15:51 / 11.08.2023
24504

Mbappe ketmoqchi emas, Neymarda ikki variant bor. So‘nggi transfer xabarlari

Keyn ketishga rozi bo‘ldi, «Liverpul» supertransfer tayyorlamoqda.

Yozgi transferlar davom etmoqda, yana bir qator futbolchilar o‘zlariga yangi klub topishdi, yana bir qancha transferlar hal bo‘lishi kutilmoqda. Quyida so‘nggi kunlarning eng asosiy transfer xabarlari dayjesti.

Keyn «Bavariya» o‘tmoqda

Harri Keyn. Foto: CHARLIE CROWHURST/GETTY IMAGES

Here we go! Harri Keyn «Bavariya»ga o‘tishga rozilik berdi. 

10 avgust kuni tongda The Athletic nashri nemislar klubi hujumchi transferi bo‘yicha nihoyat «Tottenhem» bilan kelishib olgani haqida yozdi. Britaniyalik jurnalistlar Germaniyadagi manbalariga tayangan holda «Bavariya»ning 100 mln yevrodan ko‘proq miqdordagi transfer taklifini qabul qilganini aytishdi. Shundan so‘ng 30 yoshli forvardning yakuniy qarori kutilayotgandi.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, «shporlar» forvard uchun 100 million yevro oladi, yana 20 million yevro miqdorida bonuslar ko‘zda tutilgan. 30 yoshli angliyalik futbolchi myunxenliklar klubi bilan 4 yillik shartnoma imzolaydi. Bugun u Germaniyaga yo‘l olib, tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. 

Insayder Florian Plettenbergga ko‘ra, Keyn «Bavariya» safida 12 avgust kuni Germaniya Superkubogi uchun «RB Leypsig» klubiga qarshi kechadigan o‘yindayoq maydonga tushishni istamoqda.

APLda transfer rekordi yangilanishi mumkin

«Liverpul» «Brayton» yarimhimoyachisi Moyses Kaysedo uchun 127 million yevro (110 million funt sterling) miqdorida taklif bergani haqida bir vaqtda ikki ishonchli manba xabar berdi — The Athletic nashri va insayder Fabritsio Romano.

Bundan oldinroq «Chelsi» 100 million funt sterling taklif qilgandi, «Brayton» esa kattaroq taklifni qabul qilgan va barchasi reja bo‘yicha kechsa, transfer 11 avgust kuniyoq e’lon qilinishi mumkin.

Shu bilan birga, Romanoning oxirgi xabariga ko‘ra, Moyzes Kaysedo «Liverpul»ga faqat «Chelsi»ga o‘tishni istashini bildirgan. U bu orqali o‘z so‘zida turmoqchi, chunki «Chelsi» bilan may oyi oxiridayoq shaxsiy shartnomani kelishib qo‘ygandi.

Endilikda «Chelsi» «Brayton»ni ko‘ndirish uchun yangi taklif yuborishi kutilmoqda.

Bu transfer amalga oshsa, Angliya klublarining Enso Fernandes transferida o‘rnatilgan rekord yangilanadi, «Chelsi» qishda «Benfika» havbeki uchun 121 million yevro to‘lagandi.

2022/23 yillar mavsumida Kaysedo jamoasi uchun barcha turnirlar doirasida 43 o‘yin o‘tkazgan, 1 gol urgan va 1 golga uzatma bergan. 21 yoshli ekvadorlikning «Brayton» bilan shartnomasi 2027 yil yoziga qadar tuzilgandi. 

Mbappe «PSJ»da qolishga qaror qildi

«PSJ» rahbariyati Kilian Mbappe muammosini hal eta olmayapti. Le Parisien ma’lumotiga ko‘ra, hujumchi bu yozda klubini o‘zgartirmaslik bo‘yicha uzil-kesil bir qarorga kelgan. Mbappe «PSJ» prezidenti Nosir Al-Hilayfiy bilan uchrashgan va unga qolgan bir yillik shartnomasini oxirigacha o‘tab qo‘yish niyatini takrorlagan.

ESPN ma’lumotiga ko‘ra, Mbappe Liga 1 yangi mavsumi 1-turi doirasida shanba kuni «Park de Prens»da «Loryan»ga qarshi kechadigan uchrashuvda ishtirok etmasligi aniq. Manbaga ko‘ra, «PSJ» rahbariyati agar klub bilan shartnomani uzaytirmasa, uni butun mavsumga asosiy jamoadan chetlatishga tayyor.

