15:46 / 02.08.2023
54572

To‘rt yigit Kattaqo‘rg‘on suv omborida cho‘kib ketdi

Ular qayiqda suratga tushmoqchi bo‘lganida qayiq ag‘darilib ketgan.

Foto: Kattakurgan.narod.ru

30 iyul kuni Kattaqo‘rg‘on suv omborida 4 nafar yigit cho‘kib ketgani aniqlandi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatiga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi va Ko‘kdala tumanlarida yashovchi 7 yigit Samarqand viloyatiga — Nurobod tumani Po‘lat mahallasida yashovchi tanishi M.M.ning tug‘ilgan kunini nishonlash maqsadida borgan. Shu kuni soat taxminan 17:30 atrofida mahalladan o‘tuvchi Kattaqo‘rg‘on suv omboriga cho‘milish maqsadida borishgan.

U yerda bo‘lgan qayiq bilan suv omborining qirg‘og‘idan taxminan 40 metr uzoqlikka suzib borishgan. Suratga tushmoqchi bo‘lishganida tartibsiz harakatlar qilishgani sababli muvozanatni yo‘qotib, qayiq ag‘darilib ketgan. Natijada ularning 4 nafari — 21, 25, 22 va 21 yoshli yigitlar cho‘kib ketgan, 3 nafari qirg‘oqqa suzib chiqa olgan.

Olib borilgan qutqaruv ishlari davomida bir kishi — 21 yoshli O.E.ning murdasi topilgan. Hozirda qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.

Vafot etganlardan ikki nafari Kattaqo‘rg‘on tumanidagi tibbiyot texnikumida o‘qigan.

Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan.

Mavzuga oid
Top