12:21 / 21.07.2023
6411

YeI Navalniy saqlanayotgan koloniya rahbariyatiga qarshi sanksiyalar kiritdi

Vladimir viloyatidagi 6-sonli axloq tuzatish koloniyasi rahbari Dmitriy Nojkin, shuningdek, uning o‘rinbosarlari Yuriy Fomin, Danila Sinyuxin va Anatoliy Gorshkovga ham cheklov choralari joriy etildi.

Foto: Natalia KOLESNIKOVA/AFP/Scanpix/Leta

Yevropa Ittifoqi Rossiyada inson huquqlarining jiddiy buzilishi, xususan, siyosatchi Aleksey Navalniy va jamoat arbobi Vladimir Kara-Murzaning ta’qibi uchun mas’ul bo‘lgan 12 kishi va besh tashkilotga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda 20 iyul, payshanba kuni YeI kengashi saytida ma’lum qilindi.

Jazoni ijro etish federal xizmati direktori Arkadiy Gostev, uning o‘rinbosari Aleksey Girichev, Vladimir viloyatidagi 6-sonli axloq tuzatish koloniyasi boshlig‘i Dmitriy Nojkin, shuningdek, uning o‘rinbosarlari Yuriy Fomin, Danila Sinyuxin va Anatoliy Gorshkovga nisbatan sanksiyalar qo‘llangan. Aynan shu koloniyada Navalniy muddatini o‘tamoqda.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi muxolifat yetakchisi Vladimir Kara-Murzani zaxarlashda aybdor deb hisoblagan «FSB» zobiti Aleksandr Samofal ham cheklovlarga tushdi.

Yevropa Ittifoqi sanksiyalari, shuningdek, «Rossiyada o‘zboshimchalik bilan hibsga olish uchun ommaviy yuzni tanib olish texnologiyasini suiiste’mol qilgan» tuzilmalar va odamlarga nisbatan ham joriy qilingan. YeIga ko‘ra, ular orasida Moskva merining o‘rinbosari Natalya Sergunina, Moskva IIBB boshlig‘i Oleg Baranov, Moskva axborot texnologiyalari departamenti rahbari Eduard Lisenko, shuningdek, ular boshchiligidagi tuzilmalar bor.

Yevropa Ittifoqining qayd etishicha, sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan odamlar va idoralar siyosiy sabablarga ko‘ra sud qarorlarini qabul qilish, kuzatuv va ommaviy hibsga olishda ishtirok etgan. Shuningdek, Moskva meriyasining NtechLab, «Elektronnaya Moskva» AJ va Tevian yuzni tanib olish texnologiyasi uchun mas’ul bo‘lga pudratchi kompaniyalari ham sanksiyalar ostida qoldi. 

Top