18:12 / 17.07.2023
44356

“O‘zbekistonda IELTS'ga til bilish darajasini emas, bilimni baholash sifatida qaralyapti” - ekspertlar «IELTS'maniya» haqida

“IELTS'siz o‘qishga kirolmayman, ishga joylasholmayman, sertifikatsiz oyligim kam bo‘ladi yoki oshmaydi” — ingliz tilini o‘rganayotgan ko‘pchilik yoshlarda shunday o‘y-fikr hukmron. Bu o‘zi ijobiy holatmi? Yoki buning salbiy jihatlari bormi? Kun.uz mavzu yuzasidan soha mutaxassislari bilan suhbat tashkil etdi.

Bugun inglizchani o‘rganayotgan yoshlardan bu tilni o‘zlashtirishdan maqsadini so‘rasangiz, ularning aksariyati IELTS olishim kerak, deb javob berishadi. Bu sertifikat yoshlarning hayotida o‘zi qanchalik ahamiyatga ega? Kun.uz mavzu atrofida kichik so‘rovnoma o‘tkazdi.

Yoshlar nega IELTS'dan yuqori ball olishga harakat qiladi?

Kun.uz so‘rovnomasida qatnashgan til o‘rganuvchilar IELTS sertifikati ularga o‘qish va yaxshi joyga ishga kirish uchun kerakligini bildirdi, ularning ko‘pchiligi 7 va undan yuqori ball olishni istashini aytdi. Ular IELTS'dan oladigan ballari oldlariga qo‘ygan maqsadlariga erishishga qanchalik bog‘liqligi haqidagi savolimizga quyidagicha javob berishdi.

— Agar men past ball oladigan bo‘lsam, o‘qituvchi bo‘la olmayman bu sohada. O‘qituvchi bo‘lish uchun yaxshigina natija kerak. O‘quvchi ham, masalan, o‘zim ham xohlamayman past ball olgan o‘qituvchida o‘qishni.

— Ba’zi chet el universitetlari yuqori balli IELTS sertifikatlarini talab qiladi. Yaxshi oliygohga topshirishim uchun muhim ahamiyatga ega.

— Qanchalik yuqori ball olsam, maqsadlarimga shunchalik tezroq erisha olaman deb o‘ylayman.

— Yuqori ball olsangiz, yaxshiroq joyda ishlash imkoni bo‘ladi.

— Katta rol o‘ynaydi. Masalan, Vestminster universitetiga grantga kirishim uchun 7 balldan yuqori bo‘lishi kerak. Aynan shuning uchun ham katta ahamiyatga ega.

Respondentlar orasida IELTS — oddiy bir sertifikat” ekanini, ingliz tilini esa shunchaki o‘zi uchun o‘qishini aytganlar ham bo‘ldi.

“IELTS balliga qarab grant belgilashning o‘zi xato”

O‘zbekistondagi tajribali IELTS instruktorlaridan biri Bekzod Mirahmedov (IELTS’dan 9 ballga ega) faqat ballga katta e’tibor qaratishni noto‘g‘ri deb hisoblaydi.

Bekzod Mirahmedov

“O‘zi IELTS ballari u darajada ahamiyatli bo‘lishi kerakmas. Ya’ni 5,5 ga ham, 8 ga ham bir xil qaralishi kerak. Amerika, Angliyada shunday. Chunki talab darajasidan o‘tdi, bo‘ldi. So‘ralgan narsa bajarildi. Koreya, Yaponiya kabi davlatlarda ball muhim hisoblanadi, grantlar ham shunga bog‘lab qo‘yilgan. Bilmadim, balki ularda boshqa mezon yo‘qdir. Masalan, o‘zim o‘qigan Vestminster universitetida shunday. IELTS'dan qanchalik yuqori ball olsa, grant yutish ehtimoli shunchalik oshadi. Shu uchun bolalar o‘z yo‘nalishi bo‘yicha nimadir o‘rganish o‘rniga IELTS'dan yuqori ball olishga vaqt sarflab qo‘yyapti. Menimcha, IELTS balliga qarab grant berish noto‘g‘ri narsa. Mahalliy OTMlarimizda 5,5ga ham 8 ballgayam bir xil imtiyoz berishadi, to‘g‘ri yo‘l bu.

Yana bir narsa bor. Maqsad va orzu boshqa-boshqa narsalar o‘quvchilarda. O‘zi 8-8,5 ball xohlayman deydi, lekin o‘ziga kerakligi 6-6,5 bo‘lishi mumkin. Qaysidir tanishi yuqori olgani uchun ota-onasi ungayam shu talabni qo‘yadi. Bir tomondan yaxshi, bekor yurgandan foydali ish bilan shug‘ullanadi, lekin maqsadlarni to‘g‘ri qo‘yish kerak”, deydi u.

