20:20 / 26.06.2023
27912

Osimhenga APL klublari qiziqmoqda, Gvardiol «Siti»ga o‘tishga yaqin. So‘nggi transfer xabarlari

So‘nggi kunlardagi transfer xabarlari va mish-mishlar.

Gvardiol tarixdagi eng qimmatbaho himoyachiga aylanishi mumkin

«Manchester Siti» yozda katta xarid amalga oshirishga tayyorlanmoqda — Sky Sport Deutschland ingliz klubi «RB Leypsig» himoyachisi Yoshko Gvardiol bo‘yicha taklif yuborganini xabar qildi. Gap 90 million yevro miqdoridagi tovon pulini to‘lash, shuningdek bonuslar haqida bormoqda.

Transfermarkt Gvardiolning transfer qiymatini 75 million yevroga baholagan, ammo bahorda nemis nashrlari «RB Leypsig» o‘z yetakchi futbolchisini 100 million yevrodan kamiga sotmasligi haqida xabar tarqatdi. Aftidan, «Manchester Siti» bunday xarajatga tayyor.

Agar bu transfer amalga oshsa, 21 yoshli xorvatiyalik futbolchi eng qimmatbaho himoyachiga aylanishi mumkin. Hozircha rekord 2019 yilda 87 million yevro evaziga «Lester»dan «Manchester Yunayted»ga o‘tgan Harri Maguayrga tegishli.

Insayder Fabritsio Romanoga ko‘ra, Angliya klubi Gvardiol bilan shaxsiy shartnoma bo‘yicha kelishib olgan. Jamoa bosh murabbiyi Xosep Gvardiola ushbu transferga shaxsan qiziqmoqd.

Osimhen «Chelsi» va «Tottenhem» nigohida

Italiya chempionatining eng yaxshi to‘purari Viktor Osimhen yozda «Napoli»ni tark etib, Angliyaga ko‘chib o‘tishi mumkin.

Sky SportItalia ma’lumotiga ko‘ra, 24 yoshli hujumchiga «Tottenhem» qiziqmoqda, bu jamoa o‘z hujumchisi Harri Keynni sotadigan bo‘lsa, markaziy forvardga katta ehtiyoj sezadi.

Shuningdek, hujum chizig‘ini kuchaytirishni ko‘zlagan «Chelsi» ham neapolitanliklarga taklif yuborishi kutilmoqda. Manba ma’lumotiga ko‘ra, «Manchester Yunayted» va «PSJ» Osimhen atrofidagi voqealarni kuzatib boradi.

Iyun oyida «Napoli» hujumchi bilan shartnomani yangilashga harakat qilgandi, ammo maosh borasida kelishuvga erisha olmadi. Futbolchi yangi shartnomani imzolashdan bosh tortgan, amaldagi shartnoma muddati esa 2025 yilda tugaydi. Sky Sport ma’lumotiga ko‘ra, «Napoli» prezidenti Aurelio De Laurentis Osimhenning agentiga, uning transferi uchun 150 million yevrodan ortiq mablag‘ talab qilishini aytgan.

«Arsenal» «Ayaks» himoyachisini transfer qilmoqchi

Londonning «Arsenal» klubi yangi mavsum arafasida Kay Havers va Deklan Raysdan tashqari «Ayaks»ning 22 yoshli markaziy himoyachisi Yurriyen Timber transferi bo‘yicha ham muzokaralar olib bormoqda.

De Telegraaf nashri ma’lumotiga ko‘ra, «Arsenal» ushbu futbolchi bilan 2028 yilga qadar amal qiluvchi shartnoma bo‘yicha kelishib olgan.

«Arsenal» endilikda «Ayaks» bilan tovon puli masalasida bir to‘xtamga kelishi qolgan: gap 40-45 million yevro miqdoridagi to‘lov haqida bormoqda. Angliya klubining Timberu bo‘yicha birinchi taklifi 30 million yevro bo‘lgan, ammo «Ayaks» unga rad javobini qaytargandi.

«Manchester Siti» Kanseluni Hakimiga almashmoqchi

Yozgi transferlar oynasi vaqtida «Manchester Siti» ikki nafar qanot himoyachisi bilan xayrlashishi mumkin: Kayl Uoker «Bavariya»ga transfer bo‘lishga yaqin, so‘nggi yarim yilni myunxenliklar klubida ijara asosida o‘tkazgan Joau Kanselu esa Gvardiola bilan ziddiyati tufayli klubda qolishi dargumon.

Marca ma’lumotiga ko‘ra, «Manchester Siti» o‘ng qanot himoyasini «PSJ»ning marokashlik himoyachisi Ashraf Hakimi bilan kuchaytirmoqchi. 24 yoshli himoyachi nomzodini o‘rganishni shaxsan Gvardiola so‘ragan.

Nashrning qayd etishicha, «Man Siti» Hakimi uchun shartnomasida ko‘rsatilgan tovon pulidan ko‘prog‘ini berishga ham tayyor — Transfermarkt futbolchini 70 million yevroga baholagan.

Iyun oyi boshida RMC Sport nashri agar futbolchining o‘zi shuni xohlasa, «PSJ» uni boshqa klubga qo‘yib yuborishga qarshi bo‘lmasligi haqida xabar bergandi. Mish-mishlarga ko‘ra, futbolchi so‘nggi vaqtlarda o‘zini Parijda yaxshi his qilmayapti va jamoasini o‘zgartirishni istamoqda.

