Sport | 16:21 / 14.07.2023
28143
13 daqiqa o‘qiladi

Dele Alli «yorildi». Bolalikda tajovuzga uchragani, ruhiy muammolar, Pochettino va Mourino haqida

Dele Alli atigi bir necha yil oldin nafaqat Pochettino boshqaruvidagi «Tottenhem»da asosiy yulduzlardan biri, balki Angliya milliy jamoasi kelajagi sifatida e’tirof etilardi.

Foto: The Overlap

Hatto «Real» e’tiborida bo‘lgan bu iste’dodli futbolchi yashin tezligida pastga qulay boshladi, avval «Tottenhem», keyin «Everton»ning asosiy tarkibidan chetda qolib, o‘tgan mavsumda esa hatto «Beshiktosh»ga kerak bo‘lmay qolgan Delega aslida nima bo‘ldi? Futbolchi rostan ham Mourino aytganidek, bo‘sh xarakterga egami yoki buning ortida boshqa sabablar ham bormi?

27 yoshli futbolchi kuni kecha Gari Nevillga intervyu berdi va nafaqat futbol muxlislari yoki uning atrofidagi jurnalistlar, balki u bilan birga to‘p surgan jamoadoshlari ham bilmagan haqiqatlarni ochiqladi.

Dele Alliga nima bo‘lgandi?

Hozir odamlarga aslida nima bo‘lganini aytishning ayni payti. Turkiyadan qaytgach, operatsiya stoliga yotishim kerakligi haqida bildim va aytishim kerakki, ruhiy chuqurlikka tushib qoldim. Men ruhiy jarohatlardan davolaydigan rehabga (reabilitatsiya markazi) ehtiyoj seza boshlagandim. Vaqti keldi. Boshqa odamning bunday maslahati hech qachon kor qilmaydi, muhimi, sening o‘zing bunga amin bo‘lishing, qaror berishing lozim. Boshqa yo‘li yo‘qligini his qilishing shart.

Men yopiq aylana ichida qolgandim – o‘zimni qiynashga, majburlashga urindim, bu esa, aksincha, zarar berardi. Har tong uyg‘onib o‘zim bilan kurashar, mashg‘ulotlarga borib, hammaga o‘zimni baxtli ko‘rsatish uchun jilmayardim. O‘zimni yengayotgandek tuyulsa-da, aslida ongimda yutqazayotgandim. Bu jarayon hech qachon tugamasligimni his qilganimda, vaqti kelganiga amin bo‘ldim.

Olti haftalik klinikaga yotdim. Shu o‘rinda «Everton»ga tashakkur izhor qilishim kerak. Klub to‘liq meni qo‘llab-quvvatladi. Kelajakda nima bo‘lishidan qat’i nazar, men ulardan minnatdorman. Hayotimdagi eng muhim qarorlardan birini qabul qilayotganimda ular yonimda turishdi, men bilan ochiq, samimiy va rostgo‘y bo‘ldilar. Odamlar rehabni qandaydir yomon joy deb biladi, ammo menga bu davr qanchalik yordam berishini mumkinligini tasavvur ham qilolmasdim ilgari. Juda yomon holatda edim.

Bolaligimda men bilan juda ko‘p yomon voqealar bo‘lgan, lekin hech qachon o‘zimga yomon ish qilayotganimni tan olishni bilmasdim. Ammo agar hammasini ortga qaytarsak... Bilasizmi, hammasi mening qo‘limda bo‘lmagan. Meni doim ortga tortadigan, bugungi hayotimda ham ta’sirini o‘tkazib, olg‘a yurishga xalaqit beradigan tuyg‘ulardan batamom qutulishim shart bo‘lgan ekan.

Rehabdan uch hafta oldin chiqdim. Rostini aytsam, bu qadar tez hammasini aytib beraman deb o‘ylamagandim, lekin hozir o‘zimni ancha kuchli his qilyapman. Bu bir tomondan yaxshi ham – bugungi dunyoda biror narsani ko‘p vaqt yashirib yurish imkonsiz. Jurnalistlar allaqachon is olishdi, klubga telefon qilib, men haqimda so‘rashgan ham, menga farqi yo‘q. Nima yozishsa yozaverishsin. Shunchaki, bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Mening iqrorlarim men kabi holatga tushib qolgan boshqa insonlarga yordam bersa, ular ham yolg‘iz emasliklarini bilsa, maqsadim shu. O‘zimni oqlash yoki jurnalistlarning mish-mishlariga javob berish emas.

Muammolar

Foto: Matthew Childs/Action Images/Reuters

Hammasi ancha oldin boshlangan. Uzoq vaqt nima qilayotganimni bilmasdim, giyohvand bo‘lib qolganman, desayam bo‘ladi. Odatda ko‘pchilik qandaydir kayf uchun, yengillik uchun ichishadi, lekin men uyqu doriga qattiq bog‘lanib qolgandim. Noto‘g‘ri tushunmang, bu yordam beradi ham.

