22:14 / 16.08.2023
32832

Politsiya Sankt-Peterburgdagi reyddan so‘ng yuzlab migrantni harbiy komissariatga yetkazdi

Ularning deyarli barchasi harbiy ro‘yxatdan o‘tkazilgan. 

Foto: Global Look Press

Rossiya politsiyasi Sankt-Peterburg janubida o‘tkazilgan ikki kunlik reyd davomida Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lgan, ammo harbiy ro‘yxatdan o‘tmagan yuzlab migrantni aniqladi, ularning barchasi harbiy xizmatga qabul qilish bo‘limiga olib ketildi, deb yozdi RBK. 

«Sofiyskiy» sabzavot omborida ikki kun davomida o‘tkazilgan reydda 400 nafarga yaqin chet el fuqarosi aniqlandi, ulardan 55 nafari migratsiya qonunchiligini buzgan holda Rossiyada bo‘lgan. Shu bilan birga, Rossiya fuqaroligini olgan yuzlab xorijliklar ham aniqlangan. Ularning deyarli barchasi harbiy ro‘yxatga olish tartibidan o‘tish uchun tuman harbiy qo‘mitasiga olib ketilgan», deyiladi xabarda. 

Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, Rossiya fuqaroligini olgan chet elliklar yashash joyida ro‘yxatdan o‘tgan kundan boshlab ikki hafta ichida harbiy ro‘yxatdan ham o‘tishi kerak. Bunday fuqarolar harbiy guvohnomasiz Rossiyada qonuniy ravishda ishlay olmaydi. 

2023 yil may oyida Davlat Dumasi deputati Mixail Matveyev Rossiya fuqaroligini olgan, jumladan, Markaziy Osiyo va Kavkazdan kelgan migrantlarni harbiy xizmatga safarbar qilishga ruxsat beruvchi qonun loyihasi tayyorlanayotganini ma’lum qilgan edi. Deputat buni ikki fuqarolikka ega bo‘lganlar hozirgi vaqtda muddatli harbiy xizmatga chaqirilmasligi bilan izohladi. 

Top