16:50 / 25.07.2023
16505

IQ darajasi bilan Eynshteyn va Hokingni ham ortda qoldirgan 11 yoshli vunderkind

Mashhur daholarning IQ testidagi rekord natijalari yana yangilandi. “Men avvaliga Mensa IQ jamiyatiga kirish uchun 148 ball olish haqida o‘ylagandim. Hech qachon Eynshteyn olgan 160 ballga yaqinlashaman deb umid qilmagandim. Bu juda hayratlanarli va hissiyotli bo‘ldi”, – deydi ulkan zakovat sohibi Adrian Li.

Foto: Rachel Lau

11 yoshli Adrian Li Angliya poytaxti Londondagi Bernet tumanida yashaydi. Asli kelib chiqishi xitoylik bo‘lgan bu oila farzandi 2022 yilda ota-onasi bilan shu joyga ko‘chib kelgan. Dunyo miqyosida eng zakovatli insonlar butun aholining 1 foizini tashkil qilsa, endilikda Adrian mana shunday insonlar qatorida.

Hali maktabni ham tamomlamagan bu bolakay Mensa jamiyatining (dunyodagi eng yirik yuqori IQ tashkiloti) IQ testida 162 ballni qo‘lga kiritdi. Bu juda yuqori natija hisoblanadi. Solishtirish uchun, ikki daho nazariyotchi fiziklar Albert Eynshteyn va Stiven Hoking aynan shu testda 160 ballga ega bo‘lishgan.

Bunday ko‘rsatkichdan so‘ng yuqori IQ'ga ega insonlarni to‘plagan Mensa jamiyati Adrianga tashkilotga a’zo bo‘lish taklifini berdi.

Bolaligidanoq boshqalardan ajralib turgan

Yigitchaning onasi Reychelning so‘zlariga ko‘ra, Adrian kichikligidanoq boshqa bolalardan ajralib turgan. “Atigi 2 yoshida “universitet” so‘zini mukammal talaffuz qila olardi, garchi bu so‘zning ma’nosini bilmasa-da”, deydi u.

Qolaversa, Adrianning anchadan beri kitob mutolaasiga ishtiyoqi baland. Har kuni kitob o‘qishni kanda qilmaydi.

“Bolalar bog‘chasida u “Yulduzli urushlar” haqidagi sevimli kitoblarining to‘liq matnli versiyasini ham o‘qiy boshladi. Adrian 8 yoshida hatto romanlar yozishni boshlagandi, sarguzashtli hikoyalarga to‘la kitobini g‘urur bilan “Monster Quest” (Mahluq ortidan) deb atagan. Endilikda u o‘smirlar o‘qishi mumkin bo‘lgan Qadimgi Rim haqidagi romanini yozmoqda. Umid qilamanki, shu yilning kuzida bu kitob ham nashr etiladi”, – deydi Reychel.

Onaning aytishicha, o‘g‘li bir nechta akademik mukofotga ham sazovor bo‘lgan. Akademik bilim bilan chegaralanib qolmasdan, shaxmat, qilichbozlik, chang‘i uchish, stol tennisi, taekvondo, eshkak eshish kabi sport turlariga ham qiziqadi.

Adrian sentabr oyida Bernetdagi qirolicha Yelizaveta nomi bilan atalgan maktabga o‘qishga kirmoqchi va u yerda o‘zi kabi iste’dodli bolalar bilan uchrashishga umid qilmoqda.

Dunyodagi eng yaxshi shifokor bo‘lish istagi

Mensa jamiyati IQ test natijalarini e’lon qilgach, Adrian bunday ko‘rsatkichni kutmagani, ta’lim olib dunyodagi eng yaxshi shifokor bo‘lishni istashini aytdi.

“Men avvaliga Mensa IQ jamiyatiga kirish uchun 148 ball olish haqida o‘ylagandim. Hech qachon Eynshteyn olgan 160 ballga yaqinlashaman deb umid qilmagandim. Bu juda hayratlanarli va hissiyotli bo‘ldi.

Bir kun kelib o‘z orzumga – kardiolog bo‘lish, Kembrijda diplom olish va dunyodagi eng yaxshi shifokor bo‘lishga erishaman!” – deydi u.

Uning onasi Reychel esa farzandi iqtidorli bo‘lsa-da, hali ko‘p mehnat qilishi lozimligini aytmoqda.

“Biz Adrianning iqtidorli ekanidan faxrlansak-da, u ko‘p mehnat qilishi va iste’dodli bo‘lsa ham ehtiyotkor bo‘lishi kerakligini ta’kidlaymiz. Va u o‘z qiziqishiga mos keladigan sohani, o‘z yo‘lini tanlashini xohlaymiz. Shundagina Adrian kasbiga to‘laqonli ravishda o‘zini bag‘ishlay olishi, jamiyatga yordam berish uchun qo‘ldan kelgancha harakat qilishi mumkin”, – deydi Reychel.

Ma’lumot uchun, Mensa International – dunyodagi eng zakovatli (IQ darajasi baland) insonlar jam bo‘lgan nodavlat tashkilot hisoblanib, uzoq yillardan beri insonlarning intellekt darajasini aniqlash va yuqori natijalarni qayd etganlarga tashkilotga a’zolik taklifini berish bilan shug‘ullanadi.

O‘tgan yili noyabr oyida Londonda yashovchi yana bir 11 yoshli bolakay, Yusuf Shoh ham Mensa IQ testidan 162 ballni qo‘lga kiritib, ko‘pchilikni lol qoldirgandi.

Top