Keyn «Bavariya»ga o‘tishi mumkin

Germaniyaning Bild nashri «Bavariya» «Tottenhem»ning 29 yoshli hujumchisi Harri Keynga qiziqish bildirmoqda. Manbaning qayd etishicha, transfer «har doimgidan ko‘ra dolzarbroq».

«Bavariya» allaqachon futbolchining vakillari bilan transfer borasida aloqaga chiqqan. Keynning shartnomasi muddati keyingi yil yozida yakuniga yetadi va «Tottenhem» uni hozir sotish orqali 100 million funt ishlab olishni ko‘zlagan.

Futbolchiga avvalroq «Manchester Yunayted» qiziqish bildirgan, klub angliyalik hujumchini safiga qo‘shib olish uchun 80 million funt to‘lashga tayyorligi aytilgan. Bu yozda Keynning nomi «PSJ», «Chelsi» va «Real» klublari bilan ham bog‘lanmoqda.

«MYu»ning Maunt bo‘yicha so‘nggi taklifi ham rad etildi

«Chelsi» «Manchester Yunayted»ning yarimhimoyachi Meyson Maunt bo‘yicha navbatdagi taklifini ham rad etdi. Bungacha «Chelsi» «MYu»ning 40 million va 45+5 million funtlik takliflarini rad etgandi. 

Fabritsio Romano xabariga ko‘ra, mankunianliklarning uchinchi taklifi 50+5 million funtdan iborat bo‘lgan va bu taklifga ham rad javobi berilgan. London klub bonuslar hisobiga 64 million funt (57+7) olishni istagan. 

The Times xabariga ko‘ra, «Manchester Yunayted» endilikda e’tiborini «Brayton» yarimhimoyachisi Moyses Kaysedoga qaratdi. O‘z navbatida, ekvadorlik futbolchiga «Chelsi» ham da’vogar.

Mauntning London klubi bilan shartnomasi muddati bir yildan keyin tugaydi. Ayni vaqtda «Bavariya» ushbu futbolchi uchun asosiy da’vogarga aylandi.

«Milan» Lukakuni sotib olishi mumkin

La Gazzetta dello Sport ma’lumotiga ko‘ra, «Milan» Romelu Lukaku transferi borasida «Chelsi» bilan bog‘langan. 30 yoshli belgiyalik milanliklar klubiga 40 million yevroga tushishi mumkin — London klubi ushbu forvard transferini shu narxga baholagan.

O‘tgan mavsumda ijara asosida «Inter»da o‘ynagan Lukakuda «Al-Hilol» klubida ham taklif bor — Saudiya Arabistoni klubi belgiyalikka yiliga 30 million yevro miqdorida maosh to‘lashga tayyor, ammo futbolchini bu variant qiziqtirmayapti. Romeluning o‘zi «Inter»da qolishni istamoqda, ammo qora-ko‘klar «Chelsi» talab qilayotgan tovon pulini to‘lashga tayyor emas va uni faqat ijaraga olishi mumkin.

«Chelsi» «Vilyarreal» forvardi bilan shartnoma imzolaydi

Germaniyalik hujumkor yarimhimoyachisi Kay Havertsni «Arsenal»ga sotayotgan «Chelsi» hujum chizig‘ini kuchaytirmoqchi va «Vilyarreal» forvardi Nikolas Jyeksonning transferini amalda hal qildi.

Insayder Fabritsio Romano xabar qilishicha, londonliklar klubi 21 yoshli hujumchini 35 million yevroga sotib olmoqda. Uning ispan klubi bilan shartnomasida aynan shuncha miqdorda tovon puli ko‘rsatilgan. Jyeksonning o‘zi ham faoliyatini Angliyada davom ettirishni istamoqda. U bilan besh yillik shartnoma tuziladi.

May oyida senegallik futbolchi Ispaniya chempionatida oyning eng yaxshi futbolchisi deb topilgandi — u besh gol urib, ikki assistni amalga oshirgandi. Forvard chempionatda jami 26 o‘yinda maydonga tushib, 12 gol urgan.

«Inter» Aspilikueta va Tyuram bilan shartnoma imzolashi mumkin

Chempionlar ligasi finalida o‘ynagan Milan klubi tarkibni kuchaytirmoqchi. La Gazzetta dello Sport xabariga ko‘ra, «Inter» «Borussiya» M bilan 25 yoshli hujumchi Markus Tyuram transferi borasida kelishib olgan — tomonlar shartnoma imzolashi qolgan. Fransuz futbolchisi uchun kurashda neradzurri «PSJ», «Milan» va «Leypsig» klublarini ortda qoldirdi.

Shuningdek, yaqin vaqtlar ichida Sesar Aspilikueta transferi e’lon qilinishi kutilmoqda. Insayder Fabritsio Romanoning xabariga ko‘ra, ispaniyalik tajribali futbolchi «Chelsi» bilan 2024 yil yozida tugaydigan shartnomasini muddatidan oldin bekor qilgan va «Inter» bilan ikki yillik shartnoma tuzadigan bo‘lgan.

Top