14:10 / 26.07.2023
41652

«Insonlar orasidagi iblis» – Gilgo bichdagi seriyali qotilliklar gumondori ushlandi

Nyu-York politsiyasi o‘ta xavfli jinoyatlarda ayblanayotgan Reks Xoyyermanni qo‘lga oldi. Kasbi arxitektor bo‘lgan Xoyyermann 11 kishini o‘ldirishda gumonlanmoqda.

10 yillardan buyon ochilmayotgan jinoyatlar

AQShda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan va 10 yillardan buyon ochiq qolayotgan jinoyatlarning asosiy gumondori bo‘lmish arxitektor Reks Xoyyermann qo‘lga olindi. U 11 kishini qiynab o‘ldirgan bo‘lishi mumkin. Qurbonlarning aksari yosh ayollar bo‘lib, ularning jasadi Long-Aylend oroli yaqinidagi Gilgo bich sohilidan topilgan. Politsiya ushbu qotilliklarni 10 yildan buyon surishtirib kelayotgandi.

Reks Xoyyermann. Foto: Archinect

Seriyali qotilliklarda gumonlangan Xoyyermanni topishda u yemay qoldirgan pitssa bo‘lagi yordam bergan. 59 yoshli arxitektorning uyidan chala yeyilgan pitssa chiqindiga olib chiqib tashlanadi. Yeyilmay qolgan pitssa bo‘lagidan olingan DNK namunasi esa o‘ldirilgan ayollardan birining jasadi solingan qopdagi namuna bilan bir xil bo‘lgan.

Xoyyermannga ayni damda uch nafar ayolni o‘ldirish bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Bular 2009 yilda o‘ldirilgan Melissa Bartelemi, 2010 yilda o‘ldirilgan Megan Uoterman va Ember Kostello. Arxitektor, shuningdek, 2007 yilda bedarak yo‘qolgan ayol Morin Breynard-Barns ishida ham asosiy gumondor hisoblanadi.

Gilgo bich. Foto: Getty Images
Gilgo bichdagi qidiruv ishlari. Foto: EPA
Gilgo bich seriyali qotilligi qurbonlari. Foto: NYP
Gilgo bich sohilidagi murdalar topilgan joylar. Foto: Reuters

«Gilgo to‘rtligi»

OAVda bu to‘rt ayolni «Gilgo to‘rtligi» deb atashadi. Gap shundaki, politsiya 2010 yil dekabr oyida boshqa bir ayol – 23 yoshli Shennen Gilbersni qidirayotganda 3 ayol jasadining qoldiqlarini topadi. Prokuror Rey Tirnining so‘zlariga ko‘ra ularning barchasi bir xil – yoki kamar yoki lenta bilan qo‘li bog‘langan holatda topilgan. Jasadlar qopga o‘ralgan bo‘lgan.

Shundan keyin politsiya qidiruv ishlarini kuchaytirib umumiy hisobda 11 nafar shu holatdagi jasadlarni topadi. Tergov ularning aksari fohishalik bilan shug‘ullanganini aniqlagan. Qotil o‘ldirgan qurbonlar orasida erkak kishi va yosh qiz bola ham bo‘lgan. 4 nafar qurbonning shaxsi hamon noma’lumligicha qolmoqda.

OAVda sohildan murdasi topilgan uch ayol va bedarak yo‘qolgan bir ayolni «Gilgo to‘rtligi» deb atashadi. Ular haqida kino ham ishlangan.

«Oramizda yurgan iblis»

Nyu-Yorklik arxitektor Xoyyermann ushbu qotilliklar bo‘yicha 2022 yildagina gumondor sifatida qaray boshlanadi. U qo‘lga olinganining ertasiga ayblov e’lon qilindi. Sudya jinoyatlar haddan tashqari pastkashlik bilan sodir etilgani sabab unga tovon puli evaziga ozodlikka chiqishga ruxsat bermaydi. Reks Xoyyermann aybdor emasligini iddao qilgan, ammo bu gapni aytgach yig‘lab yuborgan. Politsiya komissari Rodni Xarisson Xoyyermanni oramizda yurgan iblis va oilalarni buzuvchi yirtqich deb atagan. Gumondor ustidan sud mahkamasi 1 avgust kuni boshlanadi.

Jinoyatni ochgan pitssa bo‘lagi

Reks Xoyyermann 1987 yildan buyon Manhettenda arxitektor bo‘lib ishlab keladi. 2022 yilda politsiya uni qator qotilliklarda gumondor sifatida qarab, o‘shandan buyon sinchkovlik bilan kuzata boshlaydi, uyidan chiqayotgan chiqindilardan DNK namunalari oladi.

Xoyyermanning uyidan chiqqan pitssa qutisi.
Foto: Saffol okrug sudi

Jinoyat ochilishida ham aynan chiqindi asosiy omil bo‘ldi. Xoyyermanning uyidan chiqqan pitssa qutisida yeyilmagan bo‘lak ham bor edi. Undan olingan DNK namunasi sohilda topilgan jasadlardan biri solingan qopda topilgan namuna bilan bir xil bo‘lgan. Aynan mana shu fakt surishtiruvda burilish nuqtasi bo‘lgan.

Politsiya telefon suhbatlari, kredit karta operatsiyalari va mobil telefon bo‘lgan manzillarini taqqoslash orqali ham natijaga yaqinlashgan. Tergovchilar qotil o‘zi o‘ldirgan ayollarga bir martalik telefonlar orqali qo‘ng‘iroq qilib, keyin apparatlarni tashlab yuborgan degan xulosaga kelgan.

Xoyyermanning pikap ko‘rinishidagi avtomobili ham qotilni aniqlashda hal qiluvchi omillardan bo‘lgan. Uning akasi nomiga rasmiylashtirilgan yashil pikapi guvohlar tasvirlagan mashina bilan to‘g‘ri kelgan. Xoyyermann bir martalik telefonlaridan biri orqali o‘tgan yil davomida Long Aylenddagi seriyali qotillik ishi bo‘yicha kamida 200 marta qidiruv tizimlari vositasida ma’lumot izlagan.

Tergovchilar Xoyyermanning kompyuterida ayollarni qiynab jinsiy aloqa qilish va ularni o‘ldirish tasvirlangan videolar topgan.

Reks Xoyyermann Manhettendagi arxitektura kompaniyasi xo‘jayini hisoblanadi. Bu korxona o‘zini Nyu-Yorkdagi yetakchi arxitektura korxonalaridan biri deb hisoblaydi. Xoyyermanning bir qizi va o‘gay o‘g‘li bor. Qo‘shnisining aytishicha, u bir qarashda hech qanday shubha uyg‘otmaydi va har ertalab kostyum-shimda, galstuk taqib ishga ketadi. Tergovchiga ko‘ra, Xoyyermanning 92 ta qurol uchun ruxsatnomasi, uyida esa qurol saqlaydigan katta seyvi bo‘lgan.

Xoyyermanning uyidan topilgan qurollar. Foto: Daily Mail
Mavzuga oid
Top