09:18 / 15.08.2023
7858

OAV: Qrimdagi XHK Rotenberg tuzilmasidan millionlab rubl olgan

«Dose» markazi ma’lumotlariga ko‘ra, «Konvoy» xususiy «harbiy-qo‘riqlash» kompaniyasi Rotenberg tuzilmasi va VTBdan transhlar olgan. 

Konvoy XHK jangchilari

Qrim rahbari Sergey Aksenov tomonidan qo‘llab-quvvatlangan «Konvoy» xususiy «harbiy-qo‘riqlash» kompaniyasi Rossiya prezidentining do‘sti Arkadiy Rotenberg tuzilmasidan, shuningdek davlat ishtirokidagi VTB Rossiya bankidan millionlab rubl olgan. Bu haqda 14 avgust, dushanba kuni rossiyalik muxolifatchi Mixail Xodorkovskiyning notijorat loyihasi bo‘lmish «Dose» markazi tomonidan o‘tkazgan surishtiruvda aytiladi.

Jurnalistlarning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yil 16 oktyabrda «Ay-Petri» sanatoriysi «Konvoy» kazaklar jamiyatiga 120 million rubl xayriya qilgan.

«Konvoy» xususiy «harbiy-qo‘riqlash» kompaniyasi kazaklar jamiyati tomonidan 2015 yil yanvar oyida tashkil etilgan, deyiladi maqolada. 

Surishtiruvchilarning aytishicha, sanatoriy 2018 yilda xususiylashtirilgan va Arkadiy Rotenbergning mulklari ro‘yxatiga o‘tgan.

«Dose»: To‘lovlar VTB hisobraqamidan kelib tushgan

Bundan oldin, 2022 yil 28 sentabrda, «Dose» ma’lumotlariga ko‘ra, «VTB Strana» xayriya jamg‘armasi hisobidan «Konvoy» hisobiga 100 million rubl, 2022 yil 5 oktyabrda VTB hisobidan yana 100 million rubl tushgan. Jurnalistlarning so‘zlariga ko‘ra, bir qator transhlar XHKga aloqasi bo‘lmagan yonilg‘i kompaniyalari tomonidan o‘tkazilgan. 

Sanatoriy bilan bog‘liq bo‘lgan infratuzilma loyihalari bo‘yicha boshqaruvchi kompaniya bosh direktori Nelli Shatova jurnalistlarning ma’lumotlariga izoh bermadi. Rotenbergning o‘zi hali nashrga javob qaytarmadi. «Dose» markazi, shuningdek, VTB matbuot xizmatiga «Konvoy»ga xayriya miqdori va maqsadi haqida savollar yubordi, ammo javob olmadi. 

Jurnalistlar: XHK jangovar maydoni Xerson viloyatida joylashgan

Surishtiruvchilar ma’lumotlariga ko‘ra, «Konvoy» Qrimda Perevalnoye qishlog‘i yaqinida bazaga ega. 2023 yil boshida XHK shtatida 261 kishi bor edi, yozga kelib 400 ga yaqin jangchilar bo‘lgan, deb yozadi «Dose». Unga ko‘ra, XHKning jangovar uchastkasi Xerson viloyatida joylashgan. Umuman olganda, tashkilot «dahshatli aralashma: yollanma, tijorat va kazaklarning mafkurasiga ega», deyiladi materialda.

Avvalroq, 10 iyun kuni Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu yangi buyruqni imzolagan edi, unga ko‘ra, Ukrainadagi frontda bo‘lgan barcha «ko‘ngilli otryadlar» 1 iyulga qadar Mudofaa vazirligi bilan shartnomalar tuzishi kerak.

Rossiyada «ko‘ngilli otryadlar» deb, jumladan, xususiy harbiy kompaniyalar ataladi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, RFda XHK taqiqlangan, shuning uchun ular «ko‘ngilli otryadlar» deya ta’riflanadi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top