11:27 / 22.07.2023
18145

Matonatli ekofaol: daraxtni kesilishdan asrash uchun uning tepasida 2 yil yashagan qiz haqida hikoya

1997 yilda Kaliforniya shtatidagi o‘rmonda yog‘och tayyorlaydigan kompaniya daraxtlarni kesa boshlaydi. Bu ishga darhol ekofaollar qarshi chiqishadi. Shunda 23 yoshli qiz jamoatchilik va OAVning e’tiborini tortish uchun ulkan sakvoya daraxti tepasiga qurilgan uychaga chiqib yashay boshlaydi. Bu tadbir bir haftaga mo‘ljallangan edi, biroq qiz daraxt ustida 2 yil qolib ketadi va maqsadiga erishadi.

Foto: corbisimages

Bugun ekologik vaziyat shu darajaga keldiki, bitta daraxtning kesilishi ham musibat bo‘lishi kerak. Biroq bunday bo‘lmayapti va insoniyat daraxtlarni ayovsiz tarzda kesishda davom etyapti.

BMT hisob-kitoblarida keltirilishicha, dunyo bo‘ylab har yili millionlab gektar daraxtzorlar yo‘q qilinmoqda. Jumladan, 1990 yildan hozirgacha Yer yuzida 420 million gektar o‘rmonzor yo‘q qilingan.

Har yili 15 milliard dona daraxt kesilmoqda va har yili bu ko‘rsatkich oshib bormoqda. Bugun dunyoning turli davlatlarida yashayotgan ekofaollar har bir daraxt juda qadrli ekanini aytib, ularning yoppasiga kesilayotganiga o‘z e’tirozlarini bildirishadi. Biroq hozircha unday e’tirozlarning nafi bo‘lmayapti.

Bugun dunyo okeanini va atrof-muhitni plastik muammosi qamrab olgan. Har yili millionlab jonzotlar plastik idishlar yoki buyumlar sababli halok bo‘lyapti. Shu sababli dunyodagi plastik idishlarni ko‘p ishlatadigan yirik kompaniyalarga qog‘oz qadoqlardan foydalanishga chaqiruvlar bo‘lyapti.

Biroq boshqa tomondan qog‘oz qadoqlarga o‘tish boshqa muammolarni keltirib chiqishi mumkin. Ya’ni agar dunyodagi plastikdan foydalanayotgan kompaniyalar undan voz kechib qog‘oz qadoqlarga o‘tsa Yer yuzida daraxt kesish (qog‘ozning asosiy qismi daraxtlardan olinadi) battar avj oladi. Oqibatda o‘rmonlar hajmi qisqarishi yanada tezlashadi va holat yanada ayanchli tus olishi mumkin.

Rossiyada kesilgan o‘rmon o‘rni / Foto: krasyabloko.ru

Aslida daraxtlarni qayta ekib tiklasa bo‘ladi. Bu uchun kesilgan daraxtlar o‘rniga yangi ko‘chatlar ekilishi kerak. Biroq yog‘och sanoati bilan shug‘ullanuvchi ayrim kompaniyalar bunday qilishmaydi va kesilgan daraxtlar o‘rni yaydoq dalaga aylanib qoladi.

Yoki kesilgan o‘rmonlar o‘rniga ekilgan daraxtlarning katta bo‘lishi uchun uzoq yillar kerak bo‘ladi. Agar daraxtlarning o‘suvchanligiga e’tibor berilsa masalan, qarag‘ay 20 yilda, eman esa 50 yilda katta daraxtga aylanadi.

Boshqa tomondan esa Yer yuzida aholi soni muttasil o‘sib kelyapti. Bunday holatda odamlarni oziq-ovqat bilan ta’minlash masalasi ham dolzarb muammo bo‘ladi. Shu sababli aksariyat joylarda daraxtlar kesilib, o‘rnida dehqonchilik qilish uchun yerlar ochilmoqda.

20-asrning ikkinchi yarmi va 21-asrda ekologik vaziyat inqirozga yuz tutar ekan, dunyoning turli davlatlarida ekofaollar soni ko‘paydi. Ularning aksariyati tabiat uchun jon kuydirib, uning kushandalariga qarshi chiqmoqda. Amerikalik Juliya Xill ham ana shunday ekofaollardan biri hisoblanadi.

Boshida ekofaol bo‘lmagan bu qiz birgina daraxtni himoya qilish ortidan aktiv ekofaolga aylanadi. U Amerikadagi balandligi 55 metr bo‘lgan sakvoya daraxtini kesilib ketishdan asrash uchun ikki yil uning ustida yashaydi.

