20:47 / 26.06.2023
15320

“Huquqlarni cheklayotgan” normalarni bekor qilish yuzasidan Oliy Majlisga murojaat yo‘llandi

Bir guruh jamoatchilik faollari bu haqdagi takliflar bitilgan murojaatni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va boshqa vakolatli idoralarga taqdim etgan.

Foto: Kun.uz

Murojaatda asosiy e’tibor “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunining 10-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 apreldagi 180-son “Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish hamda dinshunoslik ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori fuqarolarning Konstitutsiya bilan mustahkamlab qo‘yilgan fikrlash, so‘z, axborot va e’tiqod erkinliklarini cheklayotganiga e’tibor qaratilgan.

Mazkur hujjatlarga asosan, O‘zbekiston hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshiriladi. Bundan maqsad “jamiyatda konfessiyalararo totuvlik hamda diniy bag‘rikenglik buzilishiga olib keladigan, diniy zo‘ravonlik va boshboshdoqlikka chorlaydigan g‘oyalar hamda qarashlar tarqalishining oldini olish” ekani ko‘rsatilgan.

Jamoaviy murojaat Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga, Konstitutsiyaviy sudga, Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili – Ombudsmanga hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga yuborildi. Yuqoridagi barcha tashkilotlar onlayn murojaatni rasman ko‘rib chiqish uchun qabul qilgan.

Murojaat mualliflariga ko‘ra, ayni vaqtda minglab fuqarolar bu taklifni qo‘llab-quvvatlab, uni onlayn imzolagan.

Top