18:34 / 07.07.2023
4515

Tailandga ishga borib, odam savdosi qurboniga aylangan uch nafar o‘zbekistonlikka yordam ko‘rsatildi

Ularni vatanga qaytarish choralari ko‘rilmoqda.

Foto: Dunyo

O‘zbekistonning Bangkokdagi Bosh konsulligi vatandoshlarni Tailanddan ishga taklif olganda hushyor bo‘lishga chaqirdi.

Bosh konsullikka 19 yoshli o‘zbekistonlik J.M. odam savdosi qurboniga aylangani va Tailandda yashash uchun turar-joy hamda mablag‘siz qolgani yuzasidan murojaat qilgan.

Fuqaroning arizasi asosida Tailand politsiyasi bilan hamkorlikda dastlabki surishtiruv ishlari o‘tkazilgan va 3 nafar gumondor aniqlanib, ulardan biri Tailand hududini tark etmoqchi bo‘lgan vaqtda aeroportda ushlangan. Qolgan 2 nafar shaxsga nisbatan qidiruv-surishtiruv ishlari davom etmoqda. Shuningdek, tergov davomida yana 2 nafar O‘zbekiston fuqarosi odam savdosi qurboni sifatida mehnatga majburlangani aniqlangan.

Hozirda Bosh konsulxona tomonidan o‘zbekistonliklarga homiy tashkilotlar bilan hamkorlikda vaqtincha turar-joy, oziq-ovqat, kiyim-kechak va vatanga qaytishi uchun aviachipta olishda yordam ko‘rsatilayotgani aytilmoqda.

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi vatandoshlarni Tailandga safar qilishdan oldin yolg‘on va’dalarga aldanib qolmaslikka, oson ish topishga oid takliflarga ishonmaslikka hamda ushbu mamlakatga kirish va unda bo‘lib turish chog‘ida mahalliy qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.

Top