Juliya Xill yashagan daraxt

Juliya Xill

Juliya Xill 1974 yilda AQShning Missuri shtatidagi Maunt-Vernon shahrida tug‘ilgan. Juliyaning otasi voiz bo‘lgan va turli shtatlar bo‘ylab aylanib yurgan. Shu sababli Juliya, uning ikki nafar akasi va ota-onasi asosan avtofurgonda yashashgan.

Juliyaning otasi oilasi bilan furgonda bir shahardan ikkinchi shaharga ko‘chib yurar ekan, dam olish uchun tabiat qo‘ynida to‘xtashar, bolalarning vaqti asosan dalada o‘tardi. Qizda tabiatga mehr ana shu vaqtda boshlangandi.

Keyinroq Juliyaning oilasi Arkanzas shtatidagi Jonsboro shahrida muqim yashab qoladi. Qiz shu shahardagi maktabda o‘qiydi va uni bitiradi.

1996 yilda Juliya 22 yoshda ekanida avtohalokatga uchraydi. Qiz va uning dugonasi ketayotgan mashinaga mast haydovchi boshqaruvidagi mashina kelib uriladi.

To‘qnashuv juda kuchli bo‘lgani sababli Juliya og‘ir jarohat oladi. Qariyb bir yil davom etgan muolajadan so‘ng u shifo topadi va oyoqqa turib ketadi.

Shundan so‘ng qizning hayotga bo‘lgan qarashlari o‘zgaradi. U odamlarning atrof-muhitga bepisand munosabati ortidan iqlim o‘zgarayotganini, oqibatda, tabiat, odamlar va hayvonot dunyosi jiddiy muammolarga yo‘liqayotganini tushunib yetadi.

1997 yil qiz shifoxonadan chiqqandan so‘ng Kaliforniyaga otlanadi. Ekofaollar tomonidan Stafford shaharchasi yaqinidagi o‘rmon hududida daraxtlarning kesilishiga qarshi tadbirlar o‘tkazilishi belgilangandi.

Juliya Xill daraxt tepasida / Foto: alamy.com

O‘sha paytda yog‘och tayyorlovchi kompaniyalardan biri Stafford yaqinidagi o‘rmonni sotib olgan va daraxtlarni ayovsiz tarzda kesayotgan edi. Nobud qilinayotgan daraxtlar orasida dunyodagi eng yirik daraxtlardan biri deb hisoblanadigan sakvoya daraxtlari ham bo‘lgan.

Mazkur daraxtning yana bir nomi «Mamont daraxti». (Mamont bir paytlar yo‘qolib ketgan yirik filsimon hayvonning nomi.)

Stafforddagi daraxt kesish ishlari bir tomondan tabiatga jiddiy zarar yetkazayotgan, ikkinchi tomondan yer ko‘chib u yerda yashayotgan odamlarga zarar keltirgan edi.

Bu hududdagi daraxtlarning kesilishiga qarshi bo‘lgan ekofaollar bu yerda turli tadbirlarni o‘tkazib kelar, biroq ularning nafi bo‘lmayotgandi.

O‘sha paytda Juliya hali ekofaollar safiga qo‘shilmagan, shunchaki tabiatni sevgani uchun bunday tadbirlarda qatnashib turardi. Qiz Kaliforniyaga yetib borgach ekofaollar tashkil etgan tadbirda qatnashadi.

So‘ng ekofaollar yog‘och tayyorlovchi kompaniya kesmoqchi bo‘lgan 55 metrlik bahaybat sakvoyani asrab qolish uchun uning tepasiga 3 kvadrat metrli mo‘’jaz uycha o‘rnatishadi.

Uychada bir kishining yashashi uchun barcha sharoitlar qilingan, kichik oshxona, yuvinish xonasi va yotoqxona bor edi. Uychaga quyosh panellari o‘rnatilgandi. Ekofaollardan biri shu uychaga chiqib hafta-o‘n kun yashashi kerak edi. Shunda sakvoyani saqlab qolishning iloji bo‘lardi.

Shunda Juliya daraxtda yashamoqchiligini aytadi va tepasiga chiqib oladi. Belgilangan muddat tugagandan so‘ng ham qiz daraxtni asrab qolish maqsadida undan tushishni xohlamaydi.