Bu vaqtda klub Mbappega navbatdagi maktubni yo‘lladi. Unda Mbappe bir yildan keyin klubni erkin agent sifatida tark etishi qanday oqibatlarga ega bo‘lishi aytilgan. Agar bu ro‘y bersa, «PSJ» moliyaviy feyr-pleyni buzmaslik uchun futbolchilarni sotishi, akademiya futbolchilarini asosiy jamoaga o‘tkazish siyosatini qayta ko‘rib chiqishi, shuningdek ko‘plab xodimlarni ishdan bo‘shatishi kerak bo‘ladi.

Neymar «Al-Hilol» yoki MLS chempionatiga ketishga urinmoqda

«PSJ»ning yangi bosh murabbiyi Luis Enrike va klub sport direktori Luish Kampush esa jamoaning besh nafar futbolchisiga oldingi mavsumda ularga jamoada o‘rin yo‘qligini bildirgan. RMC Sport ma’lumotiga ko‘ra, klub xalos bo‘lishni istayotgan futbolchilar ro‘yxatida Neymar, Ugo Ekitike, Marko Verratti, Renatu Sanshesh va Xuan Bernat o‘rin olgan.

Neymar klub futbolchilari fotosessiyasiga ham chaqirilmagan. O‘tgan hafta oxirida 31 yoshli futbolchining klubdan o‘zini qo‘yib yuborishni so‘ragani ma’lum bo‘lgandi, aftidan, klub uning bu so‘rovini ma’qullagan.

Insayder Fabritsio Romanoning aniqlashicha, Neymarning vakillari va «PSJ» futbolchini 2023 yil yozida transfer qilish ustida faol ish olib bormoqda. Braziliyalik futbolchida Saudiya Arabistonining «Al-Hilol» klubidan va MLS chempionatidan taklif bor.

AS ma’lumotiga ko‘ra, parijliklar Neymarni sotishdan kamida 150 million yevro ishlab olmoqchi — shu bilan birga, ularga transfer formatining u qadar farqi yo‘q, ular hatto keyinroq sotib olish sharti bilan ijara variantiga ham qarshi emas.

Neymar Fransiya chempionatining o‘tgan mavsumida 20 o‘yinda maydonga tushib, 13 gol urgan va 11 golga uzatma bergan.

«Vest Hem» yozdagi ilk transferini amalga oshirdi

Edson Alvares. Foto: WEST HAM UNITED FC/GETTY IMAGES

«Vest Hem» Angliyada chempionatning yangi mavsumi startigacha birorta transfer amalga oshirmagan yagona klubi bo‘lib qolayotgandi. Endi esa APLning birinchi turi boshlanishi arafasida londonliklar klubi baribir ilk yangi futbolchisini tanishtirdi. Bu «Ayaks»ning meksikalik yarimhimoyachisi Edson Alvares bo‘ldi.

25 yoshli futbolchi bilan 2028 yil iyuniga qadar amal qiluvchi shartnoma imzolangan. Transfer uchun 38 mln yevro to‘langan, yana 3 mln yevro bonuslar sifatida o‘tkazib berilishi ko‘zda tutilmoqda.

Alvares 2019 yildan buyon amsterdamliklar safida o‘ynab kelayotgandi va jamoa uchun 98 o‘yinda maydonga tushib, 10 ta gol urgan. Endi ushbu tayanch yarimhimoyachisi «Vest Hem»da shu yozda ikki klub uchun rekord darajadagi 105 mln funt evaziga «Arsenal»ga transfer qilingan Deklan Rays o‘rnini egallaydi.

«Barselona» Frank Kessiyeni Saudiya Arabistoniga pulladi

Frank Kessiye. Foto: ALAHLIFC.SA

26 yoshli ivuarlik yarimhimoyachi «Yuventus»ga o‘tishi haqida ham gaplar bo‘lgandi, ammo jiddiyroq taklif «Al-Ahli»dan bo‘ldi. Tomonlar uch yillik shartnoma tuzishgan, unga ko‘ra futbolchi yiliga 20 mln yevro miqdorida maosh oladi, futbolchini o‘tgan yil yozida erkin agent sifatida o‘z safiga qo‘shib olgan kataloniyaliklar klubi transfer uchun 15 mln yevro ishlab oldi.

«Napoli» Kayuste bilan shartnoma imzoladi

Yyens Kayuste. Foto: CATHERINE STEENKESTE/GETTY IMAGES

Italiya chempioni «Napoli» yangi transferlari bilan muxlislari va yangi bosh murabbiy Rudi Garsiyani mamnun qilmoqda. Navbatdagi yangi futbolchi – «Reyms» yarimhimoyachisi Yyens Kayuste bo‘ldi. Transfer kuni 24 yoshga to‘lgan shvetsiyalik futbolchi uchun 12 mln yevro atrofida mablag‘ to‘landi.

