08:59 / 07.08.2023
7385

EKOVAS davlatlari Nigerga bostirib kirish masalasida kelisha olmayapti

6 avgust kuni G‘arbiy Afrika mamlakatlari Nigerga qo‘ygan ultimatum muddati tugadi. Niger harbiy xuntasi yordam uchun «Vagner» XHKga murojaat qildi. 

Foto: AFP/Getty Images

G‘arbiy Afrika davlatlari iqtisodiy hamjamiyati (EKOVAS) davlatlari tomonidan Nigerdagi harbiy xuntaga qo‘yilgan ultimatum muddati tugadi. Bu davlatlar Niger isyonchilaridan 6 avgust, yakshanba kunidan kechiktirmay konstitutsiyaviy tuzumni tiklashni va chetlatilgan prezident Muhammad Bazumni hokimiyatga qaytarishni talab qildi

EKOVAS to‘ntarish uyushtirganlarga eng qattiq choralar, jumladan, harbiy bosqin bilan tahdid qildi, ammo tashkilot a’zolari Nigerda harbiy operatsiya o‘tkazish to‘g‘risida kelisha olmadi. Nigeriyada Senat mamlakat prezidenti Bola Tinubuning Nigerga harbiy bostirib kirish talabini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortdi va unga birinchi navbatda boshqa variantlarni ko‘rib chiqishni tavsiya qildi. 

Jazoir prezidenti Abdulmajid Tebbun Nigerga qurolli aralashuvga mutlaqo qarshi ekanini aytdi, chunki bu «butun Sahel zonasini portlatib yuboradi». Jazoir EKOVAS a’zosi emas, biroq Tebbun ta’kidlaganidek, uning mamlakatisiz «hech qanday yechim bo‘lmaydi», chunki Jazoir Niger bilan 1000 kilometrlik chegaraga ega va harbiy operatsiya sodir bo‘lgan taqdirda asosiy qurbon bo‘ladi. Jazoir qo‘shni davlatga qarshi kuch ishlatmaydi, dedi Tebbun. 

EKOVASning ayrim davlatlari, jumladan Senegal va Kot-d'Ivuar o‘z askarlarini Nigerga jo‘natishga tayyor ekanini bildirdi, biroq davlat to‘ntarishi tufayli tashkilotda a’zoligi to‘xtatilgan Mali va Burkina-Faso Nigerga bostirib kirishni o‘ziga hujum sifatida qabul qilishi to‘g‘risida ogohlantirdi. Niger davlat to‘ntarishi yetakchisi Abdurahmon Tchiani, agar o‘z mamlakatiga qarshi kuch ishlatilsa, «darhol o‘ch olish» bilan tahdid qildi. 

Mavzu
Nigerdagi davlat to‘ntarishi
27 iyul kuni Nigerda prezident gvardiyasi rahbari Abdurahmon Chiani boshchiligidagi harbiylar mamlakat prezidenti Muhammad Bazumani hokimiyatdan chetlatdi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top