22:30 / 15.08.2023
24822

Rubl kursining pasayishi tufayli mehnat migrantlari Rossiyani tark etishi mumkin 

Rublning dollar va yevroga nisbatan zaiflashishi oqibatida migrantlar daromadi kamayib bormoqda. 

Foto: Vedomosti

Mehnat migrantlarining uchdan bir qismi rublning dollar va yevroga nisbatan zaiflashishi va buning oqibatida daromadlarning kamayishi tufayli Rossiyani tark etishi mumkin. Bu haqda Moskvadagi o‘zbek diasporasi yetakchisi Bahrom Ismoilov bashorat qildi, deb yozdi «Vedomosti». 

O‘zbek diasporasi vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 50 foizi dollar kursining o‘sishi tufayli Rossiyani tark etish haqida o‘ylamoqda, 25 foizi buni rejalashtirmagan, 25 foizi esa hali o‘ylab ko‘rmagan. Onlayn so‘rovda jami 23 mingga yaqin kishi ishtirok etgan. 

Iyun oxiridan boshlab rubl asosiy xorijiy valutalarga nisbatan zaiflasha boshladi. 14 avgust kuni Moskva birjasidagi savdolar chog‘ida 2022 yil mart oyi oxiridan beri birinchi marta dollar kursi 101 rubldan, yevro 110 rubldan oshdi. 15 avgust kuni Rossiya banki asosiy stavka masalasi bo‘yicha Direktorlar kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishini e’lon qilganidan so‘ng, rubl mustahkamlana boshladi. 

Ismoilov so‘zlariga ko‘ra, dollar kursining o‘sishi tufayli chet el fuqarolarining Rossiyadagi daromadlari pasayib, vatanidagi daromadlariga tobora ko‘proq yaqinlashmoqda. Uning fikricha, mehnat migrantlarining chiqib ketishi, birinchi navbatda, eng kam haq to‘lanadigan sohalarda - chakana savdo, umumiy ovqatlanish, tozalash, yetkazib berish xizmati, qishloq xo‘jaligi va boshqalarda kuzatilishi mumkin.

2021 yilda Rossiyadagi mehnat migrantlarining o‘rtacha maoshi 47,1 ming rublni tashkil etdi, bu haqda Moskva davlat universiteti va Rossiya migrantlari federatsiyasi jamoat tashkiloti ekspertlari tadqiqoti ma’lum qildi. O‘sha paytda eng yuqori maosh qurilish va ta’mirlashda ishlagan migrantlar orasida qayd etilgan - 54 ming rubl, eng pasti - qishloq xo‘jaligida band bo‘lganlar orasida - 37 ming rubl. Maoshlar bo‘yicha 2022 yil ko‘rsatkichlari ma’lum emas. 

Biroq, hamma ham Rossiyani tark etish imkoniyatiga ega emas. Migratsiya masalalari bo‘yicha ekspert Vadim Kojyenov «Vedomosti» nashriga bergan intervyusida Rossiyaga migrantlarning barchasi faqat pul topish uchun kelmasligini aytdi. 

«Ko‘p odamlar umuman boshqacha hayot kechirish uchun kelishadi», dedi Kojyenov. 

Uning fikricha, rublning zaiflashishi tufayli haqiqatan ham xorijlik ishchi kuchi chiqib ketishi mumkin, ammo bu Rossiyada mehnat qilayotgan migrantlarning 10 foizidan oshmaydi. 

Rossiya Mehnat vazirligi, Butunrossiya mehnatni muhofaza qilish va iqtisodiyot ilmiy-tadqiqot instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2030 yilga borib, Rossiyada mehnat migrantlariga bo‘lgan ehtiyoj yillik 3,5 million kishini tashkil etishi mumkin. 

Mehnat vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, xorijiy ishchilarga bo‘lgan talab asosan chakana savdo, transport, xizmat ko‘rsatish va qurilish sohalarida yuqori. 

Top