11:17 / 10.07.2023
54733

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston prezidentligiga qayta saylandi

Saylovda davomat 79,8 foizni tashkil etgan. O‘zbekistonning amaldagi davlat rahbari 2030 yilga qadar prezidentlikda qoladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekistonda 9 iyul kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovining dastlabki natijalarini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, prezident saylovida 15,6 mln kishi, ya’ni saylovchilarning 79,8 foizi qatnashgan.

Shavkat Mirziyoyevga 13 mln 625 mingdan ortiq saylovchi (87,05 foiz) ovoz bergan. MSK raisi rasman Shavkat Mirziyoyevni O‘zbekiston prezidenti etib saylangani bilan tabrikladi.

Dastlabki natijalar:

  • O‘zLiDePdan nomzod Shavkat Mirziyoyev — 87,05 foiz;
  • XDPdan nomzod Ulug‘bek Inoyatov — 4,2 foiz;
  • «Adolat» SDPdan nomzod Robaxon Mahmudova — 4,43 foiz;
  • Ekopartiyadan nomzod Abdushukur Hamzayev — 3,74 foiz.

  • Shavkat Mirziyoyev 2016 yil sentabrida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning vafotidan keyin vaqtincha davlat rahbariga aylangan, 2016 yil 4 dekabrida o‘tkazilgan prezidentlik saylovida 87,73 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan, 2021 yil 24 oktyabridagi saylovda esa 80,12 foiz ovoz bilan 2026 yilgacha qayta saylangandi.
  • 2023 yil aprel oyida Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha o‘tkazilgan referendumdan keyin O‘zbekistonda navbatdan tashqari prezidentlik saylovi belgilangandi, yangilangan Konstitutsiyaga ko‘ra, prezident vakolatlari besh yildan yetti yilga uzaytirilgandi.
  • Bundan tashqari, o‘zgarishlarga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyevning prezidentlik muddati nollashtirilgandi. Shunga ko‘ra, u 2030 yilgi prezidentlik saylovlarida ham o‘z nomzodini ilgari surishi mumkin bo‘ladi. 
Mavzu
Saylov-2021
Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra saylovlar oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. 2021 yilgi prezidentlik saylovi 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda.
Barchasi
Top