Yana bir IELTS instruktori Husniddin Usmonaliyevning fikricha, yildan yilga yuqori ball olishga qiziqayotgan yoshlar safi ortyapti.

Husniddin Usmonaliyev

“O‘zbekistonda IELTS endi ommalasha boshlagan paytda 5,5 daraja olish ham katta gap edi. Eslayman, litseydagi kursdoshim 5,5 daraja olganda, uyida bazm qilib bergandi. Hozir esa juda osonlashib ketdi bu darajani olish. Chunki borgan sari bizda ham til o‘rganuvchilarning ingliz tilini bilish darajasi oshyapti. IELTS'da yuqori ball sifatida 7 va undan balandi ko‘riladi. Lekin osonmas bu darajani olish. Kamida 1-1,5 yil o‘qish kerak bo‘ladi”, deydi Husniddin Usmonaliyev.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti o‘qituvchisi, jamiyatshunos Zavqiddin Gadoyev yoshlardagi tushunib-tushunmay ball izidan quvishini behuda vaqt yo‘qotish deb hisoblaydi.

Zavqiddin Gadoyev

“Talabalar orasida ayrimlarni IELTS'dan pastroq ball olganda, xafa bo‘lib yurganini ko‘raman. Men 7 olmoqchiydim, 6 oldim, deydi. Yana tayyorlanib 7 olaman, bu narsa kelajagimga kerak, deydi. Lekin aynan nima uchun kerakligini aniq aytolmaydi. Hali kelajagi haqida mavhum tasavvuri bor, lekin IELTS orqali kelajagi yorqin bo‘lishiga ishonadi ular. Bekorga IELTS'ning muddati 2 yil emas. Shu 2 yilda qayergadir o‘qishga kiradi yo ishga. Qolgani o‘ziga bog‘liq bo‘ladi”, deydi jamiyatshunos.

O‘zbekistonda IELTS'ga “mukkasidan ketish” qachondan boshlandi?

O‘zbekistonda til o‘rganuvchilarning asosiy guruhiga hayotining qaysidir bosqichiga o‘tish uchun IELTS sertifikati kerak. Shuning uchun ularga ingliz tilini o‘rganishdan ham ko‘ra sertifikatni olish ko‘proq muhim. Agar soxta sertifikat bilan ishni hal qilish imkoni bo‘lganda, katta ehtimol, ingliz tilini o‘rganmasdan “sertifikat” oluvchilar safi ortib ketardi.

Bekzod Mirahmedov:

— 2007-2008 yillardan faoliyatimni boshlagan bo‘lsam, u paytlar bu darajada qiziqish yo‘q edi. 2014-2015 yillarda O‘zbekistonda IELTS «maniya»si davri boshlandi desak bo‘ladi. Lekin asosan 2017-2018 yillarga kelib yaqqol o‘rtaga chiqdi IELTS'ga mukkasidan ketish. Shu yillardan keyin davlat darajasidagi qarorlarda ham IELTS'ga e’tiborni ko‘rish mumkin bo‘ldi.

Zavqiddin Gadoyev:

— Ayni shu yillarda oliy ta’limga o‘qishga kirishda ham til bilish sertifikati talab qilina boshlandi. Bu orqali o‘quv markazlarida IELTS o‘qitish kuchaydi. Bundan tashqari, Yevropa va Amerikaga o‘qishga topshiradiganlarga ham bu sertifikat kerakligi. Chet el oliygohlarida bu sertifikat shunchaki til bilish, darslarga qatnasha olish darajasini bilish uchun kerak. Bizda esa bilimni baholash sifatida qabul qilinyapti. Qiziqish sabablaridan yana biri migratsiya. Ayniqsa, aqllilar migratsiyasida til bilish darajasi muhim, albatta.

Husniddin Usmonaliyev:

— Hozirgi kunda butun dunyoda IELTS'ga bo‘lgan qiziqish ortib boryapti. Xususan, O‘zbekistonda ham. Asosan rivojlanib borayotgan mamlakatlar: Tailand, Filippin, Malayziya, Pokiston, Hindiston, Vetnam kabi davlatlarda e’tibor kuchli. IELTS'ga hujjat topshirish bo‘yicha yetakchi davlatlar 10 taligida O‘zbekiston yo‘q hozircha. Lekin yaqin yillarda kirish ehtimoli bor. Chunki har yili O‘zbekistonda talab oshib boryapti.

“IELTS sertifikatisiz maqsadlarimga erishishim qiyin”

Kun.uz so‘rovnomasida qatnashgan yoshlarning ko‘pchiligi IELTS sertifikatisiz ham maqsadlaringizga erishishga ishonasizmi – degan savolga ishonchsizlik va ikkilanish bilan javob berishdi.

