09:06 / 22.07.2023
6646

Shimoliy Koreya Sariq dengiz tomon qanotli raketalar uchirdi

Shimoliy Koreya Sariq dengiz tomon bir nechta qanotli raketalarni uchirdi, deb xabar berdi Janubiy Koreya harbiylari. Pxenyan AQShning yadro quroliga ega suvosti kemasi Janubiy Koreyaga yetib borishi munosabati bilan raketa sinovlarini kuchaytirdi.

Foto: KCNA

Shimoliy Koreya Sariq dengiz tomon bir nechta qanotli raketalarni uchirdi, deb xabar berdi Yonhap agentligi Janubiy Koreya shtab boshliqlari qo‘mitasiga tayanib. Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, uchirish mahalliy vaqt bilan 22 iyul kuni taxminan soat 04:00da (Toshkent vaqti bilan 22 iyul kuni taxminan 00:00) amalga oshirilgan, raketalar dengizga qulagan. Agentlikning qo‘shimcha qilishicha, Janubiy Koreya harbiylari va AQSh razvedkasi «uchirishlarni tahlil qilmoqda». 

Shimoliy Koreyaning oldingi raketa sinovi 19 iyul kuni, Pxenyan qarama-qarshi yo‘nalishda, Yapon dengizi tomon ikkita qisqa masofali ballistik raketa uchirganda bo‘lib o‘tdi. Seul buni «provokatsiya harakatlari» va BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalarining ochiqdan-ochiq buzilishi sifatida baholab, Koreya Respublikasi Qurolli kuchlari doimiy jangovar shaylikni saqlab turishini aytdi. 
 
18 iyul kuni Seulda Janubiy Koreya va AQSh Qo‘shma yadroviy maslahat guruhining birinchi yig‘ilishini o‘tkazganidan so‘ng Shimoliy Koreyaning raketa uchirishlari faollashdi. Shu bilan birga, 1981 yildan beri birinchi marta AQShning yadroviy qurolga ega suvosti kemasi USS Kentucky Janubiy Koreyaga yetib keldi. 

Shimoliy Koreya mudofaa vaziri Kan Soon Namning aytishicha, suvosti kemasining Janubiy Koreyaning Pusan portiga kelishi «Shimoliy Koreyaning yadroviy kuchlari to‘g‘risidagi qonunida ko‘rsatilganidek, yadro qurolidan foydalanish shartlariga bog‘liq bo‘lishi mumkin». 

18 iyul kuni AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin demilitarizatsiya qilingan hududga tashrif buyurgan amerikalik askar «qasddan va ruxsatsiz» Janubiy va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi demarkatsiya chizig‘ini kesib o‘tgani va u go‘yoki KXDRda hibsda saqlanayotganini aytdi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, gap Travis King ismli oddiy askar haqida boryapti. Pxenyan Vashingtonning askar taqdiri haqidagi so‘rovlariga hozircha javob bermadi, deya xabar bermoqda Amerika axborot agentliklari. 

Mavzuga oid
Top