Bizning kun tartibida, har kuni ertalab turib, mashg‘ulotga borish kerak, kechasi uyqu kelmaydi – mana shunday paytlarda tabletkalar yordam beradi. Yomon tomoni yo‘q. Lekin agar men kabi oshirib yuborsangiz, sizga ta’sir qilmay qo‘yadi. Aslida u qadar «o‘tirib qolmagandim», ma’lum vaqt ularsiz ham yashab ko‘rishga uringanman, uddasidan chiqqanman ham, lekin aslida hammasi qanchalik yomonligini his qilmagan ekanman o‘shanda. Hammasi nazoratim ostida, istagan paytda to‘xtatishim mumkindek tuyulardi. 

Muammoning ildiziga tusha boshlagach esa, hammasini tushundim. Bolalikdagi ruhiy jarohatlarning izi qolgan va men bu bilan bir o‘zim kurashishni istardim, hech kimga aytmaganman. Hatto bir necha bor meni asrab olgan ota-onam xonamda yig‘lab o‘tirganimni ko‘rib qolib, sababi bilan qiziqishar, lekin hech narsa ayta olmasdim. Aytgim kelmasdi.

Atrofimda menga yordam berishga tayyor bo‘lgan insonlar ko‘p bo‘lgan, demak ular ham men bilan bo‘layotgan, lekin o‘zim payqay olmayotgan nimalarnidir sezishgan. Hech kimdan yordam so‘ramay, o‘zimni ham yo‘qotib qo‘ydim.

Tabletka qabul qilmayotgan paytimda hushyor edim, to‘g‘ri, lekin hammasi chegarada edi, o‘sha tuyg‘ular, o‘sha hissiyot chulg‘ab olar, reallikdan darhol alkogolga, narkotikka qochardim. Go‘yoki ular hamma muammoni to‘xtatar, o‘zimni yaxshi his qilishimga yordam berardi. Juda ko‘p iste’mol qilganman. Sonini aytmayman, lekin haddan tashqari ko‘p edi, ishonavering. Kun bo‘yi tabletka qabul qilardim, nafaqat kechasi, ertalab uyg‘onib ham, tushlik paytida ham. Albatta, o‘yin kunlari emas.

Tabletkalarni qayerdan olardim? Avvaliga yaxshi uxlashim uchun doktor berdi. Bir dona tabletka uxlashga yordam berish uchun. Ko‘p insonlar uchun bu norma, lekin men uchun bu dori o‘zim davolay olmayotgan dardlarimdan xalos qilish uchun kerak edi. Keyin o‘rganib qolasan. Ko‘proq kerak bo‘ladi. Agar kerak bo‘lsa, qayerdan topish muammo emas.

Ko‘pchilik o‘ylaydi – futbol o‘ynash oson. Ha, hayoting zo‘r, puling ko‘p, lekin hammasi bunchalik oson emas. Meni noto‘g‘ri tushunishingizni istamayman, albatta, men futbolni sevaman va undan qarzdorman. Ammo ruhiy tomondan o‘rningga tushib qolmagunlaricha, odamlar seni tushunmaydi. O‘zidan nafratlanish. Doimiy kurash. Sen unchalik yaxshi emasliging haqida turli gaplar. Mag‘lubiyat ham og‘ir ta’sir qiladi, agar ruhan kuchsiz bo‘lsang. Shu bilan birga, har kuni, hammaga kulib turishing lozim.

Boshlanishi

Aniq bir kunni aytish qiyin. Menimcha. «Tottenhem»ni Mourino boshqargan paytlari hammasi yomonlashib ketdi. Adashmasam, 24 yoshda edim hali.

Eslayman, bir kuni ertalab uyg‘ondim, mashg‘ulotga borish kerak edi. Asosiy tarkibdan chetda qolgan paytlarim. Ahvolim juda yomon edi. Shunchaki, oynaga qarab turib o‘yladim – balkim faoliyatimni yakunlashim kerakdir? Sevgan yumushimdan voz kechaymikin?

24 yoshimda shunday fikrlar miyamga kelganining o‘zi men uchun og‘riqli edi. O‘shanda tungi klublarga ko‘p qatnay boshladim. Bazmlar ko‘p bo‘lardi. Gazetalardagi xabarlar rost emas. Ular meni hali bu ishlarni boshlamasimdan bo‘ynimga ilib qo‘yishgandi. O‘zimni uzoq vaqt bosishga urindim, sabr qildim, harakat qildim, lekin oxiri sinib qoldim. Men Mourino yoki boshqa birovni ayblamoqchi emasman. Aslida mening reaksiyam xato bo‘lgan. Agar mening dushmanim bo‘lsa, u – o‘zim.

