O‘zbekiston | 08:16 / 02.08.2023
11196
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Mustaqillik kuniga tayyorgarlik ko‘rish boshlandi

Foto: XS

Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayramini munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash maqsadida quyidagilar tasdiqlandi:

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasining tarkibi;

“Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturi.

Respublika komissiyasiga barcha hududlarda “uch avlod uchrashuvi” tadbirlari, anjumanlar, adabiy-badiiy kechalar, milliy kino kunlari va boshqa tadbirlarni samarali o‘tkazish maqsadida atoqli ilm-fan namoyandalari, madaniyat va san’at arboblari, taniqli sportchilardan iborat targ‘ibot guruhlarini tashkil etish topshirildi.

Quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratiladi:

yangilangan Konstitutsiya mazmun-mohiyati va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy ustuvor yo‘nalishlari doirasida belgilangan tub islohotlar haqida mahallalar, ta’lim va mehnat jamoalarida ma’rifiy uchrashuv va suhbatlar o‘tkazish;

so‘nggi yillarda respublika iqtisodiyotining barcha tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va bu borada erishilayotgan natijalarni aniq misollar asosida keng yoritish;

“Har bir kun - bu imkoniyat, har bir kun - bu kelajak uchun poydevor” degan hayotiy shiorning mohiyati va ahamiyatini ochib berish;

sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va san’at, sport sohalarini rivojlantirish, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlarga doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, oila, onalik va bolalikni himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ijtimoiy dasturlarga alohida e’tibor qaratish va boshqalar.

O‘tkaziladigan bayram tadbirlari:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda - tegishli mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalari hamda jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hisobidan;

Toshkent shahrida - Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti va Toshkent shahar mahalliy budjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda moliyalashtiriladi.

Mavzuga oid