08:51 / 08.08.2023
7780

Ukraina Rossiya bilan harbiy asirlar almashinuvi haqida e’lon qildi

Ukraina Rossiya bilan harbiy asirlar almashinuvi haqida xabar berdi. Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermakning aytishicha, 22 nafar ukrainalik harbiy Kiyevga topshirilgan. 

Foto: t.me/ermaka2022

«Ular Ukraina Qurolli kuchlari jangchilari, ikki nafari ofitser, oddiy askar va serjantlar ham bor. Ular turli yo‘nalishlardagi janglarda qatnashgan, ozod etilganlar orasida yaradorlar mavjud. Askarlarimizdan eng kattasi 54 yoshda, eng kichigi - 23 yosh», deb yozgan Yermak. 

Rossiya tomoni hali asirlar almashinuvi haqida e’lon qilmadi.

Avvalroq «Azovstal» mudofaasiga rahbarlik qilgan besh komandir bir necha oy davomida Turkiyada kuzatuv ostida turganidan so‘ng Ukrainaga qaytarilgandi.

Harbiylarni vatanga Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning o‘zi shaxsan olib qaytgan, u 7 iyul kuni Turkiyaga uchib kelgan va Istanbulda mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan uchrashgan. 8 iyul kuni kunduzi Zelenskiyning matbuot xizmati e’lon qilgan videoda Turkiya tomoni unga besh nafar harbiyni topshirgani, keyin ular birgalikda prezidentlik samolyotiga chiqib, uchib ketganini ko‘rish mumkin.

Ukraina qurolli kuchlari Mariupoldagi «Azovstal» metallurgiya zavodini Rossiya qo‘shinlaridan 2022 yilning martidan may oyi o‘rtalariga qadar himoya qilgan, kombinat hududida ular bilan birga tinch aholi vakillari ham yashiringandi. May oyining ikkinchi yarmida Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi komandirlarga «shaxsiy tarkib hayotini saqlab qolish» bo‘yicha topshiriq beradi, shundan keyin «Azovstal» mudofaachilari (jami 2,5 ming harbiy) taslim bo‘ladi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top