14:06 / 30.06.2023
19062

AQShda 2,5 mln dollarlik uy va katta boylik mushuklarga meros qilib qoldirildi

Floridalik ayol o‘limidan oldin dang‘illama uyi va katta merosini o‘zining 7 ta mushugiga vasiyat qilib qoldirgani ma’lum bo‘ldi.

Foto:  Nensi Sauerning uyi

AQShning Florida shtati Tampa shahrida yashagan ishbilarmon ayol Nensi Sauer o‘limidan oldin (2022 yil noyabr oyida, 84 yoshida vafot etgan) 2,5 mln dollarga baholangan turar joyi va katta miqdordagi boyligini o‘zining 7 ta fors mushuklariga meros qilib qoldirgan.

Vasiyatnomada Kleopatra, Oltin panja (Goldfinger), Leo, Midnight, Napaleon, Qorli koptokcha (Snowball) hamda Squeaky (chiyillagan) laqabli mushuklar Nensining qarorgohida qolishi kerakligi, ularning ajralishi hayvonlarga nojo‘ya ta’sir qilishi haqida yoziladi.

"Kelishuvga ko‘ra, mushuklar vafot etmaguncha uy sotilmasligi kerak. (Nensi) Ularni juda yaxshi ko‘rar edi",— deydi Sauer xonimning yaqin do‘sti Yana Alban.

Nensi Sauer mushukchalarning oziqlanishi uchun ham katta miqdorda mablag‘ qoldirgan. Ammo uning miqdori aniq emas.

"Mushuklarni ovqatlantirish, tibbiy ko‘riklari, ularni parvarishlashdagi boshqa xarajatlar uchun yetarlicha mablag‘ qoldirilgan. Mushuklar endi 5 yoshga to‘ldi, ular hali yosh.

Xillsboro okrugi sudyasi mushuklarni yaxshiroq parvarishlash mumkin bo‘lgan joyga ko‘chirish to‘g‘risida qaror chiqarguncha ular 6 oy davomida katta uyda yolg‘iz yashashgan.

Mushuklar bunday holatga tashlab qo‘yilmasligi kerak. Imkon qadar ular bilan ko‘proq birga bo‘lishga harakat qilamiz, ularga yaxshi joy topilishiga ishonamiz", — degan Tampa shahrining Insonparvarlik jamiyati ijrochi direktori Sherry Silk.

Marhuma Nensi Sauer o‘zining g‘ayrioddiy didi hamda "shopping"ga bo‘lgan muhabbati bilan mashhur tadbirkor ayol hisoblangan. Yaqin dugonasining so‘zlariga ko‘ra, u mushuklarni sevgan.

AQShda uy hayvonlariga katta miqdordagi mablag‘ni vasiyat qilib qoldirish yangilik bo‘lmay qolgan. 2007 yilda Nyu-Yorkda yashab o‘tgan zodagon ayol Leona Xelmsli ham itiga 12 million dollar meros qoldirgandi.

Top