— Yo‘q, IELTS olish kerak deb bilaman.

— Sertifikatsiz ham erishsa bo‘ladi, faqat ko‘proq pul kerak.

— Yo‘q, IELTS kerak bo‘ladi. Ingliz tilini bilishni ko‘rsatib turadi hujjatlarda. Sertifikatsiz til bilish darajasini bilisholmaydi.

— Bo‘ladi, lekin biroz qiyinroq bo‘ladi. Sertifikat bilan osonroq.

— Ishonaman, lekin qiyin bo‘ladi sal.

Bekzod Mirahmedov:

— Rostdan ham ko‘p narsa sertifikatga bog‘lab qo‘yilyapti. O‘qituvchilarga ustama berishda ham qo‘llanyapti. Keng qamrovli, barcha mamlakatlarga o‘tadigan sertifikat bo‘lgani uchun yoshlarda ham IELTS'ga qiziqish katta. Bir tomondan IELTS'ga erishish odamda o‘ziga ishonch uyg‘otadi. Bizda odamlarga ergashish degan narsayam bor, ya’ni hamma olyapti, menam olay, degan tushuncha bo‘ladi. O‘zim uchun olib qo‘ydim deydi ko‘pchilik. Asosan, yoshlar o‘rtasida ommalashgan bu.

Har bir kasbga IELTS talab qilinyapti. Davlat chiqarayotgan qarorlar ham hissa qo‘shyapti bu jarayonga. O‘zi IELTS testi ikki maqsadda topshirilishi kerak: oliygohlarga o‘qishga kirish uchun va migratsiya qilish sababli. Migratsiya uchun maxsus IELTS turini bizda topshirishmaydi, 1 foizni ham tashkil qilmaydi. Bu deganiki, bizda 99 foiz odam o‘qish uchun mo‘ljallangan IELTS topshiryapti. Lekin maqsadlari boshqa bo‘lishi mumkin. Bir tarafdan ingliz tilini bilish yaxshi, lekin bu sabablar IELTS'ning «ilohiy»lashib ketishiga olib kelyapti. Bunda o‘quv markazlarining ham ta’siri bo‘lishi mumkin, lekin davlatning o‘zi ingliz tilini bilish darajasini aniqlashni IELTS berib qo‘yyapti to‘liq. Bunga sabab testlar orasida eng optimallashgani IELTS testi ekani bo‘lsa kerak. Men uchun ham shunday.

Husniddin Usmonaliyev:

— IELTS'ning ommalashishiga o‘quv markazlarining ta’siri katta emas. Shunchaki talabga yarasha taklif oshyapti. Bu yerda o‘quv markazlari bir vosita xolos. Demakki, talab oshib boryapti IELTS'ga.

Zavqiddin Gadoyev:

— Bu ijobiy tendensiya. Chunki chet tilini bilish insonga ko‘p eshiklarni ochadi. Bunday kadr keyingi bilimlarni olishga tayyor bo‘ladi. Butun dunyodagi ma’lumotlar bazasining 80 foizidan oshig‘i ingliz tilida. Mutaxassislarimiz birlamchi ma’lumotlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqishi kerak. Biz O‘zbekiston sharoitida ma’lumotlarni rus tili orqali olamiz, bu esa haqiqiyligini yo‘qotadi ma’lum darajada. Shu sababli ham urg‘u berilyapti ingliz tiliga.

Ammo masalaning boshqa tomoni ham bor. Masalan, talabalarga birinchi darsga kirganimda ulardan maqsadini so‘rab ko‘raman. Bizda pedagogikaga yo‘naltirilgan talabalar tayyorlanadi asosan. Lekin juda ozchilik o‘zini pedagogika bilan bog‘laydi. Aksariyat o‘g‘il bolalar chet elda o‘qish, ishlash yoki umuman, yaxshi pul topish uchun chet tilini o‘rganayotganini aytadi.

Talabalarga o‘zi tanlagan soha bo‘yicha bilimlarning past darajada berilishi, bu bilan jamiyatda o‘z o‘rnini ko‘ra olmasligi yoshlarni chet tiliga bog‘lab qo‘yyapti. Ular o‘z farovonligini chet elda yoki O‘zbekistondagi chetga bog‘liq bo‘lgan biror joyda deb bilishadi.

“Ingliz tilida erkin so‘zlashuvchi avlod shakllansa, IELTS ahamiyatini yo‘qotadi”

Bugungi kunda ishga qabul qilishda ham kadrning xorijiy tilni bilishi ko‘p narsani hal qilyapti. O‘z sohasini yaxshi bilmasa-da shunchaki til bilishning o‘zi katta maoshli joylarni band qilishga va unga ishonch bildirilishiga asos bo‘layotgani ham sir emas.

