18:11 / 05.07.2023
23586

Ukraina elchixonasi rossiyalik san’atkorlarning O‘zbekistondagi konsertlari bo‘yicha munosabat bildirdi

Ukrainaning O‘zbekistondagi elchixonasi madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Bahodir Ahmedovning Grigoriy Lepsning konserti haqidagi intervyusi yuzasidan bayonot berdi. Diplomatik missiya bunday gastrollarni qo‘llab-quvvatlash O‘zbekiston imijiga tahdid ekanini ta’kidladi.

Foto: Kun.uz

Ukrainaning Toshkentdagi elchixonasi urushni qo‘llab-quvvatlovchi rossiyalik san’atkorlarning chiqishlari O‘zbekiston obro‘siga tahdid soladi hamda rossiyalik qo‘shiqchilar ishlagan mablag‘lar Ukraina xalqining genotsidini moliyalashtirish uchun ishlatilishi mumkin deb hisoblaydi. Elchixona bu orqali O‘zbekiston madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Bahodir Ahmedovning Kun.uz nashriga intervyusida rossiyalik xonandalarning O‘zbekistondagi konsertlari taqiqlanmasligi haqida aytgan so‘zlariga munosabat bildirdi.

«Shu munosabat bilan elchixona urushni qo‘llab-quvvatlovchi rossiyalik san’atkorlarning O‘zbekistondagi chiqishlari ularning O‘zbekiston Respublikasi obro‘siga tahdid soladigan, urushni qo‘zg‘atishga qaratilgan jinoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlashning soxta ko‘rinishini yaratishi mumkinligiga e’tibor qaratadi. Bundan tashqari, rossiyalik ijrochilar tomonidan olingan mablag‘lar ular tomonidan urush, terrorizm va Ukraina xalqining genotsidini moliyalashtirish uchun ishlatilishi mumkin», — deyiladi Ukrainaning O‘zbekistondagi elchixonasi bayonotida.

Shuningdek, elchixona ushbu masala bo‘yicha O‘zbekiston vakolatli organlariga tegishli murojaat yuborilganini ta’kidlab, Z-artistlarning konsertlariga qarshi chiqayotgan o‘zbek jamoatchiligiga o‘z minnatdorchiligini bildirgan.

Grigoriy Leps shu yil 23 oktyabrda O‘zbekistonda konsert berishni rejalashtirgan. Ushbu tadbirga o‘zbekistonlik ko‘plab faollar qarshilik bildirayotganiga qaramay, hozircha tadbir bekor qilingani yo‘q.

Foto: Mirzo Zominiy / Telegram

3 iyul kuni O‘zbekiston Madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Bahodir Ahmedov Kun.uz muxbirining konsert dasturini bekor qilish haqidagi savoliga javoban «O‘zbekistonda san’atga to‘siq yo‘qligi»ni aytdi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top