07:34 / 23.06.2023
38013

"Titan" batiskafi ekipaji a’zolari halok bo‘lgan - operator-kompaniya

OceanGate o‘zining "Titanik" cho‘kib ketgan joyga tushish vaqtida g‘oyib bo‘lgan suvosti kemasi yo‘lovchilarini halok bo‘lgan deb hisoblayapti.

Foto: AP

OceanGate kompaniyasi 19 iyun kuni Atlantika okeanida “Titanik” cho‘kib ketgan joyga tushish chog‘ida g‘oyib bo‘lgan “Titan” suvosti kemasining besh nafar yo‘lovchisini halok bo‘lgan deb hisoblamoqda. OceanGate'ning tegishli bayonoti 22 iyun, payshanba kuni CNN media-kompaniyasi tomonidan tarqatildi. "Bizning yuragimiz mana shu fojiali vaqtda besh ruh va ularning har bir oila a’zosi bilan. Biz hayotdan ko‘z yumganlar va biz bilgan har bir insonga ular olib kelgan quvonchni xotirada saqlab qolamiz", - deyiladi bayonotda.

Avvalroq CNN telekanali "Titan"ning tashqi korpusi bo‘lgan qoldiqlar batiskaf yo‘qolgan joy yaqinida topilganini xabar qilgan edi.

"Titan"da bo‘lgan besh kishi halok bo‘lganini AQSh qirg‘oqni qo‘riqlash xizmati tasdiqlab, ularning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi. Uning versiyasiga ko‘ra, batiskafda portlash sodir bo‘lgan - ichkariga yo‘naltirilgan portlash. Bu nima sababdan va qachon sodir bo‘lgani hozircha noma’lum.

"Titan" bortida britaniyalik tadbirkor Hamish Xarding, pokistonlik tadbirkor Shahzoda Dovud va uning 19 yoshli o‘g‘li, OceanGate bosh direktori va asoschisi Stokton Rash hamda fransuz tadqiqotchisi Pol-Anri Narjolet bo‘lgan.

The New York Times gazetasi Stokton Rashning rafiqasi Vendi Rash 1912 yilda "Titanik" bortida halok bo‘lgan Isidor Shtraus va uning rafiqasi Idaning nevarasi ekanini ma’lum qildi. Ularning hayoti Jyeyms Kemeronning "Titanik" filmida mashhur sahna olinishiga turtki bergan: halokat paytidagi keksa er-xotin Shtrauslar birinchi klass yo‘lovchilari edi. Ular qutqaruv qayig‘iga chiqishdan bosh tortgan, chunki bortda hali ayollar va bolalar bo‘lgan.

Mavzu
Titanning sirli halokati
Bir asrdan oshiq vaqt muqaddam ummonga g‘arq bo‘lgan afsonaviy «Titanik» kemasining 3800 metr tublikdagi qoldiqlariga sayohat uchun yo‘lga chiqqan «Titan» batiskafi halokatga uchradi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top