xalq komissari lavozimidan bo‘shatadi. 1941 yil 22 iyun kuni tong soat 3:00 da Germaniyaning SSSRdagi elchisi Fridrix-Vulen Shulenburg Molotovning qo‘liga Germaniya Sovet ittifoqiga hujum boshlagani haqida ma’lumotnomani tutqazadi.

O‘sha paytda o‘zining o‘limga hukm qilinishi mumkinligini o‘ylagan Molotov nemis elchisiga «Nega?» deya oladi xolos. Stalin Molotovga rahm qiladi. Biroq shundan keyin uning darajasi tushib boraveradi va Beriya «dohiy»ning «o‘ng qo‘li»ga aylanadi.

Zorgening qatl etilishi

Sovetlarni urush xavfidan ogohlantirgan Rixard Zorgening hayoti ayanchli tugaydi. 1941 yil kuzda Yaponiya xavfsizlik kuchlari Zorge yuborayotgan radiogrammalar orqali uning ortidan tushishadi.

Yaponlar Zorge yuborayotgan radiogrammalarni ilk marta 1937 yilda tutishgan, biroq ularni aynan u jo‘natayotganini bilishmagan. 1941 yil oktyabrda radiogrammalarni kim yuborayotgani aniqlanadi.

Oxir-oqibat 1941 yil 18 oktyabr kuni Zorge va uning 24 nafar agentdan iborat guruhi qo‘lga olinadi. Agentlar va Zorge yashayotgan uylar tintuv qilinganda juda ko‘p maxfiy hujjatlar topiladi.

1943 yil 29 sentabr kuni o‘tkazilgan sud majlisida Zorge o‘lim jazosiga hukm qilinadi. Zorge appelyatsiya beradi. Biroq 1944 yil 20 yanvarda o‘tkazilgan sudda uning appelyatsiyasi rad etiladi. Ko‘p o‘tmay hukm ijro etiladi va Zorge osib o‘ldiriladi.

Rixard Zorgening Yaponiyadagi qabri
Foto: www.kommersant.ru

Keyinchalik sovet razvedkachilaridan biri Leorold Trapper o‘sha paytda yaponlar sovetlarga Zorgeni Moskvada hibsda saqlangan yapon generallaridan biriga almashish taklifini berishganini, biroq Stalin bunga ko‘nmaganini aytgandi.

Kommunistik tuzum uchun jonbozlik ko‘rsatib ishlaganlarning birontasiga rahm-shafqat qilmagan sovet tuzumi Rixard Zorgega ham vafo qilmaydi.

Moskvadagilar 20 yildan oshiqroq vaqt mobaynida Rixard Zorge sovet josusi bo‘lganini inkor qilib kelishadi. Faqat 1964 yilda Xrushchyov hokimiyatdan chetlashtirilishidan biroz avval unga sovet ittifoqi qahramoni unvonini beradi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid