O‘zbekiston | 22:11 / 01.08.2023
11528
4 daqiqa o‘qiladi

Lift xavfsizligi bilan bog‘liq qonunchilik me’yorlari ma’lum qilindi 

Liftdagi xavfsizlik, uni tekshiruvdan o‘tkazish uchun kimlar mas’ul? Xizmat muddati o‘tgan liftni kim almashtiradi? 

Foto: Kun.uz

Shu va shunga o‘xshash savollarga Hudud24 tomonidan javoblar tayyorlandi. 

Liftni texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun kim mas’ul? 

Liftdan kundalik foydalanishda nazoratni uning egasi olib borishi lozim. Lift egasi deyilganda lift joylashgan binoning egasi tushuniladi. Ko‘p qavatli uy-joylarda esa uy-joyni boshqarish shirkatlari lift uchun mas’ul hisoblanadi. 

Uy-joyni boshqarish shirkati liftning har yili kamida bir marta texnik ko‘rikdan o‘tkazilishini ta’minlashi lozim. 

Lift qancha muddat xizmat qiladi? 

Liftning pasportida uning xizmat muddati ko‘rsatilishi kerak. Agar ko‘rsatilmagan bo‘lsa, 25 yil xizmat qiladi deb hisoblanadi.  

Bu davr mobaynida lift ishlab chiqaruvchi uning xavfsiz ishlashiga javobgar hisoblanadi. 

Lift pasporti bo‘lmasa undan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi, lift pasporti o‘zbek tilida bo‘ladi, shuningdek, rus yoki ingliz tilida tarjimasi bo‘lishi mumkin. 

Liftning xizmat muddati tugaganidan keyin undan foydalanish faqat Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi ruxsati bilan amalga oshiriladi. 

Liftda qanday uskunalar bo‘lishi kerak? 

Liftda yordam qo‘ng‘irog‘i tugmasi, havo almashinuvini ta’minlaydigan moslamalar (odam sig‘imiga mos ravishda), yoritish uskunalari bo‘lishi shart. Shuningdek, liftda elektr o‘chib qolganda favqulodda yoritish moslamasi bo‘lishi lozim. 

Lift eshigi avtomatik yopilayotganda odamlarga shikast yetkazish xavfi minimallashtirilgan bo‘lishi lozim. 

Yangi uyga o‘rnatilgan liftni qabul qilib olish tartibi qanday? 

Yangi binoga liftni o‘rnatgan tashkilot va pudratchi (quruvchi) uni tekshiradi va sinovdan o‘tkazadi. Tekshiruv va sinov ijobiy bo‘lsa dalolatnoma tuziladi hamda lift egasiga topshiriladi. 

Lift egasi liftni qabul qilish bo‘yicha komissiya tashkil qilishi kerak va komissiyaga quyidagilar kiradi:

– lift egasi – komissiya raisi;

– buyurtmachi vakili;

– liftni o‘rnatgan tashkilot vakili;

– qurilish tashkiloti vakili;

– Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi inspektori. 

Yangi qurilgan ko‘p kvartirali uy-joyni boshqarish dastlabki ikki yilda quruvchi tomonidan amalga oshiriladi. Shunga ko‘ra, bunda uy-joylarda liftni dastlab qabul qilib oluvchi ham quruvchi bo‘ladi. 

Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi xavfsizlik qoidalariga rioya etilishi holati bo‘yicha davlat nazoratini olib boradi. 

Uy-joyni boshqarish shirkati ko‘p kvartirali uylarda avariyalarni bartaraf etadigan, 24 soat ishlaydigan avariya-dispetcherlik xizmatini tashkil etishi lozim. 

Bunda, lift bilan bog‘liq muammolar vujudga kelganda lift kabinasida o‘rnatilgan aloqa vositalari orqali avariya-dispetcherlik xizmatiga qo‘ng‘iroq qilib yordam olish imkoni bo‘lishi kerak. 

Xizmat muddati o‘tgan liftni kim almashtiradi? 

Hukumat qarori bilan 2021-2027 yillarda ko‘p kvartirali uylardagi lift uskunalarini ta’mirlash va yangilash dasturi tasdiqlangan. 

Dastur doirasida jami 3562 ta liftni ta’mirlash va almashtirish belgilangan hamda bu maqsad uchun 665 mlrd so‘m pul ajratilgan. 2023 yilda 532 ta lift ta’mirlanishi va yangisiga almashtirilishi kerak, ularning 452 tasi Toshkent shahrida. 

Dasturni amalga oshirish uchun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mas’ul. 

Mavzuga oid