12:56 / 22.07.2023
10883

Erdo‘g‘an va Zelenskiy «g‘alla bitimi»ni uzaytirish imkoniyatini muhokama qildi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy «telefon orqali Qora dengiz don yo‘lagi bo‘yicha kelishuvni uzaytirish masalasini batafsil muhokama qildi», deya ma’lum qildi Erdo‘g‘anning idorasi. 

Foto: AFP

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, suhbat Zelenskiyning iltimosiga ko‘ra bo‘lib o‘tgan.

Ukraina prezidentining xabar berishicha, suhbatdoshlar «Qora dengiz g‘alla tashabbusi faoliyatini qayta tiklash bo‘yicha sa’y-harakatlar bo‘yicha kelishib olgan» va «tinchlik formulasi»ni amalga oshirish masalalarini muhokama qilgan. 

Bundan tashqari, Zelenskiy Turkiya prezidentidan ukrainalik mahbuslar, xususan, qrim-tatarlarning vatanga qaytishiga ko‘maklashishni so‘ragan.

Avvalroq Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan bu borada muzokaralar olib borsa, «g‘alla bitimi»ni davom ettirish imkoniyatiga ishonishini aytgandi.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadan don yetkazib berishni qayta tiklash «juda va juda qiyin» bo‘ladi. «Biz ittifoqchilar va hamkorlar, Ukraina bilan boshqa variantlarni ko‘rib chiqish uchun ishlayapmiz», dedi u Aspen xavfsizlik forumida. 

Urushdan oldin Rossiya va Ukraina dunyodagi eng yirik g‘alla eksportchilaridan biri edi. Shimoliy va Sharqiy Afrikadagi ko‘plab mamlakatlar Rossiya va Ukraina ta’minotiga bog‘liq. 

Ukrainada urush boshlanishi ortidan jahon bozorida oziq-ovqat narxi keskin oshdi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, hozir dunyoda 735 millionga yaqin ochlikdan aziyat chekayotgan odam bor, bu to‘rt yil avvalgiga nisbatan sezilarli o‘sishdir. Bu, jumladan, Ukraina urushi bilan bog‘liq.

Mavzuga oid
Top