17:36 / 08.08.2023
39678

Tilla, fuls, oq va qora tanga. Buxoro amirligi pul tizimi tarixi

O‘zbek xalqi xonliklar davrida turli pul tizimlaridan foydalangan. Biroq ular juda kichik farqlarga ega bo‘lib, bir xil metallardan zarb qilingan va bir xil nomlarga ega bo‘lgan. Xususan, Buxoro amirligida oltin, kumush, mis va hatto qog‘oz pullardan foydalanilgan.

O‘zbekiston pul tizimi tarixi, shubhasiz, juda uzun mavzu. O‘lkadagi deyarli barcha tarixiy davlatlar o‘z pullarini zarb qildirgan va muomalaga kiritgan.

O‘zbek numizmatikasi rivojlanib borishi bilan o‘zbek pul tizimi tarixi ham tobora ko‘proq ma’lumotlarga, topilmalarga ega bo‘lib bormoqda. Yangi davr, ya’ni o‘zbek xonliklari davri pul tizimi haqidagi ma’lumotlar nisbatan ancha-muncha ko‘proq. Chunonchi, ulardan biri bo‘lgan Buxoro amirligining pul tizimi ancha boy tarixga ega.

Ashtarxoniylar (Joniylar) sulolasi hukmronligining so‘nggi yillarida Buxoro xonligi nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy jihatdan ham tanazzulga yuz tutadi. Mahalliy beklar xondan deyarli to‘liq mustaqillikka erishadi va hatto tangalarga o‘z ismini yozdira boshlaydi.

1756 yil o‘zbeklarning mang‘it urug‘idan bo‘lgan Muhammad Rahimbiy Buxoroda yangi sulola hukmronligiga asos soladi va siyosiy islohotlar o‘tkazadi. Ammo u pul tizimiga yetarlicha e’tibor qaratmaydi. Rahimbiy va uning davomchisi Doniyolbiy otaliq davrida tartibsiz pul tizimi saqlanib qoladi.

Buxoro amirligidagi pul islohoti saltanatning uchinchi hukmdori Shohmurod nomi bilan bog‘liq. «Amiri ma’sum» nomi bilan tanilgan bu hukmdor mang‘itlar orasida ilk bor o‘zini «amir» deb ataydi va taxtga chingiziylardan soxta xon o‘tqazish an’anasini to‘xtatadi. U amirlikning xalqaro savdosi rivojlanib borayotgani va tartibsiz pul tizimi uning yanada rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotganini hisobga olib, keng miqyosli pul islohotini boshlaydi.

Amir Shohmurod tomonidan 1784-1785 yillarda joriy qilingan yangi pul birliklari oldingilaridan ko‘p ham farq qilmagan, ya’ni uch xil turdagi pul an’anasi saqlanib qolgan. Bular, «tilla» yoxud «Ashrafiy» — oltin tanga, «tanga» — kumush tanga, «fuls» (ko‘plikda «fulus») — mis tanga edi.

Xalq orasida kumush tangalar «oq pul», mis tangalar esa «qora pul» deb atalgan. Tangalar sof oltin va kumushdan quyilgan. Muomalada eng ko‘p kumush tangadan foydalanilgan.

1 tilla tanga 22 kumush tangaga, 1 kumush tanga 44-64 mis tangaga teng bo‘lgan. Mis tanganing kumush tangaga nisbati tez-tez o‘zgarib turgan.

Oltin va kumush tangalar vazni ular zarb etilgan zarbxonalarga qarab turlicha bo‘lgan. Oltin tangalar asosan 1 misqol, ya’ni 4,5-5 gramm atrofida zarb etilgan, kumush tangalar vazni esa 2-3,25 gramm atrofida bo‘lgan.

Buxoro amirligida oltin va kumush tangalar har yili zarb etilgan. 1889-1892 yillarda Buxoro pul tizimi kelajagini muhokama qilishda ishtirok etgan Turkiston harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni baron Aleksandr Vrevskiy o‘sha paytdagi (1894 yil) Rossiya moliya vaziri Sergey Vittega yozgan maktublarida Buxoroda tanga zarb qilishga doir quyidagi ma’lumotlarni keltirib o‘tgan:

«Yaqin vaqtlargacha Buxoroda yiliga 8-10 million tanga zarb qilingan. Faqat so‘nggi yillarda bu son o‘sa boshladi. Amirlikning bosh zakotchisi ma’lumotlariga ko‘ra, 1888 yil 27 avgustdan 1889 yil 15 avgustgacha 10 million 254 ming 896 tanga, 1889 yil 16 avgustdan 1890 yil 4 avgustga qadar esa 22 million 434 ming 820 tanga, 1892 yil 14 iyuldan 1893 yil 3 iyulgacha 16 million 948 ming 832 tanga zarb etilgan».

Biroq Vrevskiy, bosh zakotchi Buxoro hukumati tanga zarb qilishdan katta daromad olishini ko‘rsatishga intilib, bu sonlarni ancha ko‘paytirib aytganini ham qo‘shimcha qilgan.

