14:37 / 04.07.2023
25583

«Titanik» halokati: dengiz fojiasi qanday qilib «turizm biznesi»ga aylanib qoldi?

111 yil oldin suv ostiga g‘arq bo‘lgan «Titanik» kemasini ko‘rish uchun yo‘lga chiqqan «Titan» sayyohlik batiskafi halokatga uchradi. Uning ichida bo‘lgan 5 kishining har biri «Titanik» qoldiqlarini ko‘rish uchun 250 ming dollardan to‘lab chipta sotib olgandi. Suv ostiga g‘arq bo‘lgan kemaga nima sababdan turistlar bunchalik qiziqadi?

Foto: nypost

1912 yil aprel oyida Buyuk Britaniyadan Nyu-Yorkka ilk safarini amalga oshirayotgan afsonaviy «Titanik» kemasi Atlantika okeanida cho‘kib ketgan. To 1985 yilgacha «Titanik» kemasi aynan qayerga cho‘kkani noma’lum edi.

Kema qoldiqlari qanday topiladi va kim egalik qiladi?

«Titanik» suv ostiga cho‘kib ketgan yagona kema emas. YuNeSKO ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab kamida ming yilliklardan beri suv ostiga cho‘kkan 3 mln kema qoldiqlari bor. Hisob-kitoblarga ko‘ra, okean ostida 60 mlrd dollar atrofidagi qimmatbaho buyumlar yotibdi.

Agar tadqiqotchi suvostidan kema qoldig‘ini topib oladigan bo‘lsa, birinchi navbatda mahalliy hokimiyatga murojaat qilishi va keyingi tadqiqotlarni ruxsatnoma bilan davom ettirishi lozim bo‘ladi. Sababi o‘zboshimchalik sabab tarixiy yodgorlikka zarar yetishi, uning arxeologik qiymati yo‘qolishi mumkin.

Lekin hali-hanuz insonlar kema qoldig‘i topgan odamniki deb qarash, uning ichidagi narsalarga bemalol tega olish mumkin degan fikrlar mavjud. Bu esa suvostidagi yodgorliklarni xavf ostiga qo‘yadi.

«Titanik» qanday topilgan?

1985 yilda Robert Ballard va Jan Lui Mishel boshchiligidagi Amerika ekspeditsiyasi «Titanik» kemasi qoldiqlarini Nyufaundlend oroli sohilidan (Kanadaning sharqiy qismidagi provinsiya. Atlantika okeani sohilida) 563 kilometr uzoqlikda topishadi.

Kema cho‘kkani haqidagi xabar ko‘tarib olgan bola. 1912 yil. London

Tadqiqotchilar kemaning orqa va old qismlari ikkiga bo‘lingan holda joylashganini aniqlashadi. Kema qoldiqlari topilganidan 12 yil o‘tib, Jyeyms Kemeronning «Titanik» filmi ishlanadi.

Kema qoldig‘i joylashgan hudud xalqaro suvlar deb toifalanadi va, xalqaro qonunlarga ko‘ra, bu turdagi topilmalarga biror davlat aynan ega chiqa olmaydi.

Robert Ballard – «Titanik» kemasi qoldiqlarini birinchi bo‘lib topgan ekspeditsiyachi.
«Titanik» kemasidagi nonushta idishlari. 1987 yilgi ekspeditsiyada topilgan.

Lekin kema qoldiqlari topilgach, Ballard AQSh Kongressidan «Titanik»ni suvosti yodgorligi sifatida belgilashni so‘raydi. 1986 yilda Ballard «Titanik»ka lavh qo‘yib, kemada halok bo‘lgan 1,5 ming odam xotirasi uchun unga tegilmasligini so‘raydi. Biroq unday bo‘lmadi. Aksincha, kemadagi yodgorliklarni to‘plash uchun raqobat boshlanib ketdi. Qisman, yodgorliklarni topib ularni rasmiylashtirish ishlari ham qilindi, biroq yodgorliklar savdosi va ularning ommaviy namoyishidan foyda olish asosiy fonda edi.

