21:15 / 18.07.2023
12141

«Rossiya bilan urushni xohlamaymiz» - JAR prezidenti Putinni hibsga olish imkonsizligini aytdi 

Ramafosa «Putinni hibsga olish va ekstraditsiya qilish uchun qonuniy asoslar yo‘q», deb qasam ichdi. 

Foto: Kopano Tlape/GCIS

Yohannesburg Oliy sudi Janubiy Afrika (JAR) prezidenti Siril Ramafosaning Rossiya prezidenti Vladimir Putin haqida qasamyod ostida bergan maxfiy bayonotini oshkor qilish haqida buyruq chiqardi. 

Unda JAR yetakchisi Xalqaro jinoyat sudi orderiga binoan Putinni hibsga olish imkonsiz ekanini, aks holda Rossiya bu harakatni urush e’lon qilinishi kabi qabul qilishini aytgan. 

«Rossiya bilan urushga kirishish bizning Konstitutsiyamizga to‘g‘ri kelmaydi. Men respublikaning milliy suvereniteti, tinchligi va xavfsizligini himoya qilish uchun konstitutsiyaviy majburiyatga egaman», dedi Ramafosa. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, «hozirda prezident Putinni hibsga olish va ekstraditsiya qilish uchun hech qanday qonuniy asoslar yo‘q». 

«Vazirlar mahkamasi BRICS sammiti Janubiy Afrikaning xalqaro va huquqiy majburiyatlariga rioya qiladigan tarzda o‘tkazilishini belgilab oldi», deyiladi Ramafosa bayonotida. 

Janubiy Afrika prokurorlari Putin mamlakat hududida paydo bo‘lsa, orderga muvofiq hibsga olinishini e’lon qilish kerakligi haqida taklif berishgan edi. Ramafosa buni «fundamental xato» deb atadi. 

«Hukumat o‘z majburiyatlarini biladi. Bu haqda ommaviy ravishda e’lon qilishning hojati yo‘q, deb hisoblaydi. Janubiy Afrika orderga qanday amal qilishini maxfiy tarzda ko‘rib chiqishga majbur», dedi u. 

Ramafosa Putinning Janubiy Afrikaga kelishi masalasi aniq emasligini tan oldi. 

«Uning kelishi haqida yakuniy qaror yo‘q», dedi prezident. 

2023 yil mart oyida Haagadagi Xalqaro jinoyat sudi Rossiya prezidenti Vladimir Putinni ukrainalik bolalarni deportatsiya qilishda ishtirok etgani uchun hibsga olish haqida order bergan edi. Bu order Rim statutida ishtirok etuvchi 123 ta davlatni Rossiya rahbari o‘z hududida paydo bo‘lsa, hibsga olishga majbur qiladi. Ular orasida Janubiy Afrika ham bor. 

Janubiy Afrika bu yil oflayn rejimda o‘tkaziladigan BRICS sammitiga mezbonlik qilishi kerak. Unda Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika yetakchilari ishtirok etishi rejalashtirilgan. Putin sammitga taklif olgan, ammo uning ishtiroki qanday bo‘lishi haqida yakuniy qaror yo‘q. 

Putinni hibsga olmaslik uchun Janubiy Afrika bir necha oy davomida XJS orderini bajarishdan qochish yo‘llarini qidirmoqda. U sammitni boshqa davlatga «ko‘chirish», uni onlayn tarzda o‘tkazish va ishtirokchilarga diplomatik immunitet berishni masalasini ham ko‘rib chiqqan. 

XJS Putin Janubiy Afrikaga borsa, mahalliy hukumat «to‘g‘ri yo‘l tutishiga» ishonishini ma’lum qilgan. 

Top