Tangalar turli zarbxonalar tomonidan zarb etilgan. Beklar va sarroflar umumiy qoidalarga rioya etgan holda xohlagancha tanga zarb qilishi mumkin bo‘lgan.

Mang‘itlar tangalarining old tomoniga eski tangalardagi kabi hukmdorning nomi, unvoni va hukmdorlik yillar yozilgan (hijriy taqvim bo‘yicha). Birgina farq — mang‘itlar tangalari sulolaning vafot etgan a’zolari nomlari bilan zarb qilingan. Chunki Shohmurod o‘zi zarb qildirgan yangi tangalarga otasi Doniyolbiy nomini tushirgan, uning o‘g‘li amir Haydar bu an’anani davom ettirgan va bu sulolaviy odatga aylangan.

Qolaversa, mang‘itlar o‘zlarining «amir ul-mo‘miniyn», ya’ni «mo‘minlar amiri» unvoni va payg‘ambar avlodlariga yaqinligi haqidagi da’vosidan kelib chiqib, tangalardagi o‘z nomlari oldiga «sayid» qo‘shimchasini ham yozdirgan.

Mirzo Shams Buxoriyning yozishicha, Shohmurod yangi tangalarga otasi nomini yozdirib, o‘z nomini tangalarga yozishni ham, xutbaga qo‘shib o‘qishni ham taqiqlagan. U o‘zini «sayid» deb ham atamagan. Uning o‘g‘li amir Haydar va nevarasi Nasrullo davrida amir Shohmurod nomi tangalarga «ma’sum g‘ozi» deya tushirilgan.

Shohmurod tangalarining orqa tomoniga diniy belgilar o‘rniga, tangalarning zarb qilingan vaqti va zarbxonasi yozila boshlangan. Natijada mang‘itlar tangalarining har ikki tomoniga ham sanalar bosilgan. Bu mang‘it tangalarining oldingi tangalardan farq qiluvchi asosiy jihatlardan biri edi.

Amir Haydar davridagi Buxoro tilla tangasi

Shohmuroddan keyin amir Haydar ham o‘z oltin tangasini zarb qildiradi va bu bilan barobar otasi nomiga oltin tanga zarb qildirishni ham davom ettiradi. Amir Haydar oltin tangalari «haydariy», Shohmurod tangalari esa «ma’sumiy» deb ataladi.

Amir Haydar davriga tegishli Buxoro kumush tangasi

Amir Nasrullo davrida oltin tangalar zarb qilish hajmi ortadi. Nasrullo amir Shohmurod hurmatiga oltin tangalarga uning ismini yozdirishni davom ettiradi va otasi amir Haydar nomini kumush tangalarga tushirtiradi. Shunday qilib, Buxoro amirligi pullariga amirlar ismini tushirishning aniq formulasi shakllanadi: oltin tangalarga Shohmurod, kumush tangalarga esa amir Haydar ismi yoziladi. Amir Nasrulloning ismi esa hech qaysi tangada qayd etilmaydi, chunki uning avlodlari tangalarga yuqoridagi ikki amir va o‘z ismlarini tushiradi.

Buxoro tilla tangasi. 1820-1826 yillar
Buxoro tilla tangasi. 1827-1910 yillar

Rossiya bosqini va pul zarb qilish to‘xtatilishi

Buxoro amirligi amir Muzaffar davrida (1860-1885) Rossiya imperiyasiga qaram bo‘ladi, ammo pul tizimidagi mustaqillikni bir qadar saqlab qoladi. Biroq amir Abdulahad davrida (1885-1910) Rossiya imperiyasi Moliya vazirligi amirlik pul tizimini boshqarishga harakat qila boshlaydi. Chor Rossiyasi mudofaa vazirligi va tashqi ishlar vazirligi amirni o‘z tangalarini zarb etish huquqidan mahrum etish mumkin emas deb hisoblaydi, moliya vazirligi esa buning aksini ta’kidlaydi. Natijada Buxoro pul tizimi masalasining ko‘p yillik muhokamasi bir necha marta boshi berk ko‘chaga kirib qoladi.

Oxir-oqibat, 1890 yil imperator Aleksandr III «Turkiston o‘lkasida muomalada bo‘lgan mahalliy kumush tangalarni bosqichma-bosqich muomaladan chiqarish to‘g‘risida»gi farmonni imzolaydi. Bunga qadar, Buxoro tangalari Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingan Turkiston hududida ham erkin muomalada ishlatilar edi. Farmon ijrosi 1893 yilgacha amalga oshiriladi, Turkiston general-gubernatorligi hududiga Buxoro tangalarini olib kirish taqiqlanadi.

Turkistonda muomaladan chiqarilgach, Buxoro davlat g‘aznasida va oddiy xalq qo‘lida kumush tangalar ko‘payadi, qolaversa amirlikka g‘arbdan arzon kumush kirib keladi. Buning ortidan esa uning qiymati pasayib ketadi. Oqibatda Buxoroda pul tizimi inqirozi boshlanadi va Rossiya hukumati amirdan uning kursini tartibga solish uchun tanga zarb qilishni to‘liq to‘xtatishni talab qiladi. 1894 yil Turkistonga Buxoro tangalarini olib kirishga yana ruxsat berilishi evaziga, amir pul zarb qilishni to‘xtatadi.

