18:55 / 05.07.2023
21459

Bolam zo‘ravonlikka uchramasin desangiz… Ota-onalar uchun ko‘rsatmalar

Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik jamiyatdagi jiddiy muammolardan biri bo‘lib turibdi. YUNISEF ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 2 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan har 10 boladan 6 nafari har kuni jismoniy zo‘ravonlikka uchraydi. Har 5 daqiqada bir nafar bola zo‘ravonlikdan vafot etadi. Bu raqamlar esa muntazam o‘zgarib turadi.

Foto: Kun.uz

Bola o‘zi qanday zo‘ravonliklarga duch kelishi mumkin? Ota-onalar farzandlari zo‘ravonlar qo‘liga tushib qolmasligi uchun ularga nimalarni o‘rgatishi va bilishi lozim? Kun.uz bu borada ma’lumotlarni bir sahifaga jamladi.

Bolalar qanday zo‘ravonliklarga duch keladi?

Jismoniy zo‘ravonlik: bu urish, tepish yoki silkitish kabi zarar yoki shikast yetkazadigan jismoniy kuch ishlatishni o‘z ichiga oladi.

Jinsiy zo‘ravonlik: bolaga nisbatan jinsiy ekspluatatsiya yoki huquqbuzarlikning har qanday shaklini – zo‘rlash, pornografiya yoki jinsiy tahqirlash kabi harakatlarni o‘z ichiga oladi.

Hissiy zo‘ravonlik: hissiy zo‘ravonlik bolaning o‘zini o‘zi qadrlashi, shaxsiy rivojlanishiga putur yetkazadigan xatti-harakatlarni o‘z ichiga oladi. Bu doimiy tanqid, tahqirlash yoki kamsitish tarzida bo‘ladi.

E’tiborsizlik: bolaning asosiy ehtiyojlarini, jumladan, oziq-ovqati, boshpanasi, sog‘ligi, ta’limi va ruhiy qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlamaslikni anglatadi.

Onlayn zo‘ravonlik: bugungi kunda dunyo bo‘ylab bolalar onlayn tarzda zo‘ravonliklarga ham uchramoqda. Ular bilan virtual tarzda munosabatlarga kirishish, shaxsiy suratlarini, ma’lumotlarini olib, shu orqali qo‘rqitish tobora ko‘payib boryapti.

Farzandingizga nisbatan zo‘ravonlik sodir bo‘lganini qanday bilish mumkin?

Bolalar zo‘ravonlikning har qanday turiga uchraganda ziyrak ota-ona buni seza oladi. Bolada buning belgi va alomatlarini ko‘rish mumkin. Masalan bolangizda xatti-harakatlarning o‘zgarishi, kayfiyatning keskin tushib ketishi, davralardan o‘zini olib qochish, qo‘rquv, jismoniy jarohatlar yoki shug‘ullanayotgan ishidan sababsiz voz kechish kuzatilishi mumkin. Ana shunday holatlarda bilingki, bolaga sizning yordamingiz kerak.

Bolalarga ushbu zo‘ravonliklarga duch kelganda o‘zini qanday tutish, zo‘ravonni yengish, o‘zini himoya qilish bo‘yicha maslahatlar berishga odatlanishimiz lozim. Chunki ota-ona – bolaning birinchi himoyachisi va suyangani hisoblanadi. Shuning uchun bu borada har bir ota-onada bilim va tushuncha bo‘lishi shart.

Ular o‘z bolalariga shaxsiy chegaralar, o‘z-o‘zini hurmat qilish va xavfsiz xatti-harakatlar haqida o‘rgatishlari, bolalar duch kelishi mumkin bo‘lgan har qanday tashvish yoki noqulay vaziyatlarni muhokama qilishga sharoit yaratishlari lozim.

Ota-onalar va tarbiyachilar uchun tavsiyalar:

Ochiq muloqot: bolalar o‘z tajribalari, tashvishlari va savollari haqida gapirishlari mumkin bo‘lgan xavfsiz va ochiq muhitni yarating. Farzandingiz bilan bu haqida gaplashishdan uyalmang, ular ham uyalmasliklari uchun imkon bering.

Suhbat davomida ular sizning hukmingizdan qo‘rqmasdan o‘zlarini ifoda etishga o‘rgansin. Ya’ni baqirib ketmang, darg‘azab bo‘lmang, bolani his qilishga urining, mehringizni ko‘rsating (boshini silab, qo‘lini ushlab eshiting).

Yoshga mos ta’lim: shaxsiy xavfsizlik bo‘yicha bolaning yoshiga mos ta’lim berish, jumladan, bolaning tanasiga nomaqbul teginishlar va noqulay yoki xavfli vaziyatlarga "yo‘q" deyishning ahamiyati haqida o‘rgatish kerak.

Ishonchli kattalar: Bolalarga o‘zlarini noqulay yoki xavfli his qilganda, ota-onalar, o‘qituvchilar yoki maslahatchilarni bilish va ularga ishonish muhimligini o‘rgating. Bola har qanday yomon hodisa yoki tashvishga uchraganda bunga nisbatan chora ko‘ra oladigan odam borligini bilsin va ayta olsin.

Internet xavfsizligi: bolalarga onlayn xavfsizlik, jumladan, internetda shaxsiy ma’lumotlarni berish xavfi, maxfiylik sozlamalarining ahamiyati va notanish odamlar bilan muloqot qilishning yomon taraflari haqida ma’lumot bering.

O‘ziga ishonch: bolalarda o‘z-o‘zini hurmat qilish, qat’iyatlilik va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish, ularga xavfli vaziyatlarni tan olish va to‘g‘ri javob berish imkonini beradi.

Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish jamiyat mas’uliyati ekanini unutmaylik. Farzandlarimizni bundan xabardor qilish, jabrlanganlarni qo‘llab-quvvatlash orqali biz bolalar uchun xavfsizroq va himoyalangan muhit yaratishimiz lozim.

Agar siz bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning har qanday shaklidan shubhalansangiz yoki guvoh bo‘lsangiz, bu haqda tegishli tashkilotlarga xabar bering yoki jamoatchilik nazoratidan foydalaning. Unutmang, bu sizning, bizning farzandimiz bo‘lishi mumkin.

Top