Yuqorida aytganimdek, muammolarning ko‘pi men yaqinlarimni, yaxshi odamlarni hayotimga kiritmaganimda bo‘lgan. Yolg‘iz holdagina o‘zimni xavfsiz sezardim go‘yo. Aqidam shunday ediki, qanchalik odamlarni o‘zingga yaqin olsang, ular ko‘proq xafa qilishadi. Shuning uchun hammadan yashirinardim. Lekin bu qoida ishlamadi.

Bolalik

Ba’zi narsalarni aytib bersam yetadi. Shunchaki, sizda taassurot bo‘lsin. Olti yoshimda uyimizga kelib yuradigan onamning do‘sti menga tajovuz qilgan. Onam aroqxo‘r edi. Keyin esa meni Afrikaga, «tarbiyalash» uchun jo‘natishdi. Ko‘p bor politsiyaga tushganman, umuman qoida nima bilmasdim. Onam ko‘p ichardi, ammo uni ayblamayman. Hozir unga ham qiyin bo‘lganini tushunaman. Otam Afrikada yashardi, shuning uchun meni uyoqqa jo‘natishgan. Eng yomon kunlar, u yerda yashashni umuman istamasdim. Olti oy o‘tib otam meni qaytarib yubordi.

Yetti yoshimda chekishni boshladim. Sakkiz yoshda narkotik sotardim. Kattalar politsiya bolalardan shubhalanmaydi deb velosipedning orqasiga to‘pni qistirib, tagiga narkotik joylab manzilga jo‘natishardi. O‘n bir yoshimda qo‘shni uyda yashovchi erkak meni ko‘prikka osib qo‘ygan. O‘n ikki yoshimda ajoyib oila meni asrab oldi. Ungacha dunyoda yaxshi odamlar ham borligini tasavvur ham qilolmasdim, ishoning.

Yangi oilam bilan yashayotganda, ularga ham dardimni ayta olmasdim, chunki mendan voz kechishlaridan qo‘rqqanman. Ular uchun juda yaxshi bola bo‘lishga harakat qila boshladim.

18 yoshga kirganimda haqiqiy ota-onam paydo bo‘ldi va har yerda jurnalistlarga intervyu berib, oilamga tuhmat yog‘dira boshlashdi. Xuddiki, ular menga o‘z ota-onamni ko‘rishga ruxsat bermayotgan emish. Aslida oyim doim menga tuqqan onam bilan ko‘rishib turishim kerakligini aytar, men istamaganman. Haqiqiy ota-onam oilamni mendan pul olmoqchi bo‘layotganda ayblay boshlashdi.

Pochettino

Mourisio Pochettino eng zo‘r murabbiy. Undan ortig‘ini tasavvur qila olmayman. Bilasizmi, uning bir o‘zi emas, atrofida ham ajoyib jamoasi bor edi – Xesus, Migel D'Agostino va Toni Ximenes. Bu shunchaki futbolchi va murabbiy munosabatlari emasdi. Hammasi ancha chuqurroq bo‘lgan.

Poch mening qarorlarimni to‘g‘ri tushunardi, menga bir futbolchiga beriladigan g‘amxo‘rlikdan ko‘prog‘ini berardi. Ko‘pchilik o‘sha paytlarda meni qo‘rqmas deb o‘ylardi. Yo‘q, men jasoratli edim. Farqi katta. Jasorat shuki, sen qo‘rqasan, lekin baribir shu ishni qilishga o‘zingda jasorat topasan. Menimcha, Pochettino aynan jasoratga o‘rgatgandi. Faoliyatimning o‘sha bosqichida Pochettino menga katta yordam bergan, shuning uchun ham uning ketgani menga ancha og‘ir botgandi. Aynan o‘sha kunlarda yopilishni boshladim, atrofimdagi hamma haqiqiy emasdek, soxtadek tuyula boshladi.

Buni tushuntirish qiyin. Barchasi ichimda, miyamda sodir bo‘lardi. Hech kimga aslida kerak emasdek his qilardim o‘zimni, shuning uchun birovga o‘zim haqimda gapirgim kelmasdi. Balkim uchun ham ular bilan bir jamoa bo‘lish, bor imkoniyatimni ular uchun ishga solishni istamagandirman. Tabiiyki, oqibatda bularning hammasi faoliyatimga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Kelajak haqida

Yaxshiroq bo‘lishim kerak. Futbolchi sifatida ham, inson sifatida ham. Umid qilamanki, mening iqrorlarim boshqa odamlarga yordam beradi. Kamida menga yordam berib bo‘ldi – hamma haqiqatni aytishim lozim edi. Endi jismonan tiklanishim uchun biroz vaqt kerak, shundan so‘ng, o‘yinga qaytaman. «Everton» safida yangi mavsumni intizorlik bilan kutyapman.

Mavzuga oid