Bekzod Mirahmedov:

— Rivojlanayotgan davlatmiz. Ma’lumotlar olishimizda ingliz tili juda muhim hozir. O‘zbekiston oldindan ingliz tili rivojlangan davlat emas. Hozir yoshlarda e’tibor kuchaygan. Lekin yetarli emas. Ish joylarda ingliz tilini so‘rash, aytganimdek, bir tomondan yaxshi. Chunki o‘z ustida ishlashga imkoniyati ko‘proq bo‘ladi.

Hozir ingliz tilida bemalol gaplasha oladigan avlod yetishyapti. Ko‘pchilik bilib boshlagan vaqtda IELTS'ga ham e’tibor kamayadi. Xuddi hozir diplom bormi-yo‘qmi, ish bilsin, degandek, IELTS bo‘lishi shartmas, tilni bilsin, deydigan bo‘ladi. Tekshiruvchilarning saviyasi ham shunga borishi kerak. Ya’ni ishga qabul qilayotganda, sertifikat so‘rab emas, aynan o‘zi bilolsa darajasini.

Zavqiddin Gadoyev:

— Til bilgan mutaxassis o‘z sohasida ma’lum bir miqdorda ustun bo‘lishi mumkin. Lekin bu vaqtinchalik jarayon. Til shunchaki vosita ekanini esdan chiqarmaslik kerak. Keyingi 5-10 yildan keyin til biluvchi mutaxassis sifatida ishsiz qolasiz, deb aytaman talabalarga. Chunki kelajakda ingliz tilini bilish oddiy hol bo‘lib qoladi. Shuning uchun mutaxassislikni yuqori darajada o‘rganish kerak, mutaxassislikka esa chet tili orqali kirib borish yaxshi.

“Bolalar ingliz tilini o‘rganishi kerak, IELTS'ni emas”

Bizning maqsadimiz til o‘rganish bo‘lishi kerakmi yoki sertifikat izidan quvish? Maqsadlarda chalg‘imaslik uchun bu jarayonga qanday yondashish kerak?

Husniddin Usmonaliyev:

— IELTS'siz o‘qishga kirolmayman, ishga joylasholmayman yoki oyligim oshmaydi kabi bosimlar bilan o‘qiydi ko‘pchilik o‘quvchilar. Odam o‘zi uchun, maroq bilan ingliz tilini o‘qisa, qiynalmaydi IELTS olishga.

Bekzod Mirahmedov:

— Yaqinda 4-sinf bola IELTS oldi. Men bu darajada berilib ketishga qarshiman. IELTS yoshi kattalarga mo‘ljallangan, yosh bolalar bunda katta stressda bo‘ladi. Ko‘p o‘qituvchilar maqtanadi yosh o‘quvchisi IELTS olgani bilan. Bu o‘z maqsadi yo‘lida bolani qurbon qilish.

Bizda IELTS'ga tayyorlanishni boshlagan odam umumiy ingliz tilini o‘rganishni to‘xtatadi. Ko‘pchilik IELTS ingliz tilining yuqori nuqtasi deb o‘ylaydi. Keyin til bilish darajasi qotib qoladi. Yosh bolalar ingliz tilini o‘rganishi kerak, IELTS'ni emas.

IELTS sertifikatiga juda katta e’tibor berish kerakmas. Bir narsaning ortidan ko‘p quvavermasa, o‘shanda erishiladi o‘zi. IELTS'ning asosi ingliz tili, shuning uchun oldin ingliz tilini o‘rganish kerak. Tilni esa sekin, o‘zini majburlamasdan, yillar davomida o‘rganish lozim. O‘shanda mukammal ko‘rinishga ham yetib keladi.

Zavqiddin Gadoyev:

— O‘zbekistonda mehnat qilayotgan xitoyliklarni ko‘p kuzataman. Bir vaqtning o‘zida bir nechta tilni biladi, juda yaxshi emas, o‘z fikrini tushuntirishga yetarli darajada. Ammo o‘z sohasining zo‘r mutaxassisi. Bizdayam xuddi shunday bo‘lishi kerak. Ya’ni til o‘z sohasini rivojlantirish uchun xizmat qilishi kerak kishiga. Yoshlar tushuntirish kerakki, tilni ma’lum darajada o‘rganib, qolganiga o‘z sohasi bo‘yicha chuqur bilimlarga intilish kerak. Qaraylik, chet elga chiqqan yoshlarning til bilgani nima qilyapti, til bilan o‘z sohasini yaxshi bilgani nima qilyapti? Faqat til bilgani ofitsiantlik qilayotgan bo‘lishi mumkin, lekin sohasini yaxshi bilgani yaxshi joylarda ishlayapti.

Maqsuda Abduqayumova, jurnalist
Tasvirchi: Mirvohid Mirrahmatov
Montaj ustasi: Nuriddin Nursaidov

Top