Kema cho‘kkach, undagi yodgorliklar, halok bo‘lgan va tirik qolganlarning ham buyumlariga qiziqish shunchalik oshib ketadiki, Kanada hukumati «suvenir ovchilari»ni to‘xtatish uchun qurbonlarning kiyimlarini yoqib yuborish haqida qaror qiladi.

– «Titanik» halokati haqida xabar bergan Boston gazetasi.

«Titanik» kemasining haqiqiy egasi yo‘q. AQSh, Buyuk Britaniya va boshqa yirik dengiz davlatlari amal qiladigan qonunga ko‘ra, xalqaro suvlarda yotgan kemalar amalda egasiz va unga hech kim davo qila olmaydi.

«Titanik» kemasi cho‘kib ketayotganda musiqachi Uolles Xartli chalgan skripka. Skripka 2013 yilda 1,46 mln dollarga sotilgan.
 - «Titanik»da halok bo‘lgan 19 oylik bolakayga tegishli oyoq kiyim. Eksponat «Noma’lum bola» deb ataladi va Atlantik dengiz muzeyida saqlanadi.

«Titanik»ka qancha odam sayohat qilgan?

Kema qoldiqlarining joylashuvi topilgan 1985 yildan to hozirgacha uni ko‘rganlar 250 dan kamroq.

1998 yilda Britaniyaning Deep Ocean Expeditions kompaniyasi ilk marta «Titanik»ni ko‘rish uchun 32,5 ming dollardan chipta sotadi. Shundan keyin turli yillar davomida turistlar «Titanik»ni ko‘rish uchun Atlantika okeaniga sayohat uyushtirishgan.

Hollivud rejissyori, «Titanik» haqidagi filmni suratga olgan Jyeyms Kemeron esa «Titanik»ka eng ko‘p sho‘ng‘igan mashhurlardan biri. Uning kemaga «tashrifi» taxminan 33 marta bo‘lgan. 

Yaqinda bortidagi 5 kishi cho‘kib ketgan «Titan» batiskafiga egalik qilgan OceanGate kompaniyasi ham 2021 va 2022 yillarda «Titanik»ka muvaffaqiyatli ekspeditsiyalar tashkillashtirgan, hozirgacha kompaniya 18 ta sho‘ng‘ishni amalga oshirgandi.

Turizmning «Titanik»ka qanday ta’siri bor?

«Titanik» halokatga uchragan paytdayoq u jiddiy zararlangandi. Bundan tashqari, kema qoldiqlarini metall yeydigan bakteriyalar faol yemirib keladi. Kema topilgandan 10 yilcha o‘tgan vaqtda uning yemirilishi yanada faollashgani aniqlangan. 2019 yilda esa kema qoldig‘ining juda katta qismi yemirilgani ma’lum bo‘ladi.

Hozir kema atrofi chiqindilar bilan to‘lgan. 2001 yilda hatto amerikalik juftlik «Titanik» qoldig‘i ustida turmush qurishgan.

Suvosti kemalari «Titanik»ka tegmasa ham, ular baribir ma’lum ma’noda kemaga zarar yetkazishadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bir ekspeditsiya «Titanik»ka qulagan va u keltirgan zarar haqida hech qanday ma’lumot bermagan. Jumladan, «Titan»ning ham «Titanik»ka yaqin joyda qoldiqlari topildi.

Hozirgacha ham kemani muhofaza qilishga harakatlar davom etyapti. Kema xalqaro suvda joylashgani uchun YuNeSKOning «Suvosti madaniy merosini muhofaza qilish to‘g‘risida»gi konvensiyasiga muvofiq asosiy himoya huquqlari bilan muhofaza qilinishi mumkin. 2020 yilda AQSh va Buyuk Britaniya kemaga sho‘ng‘ish va undan yodgorliklarni olish uchun talabgorlarga birgalikda litsenziya berish va uni rad etish to‘g‘risida kelishib olgan.

Mavzu
Titanning sirli halokati
Bir asrdan oshiq vaqt muqaddam ummonga g‘arq bo‘lgan afsonaviy «Titanik» kemasining 3800 metr tublikdagi qoldiqlariga sayohat uchun yo‘lga chiqqan «Titan» batiskafi halokatga uchradi.
Barchasi
Top