Qiziqarli jihati, Kayuste «Reyms»ga o‘tgan yili «Midtyullann»dan o‘tgandi. 2022/2023 yillar mavsumida u fransuzlar jamoasi uchun barcha turnirlar doirasida 33 o‘yinda maydonga tushib, to‘rt gol urdi va bir golga uzatma berdi.

«Real» Kurtua o‘rniga de Xeani olishi mumkin

«Real» bosh murabbiyi Karlo Anchelotti yangi mavsum oldidan jiddiy muammoga uchradi. Asosiy darvozabon Tibo Kurtua og‘ir jarohat oldi – belgiyalikka chap tizzaning oldingi xochsimon paylari uzilgani bo‘yicha tashxis qo‘yilgan. Kurtua mashg‘ulot maydonini ko‘zida yosh bilan zambilda tark etgan, u o‘z oyog‘ida yura oladigan holatda emas. Yaqin kunlarda jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi. U mavsum oxiriga qadar safdan chiqqan bo‘lishi mumkin.

Sky Spors ma’lumotiga ko‘ra, «Real» «Manchester Yunayted»ning sobiq darvozaboni David de Xeaning vakillari bilan aloqaga chiqqan, futbolchi bu yozda shartnomasi muddati tugashi munosabati bilan inglizlar klubini tark etgandi.

Ammo Marca «Sevilya» posboni Yassin Bunu – «Real» rahbariyati uchun favorit nomzod bo‘lib turibdi. Marokashlik futbolchi Saudiya Arabistonidan bo‘lgan taklifni qabul qilishga yaqin turgandi, ammo «Real» varianti paydo bo‘lgach, bu transfer to‘xtab qolgan. Bunu Madridda o‘ynashni istamoqda.

«Manchester Siti» Lukas Paketa bo‘yicha katta taklif tayyorladi

Fabritsio Romanodan kutilmagan yangilik. Uning ma’lumotiga ko‘ra, Angliya chempionlari «Vest Hem»ga 25 yoshli braziliyalik yarimhimoyachi uchun 81 mln yevro taklif qilgan. Bu kutilmagan yurish bo‘ldi, ammo undan ham hayratlanarli tomoni unga berilgan javob bo‘ldi, londonliklar jamoasi bu taklifga rozi bo‘lmagan. Qayd etilishicha, «Siti» yangi taklif yuboradi, chunki ushbu transferga shaxsan Pep Gvardiola qiziqmoqda.

Harri Maguayr «MYu»ni tark etadi. Klub uning o‘rniga futbolchi olmoqchi

«Manchester Yunayted» muxlislari uchun yaxshi yangilik. Fabritsio Romanoning yozishicha, «Vest Hem» 30 yoshli himoyachini 35 mln yevroga transfer qilish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Endi futbolchining o‘zi bilan shartnoma bo‘yicha kelishish qolgan, klub bilan esa — to‘lovni qanday amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib boriladi.

«MYu» esa allaqachon Maguayr o‘rniga futbolchi izlamoqda. Florian Plettenbergning yozishicha, klub «Bavariya» bilan Benjamen Pavar bo‘yicha faol muzokara olib bormoqda. 27 yoshli fransuz transferi 30 mln yevroga tushishi mumkin. Xuddi shu Romanoning o‘zi qo‘shimcha qilishicha, «Yunayted» short-listida Pavardan tashqari «Barselona»ning sobiq futbolchisi, ayni vaqtda «Nitssa» a’zosi bo‘lgan Jan-Kler Todibo hamda «Bayyer»dan Edmon Tapsoba ham bor.

«Al-Hilol» Osimhen uchun kosmik summa taklif qilmoqchi

Corriere dello Sport ma’lumotiga ko‘ra, «Napoli» yaqin vaqtlar ichida Saudiyaning «Al-Hilol» klubidan aql bovar qilmas taklif oladi, bu klub Viktor Osimhen uchun roppa-rosa 200 million yevro sarflashga tayyor. Oldinroq bu klub 130 million yevro taklif etgan, ammo rad javobi olgandi.

Xabar qilinishicha, 24 yoshli hujumchining o‘zi uchun yiliga 45-50 million yevro maosh to‘lash nazarda tutilgan uch yillik shartnoma tayyorlangan. Lekin neapolitanliklar kelishishga shoshilmayapti va Osimhen bilan shartnomani yangilash haqida o‘ylamoqda.

Mavzuga oid
Top