1901-1902-yillarda Buxoroda kumush tanga zarb qilish qayta tiklanadi, ammo bu uzoq davom etmaydi. 1905 yil kumush tanga zarb qilish butunlay to‘xtatiladi. Buning o‘rniga mis tangalar (fuls) muntazam zarb etila boshlanadi. Birinchi jahon urushi sabab Rossiyadagi iqtisodiy holat og‘irlashishi ortidan mis tangalar kattaroq nominalda zarb qilinadi.

Amir Olimxon davrida 1/2, 1, 2, 3, 4, 5, 10, 20 tanga qiymatdagi mis pullar zarb etiladi. Bu pullar xalq orasida «qora tanga» deb atalgan. 1/2, 1, 2, 3, 5 tangalar qizil misdan ishlangan va old tomoniga «fulus» deb yozilgan. Tangalarning orqa tomonida odatdagidek zarb qilingan joy va sana ko‘rsatilgan.

Amir Olimxonning 3 tangalik mis fulsi

10 tangalik fulus murakkab naqshga ega bo‘lib, yuqoridagi nominallardan farqli o‘laroq, ancha keng va yupqa shaklda, jyezdan zarb qilingan. 20 tangalik fulus ham jyezdan quyilgan, biroq oldingi tomonida «fulus» yozuvi bo‘lmagan.

20 tangalik fulus

Buning o‘rniga unga olti qirrali yulduz va yarim oy tasviri tushirilgan. 1920 yildan Buxoroda tanga zarb qilish butkul to‘xtaydi.

Qog‘oz pullar

Rossiya imperiyasi 1917 yilda qulagach, Buxoro uning qog‘oz pullaridan foydalanishni to‘xtatadi va o‘z qog‘oz pullarini bosishga kirishadi. Shu tariqa, O‘zbekiston tarixida ilk bor qog‘oz pullar zarb qilina boshlanadi.

Qog‘oz pullarni qanday bosib chiqarish borasida Buxoroda qarama-qarshilik paydo bo‘ladi va mutaassib ulamolarning bosimi bilan qog‘oz pul mashinada emas, qo‘lda, muhr bosish yo‘li bilan zarb qilinadigan bo‘ladi. Qog‘oz pullarni bosish uchun «qog‘ozxona» tashkil etiladi. Unga naqqosh, zargar, «mirzo xushxat» (hattot) kabi 20 usta jalb qilinadi. Pul uchun sifatli qog‘oz ishlab chiqarish maqsadida Buxoro shahrining Dilkusho bog‘ida qog‘oz fabrikasi ochiladi, bu fabrika 1923 yilgacha faoliyat yuritadi. Pul uchun ishlab chiqarilgan qog‘oz «qog‘ozi aqcha» deb atalgan.

Buxoro qog‘oz puli. 100 tanga

Buxoro qog‘oz pullari 50, 100, 200, 500, 1000, 5000, 10 000, 20 000 tanga nominallarida bosilgan. Ular uchun muhrlar ham qo‘lda tayyorlangan.

Buxoro qog‘oz puli. 10 000 tanga

Pullarga uning nominali sonlar bilan yoki harflar bilan arab yozuvida yoki rus tilida yozilgan, ba’zida esa har ikki tilda ham yozilgan. Arab yozuvida pulga u bosilgan joy va sana tushirilgan. Shuningdek, qog‘oz pullarga qalbakilashtirish uchun jazo haqida ogohlantiruvchi yozuv hamda seriya raqami yozila boshlangan.

Pulda shuningdek, Buxoro amirligi belgisi hisoblangan yarim oy va yulduz, hamda xazinachining imzosi ham bo‘lgan.

Buxoro amirligi qulaganidan keyin Buxoro xalq sovet respublikasi (BXSR) aynan shu qog‘ozxonada pul bosishni davom ettirgan. BXSR pullari sobiq amirlik pullaridan rubl deb atalgani, yarim oy va yulduz o‘rniga sovetlar belgisi o‘roq, bolg‘a va jo‘xori dastasi tushirilgani bilan farq qilgan.

BXSRning qog‘oz puli. 2500 rubl

BXSR 1923 yilgacha qog‘oz pullar zarb qildirgan. 1924 yil BXSR tugatilishi arafasida Buxoro qog‘oz pullarini bosib chiqarish ham to‘xtatilgan. Shu bilan Buxoro amirligi pul tizimi tarixi ham yakun topgan.

Amir Abdulahad davridagi Buxoro kumush tangasi

Buxoro amirligi tangalari va qog‘oz pullari ancha ko‘p miqdorda saqlanib qolgan. Ular Buxoro davlat muzeyi, Ermitaj muzeyi va ba’zi xususiy kolleksiyalarga mavjud. Bu pullar o‘sha davr tarixi va siyosatini o‘rganish uchun muhim artefakt hisoblanadi. Qolaversa, davlat ramzlariga ega bo‘lgan ushbu nominallar O‘zbekiston davlatchilik va pul tizimi tarixining muhim qismidir.

Muhammadqodir Sobirov tayyorladi.

Top