21:44 / 19.07.2023
9541

“O‘zbekiston tashqi siyosatida “yumshoq kuch” strategiyasini ishlab chiqish vaqti keldi” - siyosatshunos

17 iyul kuni Toshkentda “Tirilish” nashriyoti tomonidan tarjima va nashr qilingan uchta siyosiy asar: “Manipulyativ diktatorlar”, “Kuchsizlar kuchi” va “Yumshoq kuch” kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda tarjimon va qator siyosatshunoslar tomonidan bir-birini kuch va hokimiyat masalalari bog‘lab turuvchi bu kitoblar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, taqdimotning savol-javob qismida O‘zbekiston va dunyo siyosatiga oid mehmonlarni qiziqtirgan qator masalalar muhokama qilindi.

Jumladan, siyosatshunos Suhrob Bo‘ronov bugungi global siyosatda “qattiq kuch”dan (turli vostilalar orqali majburlashni ko‘zda tutadi) ko‘ra, “yumshoq kuch”ning (ixtiyoriy ishtirok etish, simpatiya va jozibadorlik asosida istalgan natijalarga erishish modeli) ahamiyati va jozibadorligi ortib borayotgani haqida gapirdi.

“Yumshoq kuch” (soft power) atamasini fanga Harvard universiteti professori Jozef Nay olib kirgan. U o‘zining shu nomdagi kitobida Sovuq urush davridan keyingi jahon siyosati va xalqaro munosabatlarida “yumshoq kuch” strategiyasini qo‘llash usullari, uning manbalari, qattiq kuchning (hard power) o‘zgaruvchan tabiati, bir qator aktorlarning yumshoq kuch siyosati hamda AQSh timsolida yumshoq kuchning ta’siri va rolini atroflicha tahlil qiladi.

Ya’ni siyosatda “yumshoq kuch” – bu o‘z manfaatlaringizni boshqalarning manfaat va istaklariga aylantirish hisoblanadi. Bunda bir mamlakat ikkinchisiga taklif qilgan g‘oya oxir oqibatda yana birinchisining manfaatiga xizmat qiladi.

“Yumshoq” va “qattiq kuch” haqida Jozef Naydan tashqari Amerika federal komissiyasi sobiq raisi Nyuton Menou ham fikr bildiradi va “g‘oyalar uchun sarflangan 1 dollar mablag‘ bombalar uchun sarflangan 100 dollar qiymatga teng”, deydi.

XX asr oxirigacha xalqaro siyosatda “hard power”, ya’ni “qattiq kuch” asosiy rol o‘ynagan bo‘lsa, XXI asrga kelib “soft power”, ya’ni “yumshoq kuch” asosiy o‘ringa chiqib ulgurdi. Bugun har qanday davlatda, u xoh AQSh bo‘lsin, xoh boshqasi boshqalarga ta’sir o‘tkazish kuchi cheklangan. Shunday ekan, “yumshoq kuch”ning ahamiyati oshayotgani bejiz emas”, – dedi siyosatshunos.

Suhrob Bo‘ronovning fikrlarida davom etib ta’kidlashicha, biz yashayotgan asrda “yumshoq kuch”ning asosiy vositalari – kino, sa’nat, adabiyot va ilm-fan hamda axborot hisoblanadi.

“Xo‘sh, bugun “yumshoq kuch” O‘zbekiston uchun qanday ahamiyat kasb etadi? Fikrimcha, O‘zbekiston tashqi siyosatida “yumshoq kuch” strategiyasini ishlab chiqish vaqti keldi. Bizda hali bunday strategiya yo‘q. Shuningdek, bunday strategiyani ishlab chiqishdan avvalgi bir qator muammo va to‘siqlar ham bor. Bizda bunday kuch strategiyasini ishlab chiqishda kelgan bo‘ladigan resurslar bizda bor, mexanizm yo‘q.

Birinchidan, bugun bizda madaniy va terixiy me’rosni dunyo maydonida ilgari surish, tarannum qilish bo‘yicha kamchiliklar ko‘p. Masalan, O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan to 2000 yillarga qadar UNESCO bilan faol ishlagan. Lekin keyinchalik bu aloqalar ancha sovib qolgan. Ahir, bu tashkilot O‘zbekistonning dunyodagi madaniy jozibasini oshirib beradigan eng muhim tashkilot-ku. Ammo bugun dinamika tushib ketgan.

Yoki tarixiy me’rosimizni gavdalantirishni oling. Bizda bugun xorijda ko‘riladigan, tanilgan biror bir tarixiy kino ishlab chiqarilmagan. Bizni dunyoda tarannum qila oladigan yaxshi bir kinoyimiz yo‘q. Janubiy Koreyani bugun nima orqali buyuk davlat, xalqini buyuk xalq sifatida taniyapmiz, kinolari orqali-ku. Vaholanki, ularning tarixida atigi bir nechta davlatchilik bo‘lgan. Lekin kinolar ularning tarixi buyukligidan darak beradi.

Uchinchidan, millat va til masalasi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda 60 milliondan ortiq inson o‘zbek tilida so‘zlashadi. Bu degani dunyodagi o‘zbeklar soni 60 millionga yaqinlashgan. Biz agar bu tilni dunyodagi ta’siri, ravnaqini xorijda oshirishga harakat qilsak, targ‘ibotini kuchaytirsak, buni “yumshoq kuch”ning juda katta vositasiga aylantirishimiz mumkin. Chunki O‘zbekistondan tashqarida juda ko‘plab o‘zbeklar, nufuzli o‘zbeklar yashaydi. Ular orqali ko‘plab maqsadlarni amalga oshirishimiz mumkin. Ammo bu borada ham ishlarimiz sezilmayapti.

To‘rtinchi va eng muhim omil esa axborot quroli. O‘ylashimcha, biz bugun shunday katta quroldan foydalana olmayapmiz. Tashqarida bizning axborot resurslarimiz yo‘q. Rivojlangan davlatlarda esa o‘zlarining xorijdagi axborot nashrlari juda ko‘p. Ana shu axborot qurollaridan ular tashqi siyosiy manfaatlarini amalga oshirish yo‘lida foydalanishadi. Lekin bizda bunday qurol hatto Markaziy Osiyo uchun ham mavjud emas. Ya’ni bizda mintaqa uchun yoki mintaqadagi davlatlarning qaysidir resurslariga javob bera oladigan axborot qurollari mavjud emas.

Shuningdek, ilmiy, madaniy almashinuv dasturlari. Jozef Nay o‘z kitobida Amerika siyosatida ilmiy, madaniy almashinuv dasturlarining ahamiyati haqida ham gapiradi. Unga ko‘ra, shu paytga qadar 200dan ortiq rahbarlari bevosita AQShda tahsil olgan ekan. Bunga misol qilib Anvar Sadat, Gelmut Shmidt va Margaret Tetcher keltiriladi. Tabiiyki, ular o‘z vaqtida AQSh manfaatlariga xizmat qiladigan yoki qarshi bo‘lmagan siyosat yuritishgan. Bugun taqdimoti o‘tayotgan kitoblarda shu kabi masalalar o‘rin olgan”, – dedi siyosatshunos Suhrob Bo‘ronov. 

Top