10:59 / 23.07.2023
23059

Britaniya arxivlari: Kuchma YeIga kirishda Blerdan yordam so‘ragan, G‘arbga esa Putin zarurroq bo‘lgan

Britaniya davlat arxivining 20 yil avvalgi hujjatlari tarqaldi va ularda aytilishicha, Ukrainaning o‘sha vaqtdagi prezidenti Leonid Kuchma Britaniya bosh vaziri Toni Blerdan mamlakatning Yevropa Ittifoqiga kirish orzusi bo‘yicha yordam so‘ragan. Hujjatlarga ko‘ra, o‘shanda G‘arbda ko‘pchilik Ukraina bilan unchalik yaqin munosabatda bo‘lishni istamagan, ular uchun Putin bilan do‘stlik muhimroq bo‘lgan.

Toni Bler va Vladimir Putin 2003 yilda. Bler Rossiya prezidentiga simpatiya bildirgan yagona g‘arblik siyosatchi emasdi. Gerxard Shryoder uyoqda tursin, avvaliga Jorj Bush va Angela Merkel ham unga shunday munosabatda bo‘lgandi. Foto: Getty Images

Kuchmaning qo‘lda yozgan xati

Toni Blerning Yevropa masalalari bo‘yicha maslahatchisi Rojyer Liddlning xati ochiq manbalarda tarqaldi. Maslahatchi Britaniya bosh vaziriga yozgan xatida Kiyev yaqinroq muloqotda bo‘lishni istayotganini aytgan. Ukrainaning ikkinchi prezidenti Leonid Kuchma esa Blerdan Ukrainaning Yevropa va Yevroatlantika bilan integratsiyasi, xususan, Yevropa Ittifoqiga kirishi bo‘yicha yordam so‘ragan.

Kuchma qo‘lda yozilgan rasmiy xatida Ukrainani do‘st deb biladigan Bler bu borada shaxsan yordam berishidan umidvor ekanini bildirgan. Blerning yordamchisi esa o‘z xatida ukrainaliklar Yevropaning katta qismi va AQSh yangi prezidenti administratsiyasi ularni ko‘zlayotgan maqsadidan chekinishga undayotgani sabab tushkun kayfiyatda ekanini bayon qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, britaniyaliklar va G‘arbdagi boshqa davlat yetakchilari Putinga «pushti ko‘zoynak orqali qaragan». Liddl ukrainaliklar Putinni aqlli siyosatchi deb bilishi, ammo demokratik qahramon deb hisoblamasligini aytgan.

NATOning samimiy ittifoqchisi

Sizdirilgan hujjatlardan Toni Bler Putinning terrorizmga qarshi kurashda NATO bilan hamkorligini yuqori baholashi ma’lum bo‘ladi.

Rimda 2002 yilgi Rossiya-NATO sammiti. Putin, Berluskoni va Bush. Foto: Getty Images

Xususan, Toni Bler 2001 yil 15 noyabr kuni, AQSh Afg‘onistonga bostirib kirganidan ikki oy o‘tib o‘sha vaqtdagi NATO bosh kotibi lord Robersonga yozgan xatida shunday deydi: «Putin bilan muloqotlarimdan shunday xulosaga keldimki, u chindan NATO bilan hamkorlikni rivojlantirmoqchi. 11 sentabr voqealaridan keyin men, siz va NATO davlatlari yetakchilarining Putin bilan qilgan muloqotlari, o‘tkazgan uchrashuvlari endi biz chinakamiga yevroatlantik xavfsizlik haqida gapirish imkoniga egaligimizdan nishona».

O‘zaro muloqot uchun foydalanilgan yozishmalardan ma’lum bo‘ladiki, o‘sha vaqtdagi AQSh mudofaa vaziri Donald Ramsfeld Vashington Ukrainaning NATOga intilishini olqishlashini aytgan, Britaniya esa Ukraina alyansga kirish talablariga javob bermaydi deb hisoblagan. Ammo Birlashgan Qirollik Ukrainani ehtimoliy nomzodlar qatoridan butkul o‘chirish kerak degan xulosaga kelmagan.

Yozishmalarda 2001 yilda Ukrainada ko‘p mojarolar kuzatilgani, xususan, mamlakat prezidenti Kuchma jurnalist Georgiy Gongadzeni o‘ldirishni buyurgani haqida tarqalgan audioyozuv mavzusi ham tilga olingan.

