Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 iyul kuni Toshkent shahar Sergeli tumanidagi Alutex korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, prezident bu yerdagi ish jarayoni va mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi.
- Dunyodagi yetakchi kompaniyalar bilan birgalikda umumiy quvvati 15 gigavattdan ortiq quyosh va shamol stansiyalarini barpo etmoqchimiz. “Yashil” energetika - mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz uchun tayyor bozor, katta imkoniyat. Faqat asosiy talab - sifat, - dedi prezident.
Korxonaga Italiya, Janubiy Koreya va Turkiyadan eng zamonaviy uskuna va jihozlar keltirib o‘rnatilgan. Natijada 400ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Sentabr oyidan qo‘shimcha yangi 130 turdagi alyumin profillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Import o‘rnini bosishdan tashqari, mahsulotlarning bir qismini eksportga yo‘naltirish rejalashtirilgan.