22:43 / 22.06.2023
22238

«Titan» suvosti kemasini qidirish zonasida noma’lum bo‘laklar topildi 

Mutaxassislar ushbu bo‘laklar qanday kemaga tegishli ekanini aniqlamoqda.

Foto: Anadolu Agency/Getty Images

G‘arq bo‘lgan «Titanik» kemasi tomon yo‘l olgan «Titan» suvosti kemasini qidirish zonasida qandaydir bo‘laklar topildi. Bu haqda AQSh Qirg‘oq qo‘riqlash xizmati xabar berdi. Hozircha bo‘laklarning qanday kemaga tegishli ekani ma’lum emas. 

Sky News xabariga ko‘ra, bo‘laklarni Fransiyaning dengiz chuqurlik roboti Victor 6000 topgan. Hozirda mutaxassislar bo‘laklarni o‘rganmoqda. 

«Titan» suvosti kemasi 19 iyun kuni Atlantika okeanida 3,8 kilometr chuqurlikda yotgan «Titanik» kemasi qoldiqlari tomon sho‘ng‘ishni boshlanganidan 1 soat 45 daqiqa o‘tib g‘oyib bo‘ldi. suvosti kemasi bortida besh kishi, jumladan britaniyalik milliarder Hemish Harding bo‘lgan. Ular «Titanik» tomon sayohat qilish uchun 250 ming dollarga chipta sotib olgan. 

suvosti kemasini qidirishda AQSh va Kanada qirg‘oq xizmatlari, shuningdek, xususiy kemalar ishtirok etmoqda. NBC News ma’lumotlariga ko‘ra, «Titan»dagi kislorod zaxirasi 96 soatga yetadi xolos. AQSh Qirg‘oq qo‘riqlash xizmati hisob-kitobiga ko‘ra, kislorod zaxirasi 22 iyun kuni Sharqiy qirg‘oq vaqti bilan soat 7:10 da (Toshkent vaqti bilan 16:10) da tugashi mumkin. 

Avvalroq, AQSh Qirg‘oq qo‘riqlash xizmati okean tubidan qandaydir tovushlar chiqayotgani, bu suvosti kemasidagilarning signali bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergan edi. Biroq, keyinchalik, bu okeanga xos tabiiy shovqin ekani aytildi.

Mavzuga oid
Top