«O‘zgacha qo‘shni» statusi

Ukraina prezidenti Leonid Kuchma 1997 yil 9 iyulida Madridda Ukrainaning NATO bilan hamkorligi to‘g‘risidagi Xartiya imzolangan marosimda Kongress saroyida chiqish qilmoqda.
Foto: JOYCE NALTCHAYAN/AFP

Yana bir hujjatdan ma’lum bo‘ladiki, 2002 yil fevral oyida Britaniyaning Ukrainadagi elchisi Roland Smit Ukraina, Belarus va Moldovaga «Yevropa ittifoqining o‘zgacha qo‘shnisi» statusi berilishini qo‘llamasligini aytgan. Uning fikricha, bu Yevropa Ittifoqining sharqiy chegarasi o‘zgarmas qilib belgilandi, degan xulosaga kelishga undaydi.

Roland Smit Ukrainani Yevropa Ittifoqining to‘laqonli a’zosi bo‘lishini cheklovchi rejalar qayerdan paydo bo‘lganini tushunmasligini aytgan. «Muammo Ukraina juda ham katta davlat ekanidami? Yoki biz Ukraina Rossiya [tarkibiga] qaytishi kerak deb hisoblaymizmi?» degan elchi.

Roland Smit nega Ukrainaning YeIga kirish rejasi Bolgariya va Ruminiyaning rejasidan farqli ekani bilan ham qiziqqan. Ma’lumot uchun, keyingi ikki davlat 2007 yilda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lgandi.

Oligarxlar ta’siri

Kiyevda Yevrokomissiya va Ukraina muzokaralari. 2001 yil fevral. Foto: Getty Images

Leonid Kuchma Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish istagi haqida 1998 yildayoq aytgandi. Ammo bunga birinchilardan bo‘lib Fransiya va Germaniya qarshi chiqqan. Ular Ukrainada korrupsiya urchigani, iqtisodiyot ishlamasligi, barcha biznes oligarxlar qo‘lida ekanini aytib, e’tiroz bildirgan.

2001 yil Qrimda o‘tgan muzokaralardan keyin Rojyer Liddl Ukrainadagi kuchsiz demokratiya va iqtisodning kuchayishi YeIning G‘arbiy chegarasida Rossiyaning G‘arbga qaratilgan har qanday ehtimoliy imperialistik harakatlariga qarshi yaxshi to‘siq bo‘lishini aytgan. 2001 yil Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga kirishi bo‘yicha Londonda o‘tgan muzokaralaridan keyin ham Liddl o‘z fikrini bildirgan. Uning aytishicha, ukrainaliklar AQShning yangi prezidenti administratsiyasi va Yevropaning katta qismi ularni rad qilgani sabab tushkun kayfiyatda ortga qaytishgan.

Yoki Rossiya yoki Ukraina bilan

Kuchma va Putin Moskvadagi muzokaralarda, 2001 yil
Foto: ALEXANDER NATRUSKIN/REUTERS POOL/AFP

2001 yil AQSh prezidenti bo‘lgan kichik Jorj Bush rossiyalik hamkasbi Putin bilan ilk uchrashuvidan keyin uni «dangal va hurmatga munosib lider» deb atagan. 11 sentabr teraktidan keyin esa AQSh Rossiyaning qo‘lloviga ehtiyoj sezgandi.

Sharqiy Yevropa siyosati bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan Birminghem universiteti professori Katerina Volchukning fikricha, 2001 yilda Britaniya hukumati Putinning Ukrainaga nisbatan siyosati bilan umuman qiziqmagan. Chunki ular Putinni Shimoliy Atlantika bo‘yicha hamkor deb hisoblagan.

2014 yilda Yevropa Ittifoqi nihoyat Ukraina bilan assotsiatsiya bo‘yicha kelishuv imzoladi. Ammo rossiyaparast prezident Viktor Yanukovich bu kelishuvni imzolashdan bosh tortadi. Oqibatda Ukrainada inqilob sodir bo‘ladi. 2014 yil 22 fevral kuni Yanukovichning hukumati ag‘darildi. Ko‘p o‘tmay Rostovga qochib ketgani Yanukovich kimning ta’siridagi prezident bo‘lganini isbotladi.

Bu voqealar fonida Rossiya Qrimni anneksiya qildi, Donbassning bir qismida o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «respublika»lar paydo bo‘ldi, 2022 yil 24 fevraliga kelib esa Rossiya Ukrainaga bostirib kirdi. Shu yilda Yevropa Ittifoqi Ukrianaga rasman ittifoqqa kirishga nomzod statusini taqdim etdi. Ukrainaning NATOga qabul qilinishi masalasi esa hali ochiqligicha qolmoqda.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top