Juliya Xill daraxt tepasida

Ekofaollar daraxtlarni asrab qolish uchun uning tepasiga chiqib yashashni ilk bor 1985 yilda Oregona shtatida qo‘llashgan va ish bergan edi. O‘shandan keyin AQShda tabiat himoyachilari daraxt kesuvchilarga qarshi shu chorani tez-tez qo‘llab turishadi. 1997 yilda Kaliforniyada ham shu ishni qilishadi.

Juliya daraxt tepasida yashar ekan, ulkan sakvoyani kesmoqchi bo‘layotgan yog‘och tayyorlovchi kompaniya xodimlari qiz pastga tushmasa daraxtni kesa olishmasdi. Buni yaxshi bilgan qiz daraxt tepasida yashay boshlaydi.

Kaliforniya nisbatan issiq joy va u yerda qish ham iliq o‘tadi. Qiz daraxt tepasida yashar ekan, sovqotmasa ham yomg‘ir, shamol, do‘l, chaqmoqli kunlarni o‘tkazadi va og‘ir vaziyatda ham uning ustidan tushmaydi. Unga oziq-ovqat va boshqa kerakli narsalarni ekofaollar yetkazib turishadi.

Juliyaga daraxt tepasida yashash oson bo‘lmaydi. Tabiat injiqliklaridan tashqari, manfaatdor kuchlar bilan to‘qnashuv xavfi ham bor edi. Qiz yog‘och tayyorlovchi firma xodimlari, politsiyachilar, harbiylarning do‘q-po‘pisalariga chidashga majbur edi.

Juliya Xill yashagan daraxt

O‘sha paytda qizni pastga tushira olishsa kompaniyaga zarar yetkazishda ayblab hatto qamashlari ham mumkin edi. Qizning daraxtdan tushishini talab qilib sakvoya tepasida politsiya vertolyotlari uchadi.

Hatto uni daraxtdan tushirish uchun harbiylar ham kelishadi. Kompaniya xodimlari doimiy bosim o‘tkazishadi. Biroq Juliya barchasiga bardosh beradi va daraxtdan tushmaydi.

Qiz daraxtga chiqib olgan ilk kechada oy to‘lgan edi. U shunda daraxtga «Oy daraxti» deb nom beradi. Umumiy hisobda qiz daraxt tepasida 1997 yil 10 dekabrdan 1999 yil 18 dekabrgacha 738 kun yashaydi.

Qizning uzoq vaqtdan buyon daraxt tepasida yashab kelayotgani AQShdagi ko‘plab telekanallar va OAV e’tiborini tortadi. Shundan so‘ng Juliya va Oy daraxti haqida lavhalar beriladi, xabarlar chiqadi.

Nihoyat 1999 yilda Pacific Lumber Company kompaniyasi vakillari yon berishadi. Ular rasmiy ravishda qiz o‘tirgan sakvoya va shu atrofdagi barcha daraxtlarni kesmasdan asrab qolishga va’da berishadi. Shundan so‘ng qiz daraxtdan tushadi.

2000 yilda bir guruh shaxslar Oy daraxtini motoarra bilan kesib ketishadi. O‘shanda daraxt tanasining yarmigacha kesilgandi. Ekofaollar darhol metall moslamalar topib kelib, daraxtni o‘sha bilan mustahkamlab qo‘yishadi. Shu tariqa, Juliya yashagandan so‘ng butun Amerika bo‘ylab mashhur bo‘lgan daraxtni asrab qolishadi.

Juliya Xill yashagan daraxtni bir yil o‘tgach kesib shikastlashadi. Uni ekofaollar asrab qolishadi. / Foto: cathedralgrove.eu

Ikki yil umrini daraxt tepasida o‘tkazgan Juliya Xill shu ishi ortidan mashhur ekofaolga aylanadi. Keyinchalik u turli hududlarda bo‘lib, turli tadbirlarda qatnashadi, tabiatni asrash bo‘yicha ma’ruzalar o‘qiydi (yiliga 250 tagacha).

2000 yilda Juliya haqida «Kapalak» nomli hujjatli film namoyish etiladi. (Qizning bolalikdagi laqabi «Kapalak» bo‘lgan). Filmda qizning daraxt tepasida o‘tkazgan ikki yillik hayoti haqida hikoya qilinadi.

Shuningdek, u tabiatni asrash bo‘yicha ko‘plab kitoblar yozib chop ettirgan. Bir qancha fondlar tashkil etgan. Juliya hozir 49 yoshda va u hanuzgacha ekofaol sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

Juliya Xill daraxt tepasida / Foto: corbisimages.com
Juliya Xill daraxt tepasida
Juliya Xill daraxt tepasida shunday holatda yashagan

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Top