08:27 / 29.06.2023
5583

Saudiya Arabistoni O‘zbekistonda «yashil» vodorod sohasida loyihalarni amalga oshirishi mumkin

O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish va yangi tashabbuslarni ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlikni yanada faollashtirishni kelishib oldi.

Foto: nova24

O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih bilan videokonferensiya tarzida muzokara o‘tkazdi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Energetika, kimyo sanoati, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, infratuzilmaviy rivojlanish va turizm sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning bugungi holati va istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Suhbat chog‘ida mamlakatda «yashil» vodorodni rivojlantirish sohasidagi istiqbolli loyihalarga alohida e’tibor qaratildi.

Muzokaralar yakunida investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish va yangi tashabbuslarni ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlikni yanada faollashtirishga kelishildi.

Top