Sport | 16:11 / 21.08.2023
40526
6 daqiqa o‘qiladi

Ronaldu OChLda ro‘yxatdan o‘tkazildi. Krishtianu, Neymar va Benzema qaysi o‘zbek klubiga qarshi o‘ynashi mumkin?

Osiyo futbol konfederatsiyasi rasmiy sayti «An-Nasr» klubi Osiyo Chempionlar ligasi uchun ro‘yxatdan o‘tkazilgan tarkibga Krishtianu Ronalduni kiritganini e’lon qildi. Portugaliyalik afsonaviy forvard Ar-Riyod klubi safida 22 avgust kuni OChLda debyut qilishi kutilmoqda. Yangi mavsumda Saudiya Arabistonida yig‘ilgan yulduzlarning O‘zbekistonga kelish ehtimoli katta.

Ronaldu Aziz G‘aniyevga qarshi

Krishtianu Ronaldu Osiyo Chempionlar ligasidagi debyutini seshanba kuni Birlashgan Arab Amirliklarining «Shabob Al-Ahli» jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Aziz G‘aniyev to‘p surayotgan jamoa OChL 1-saralash bosqichida Iordaniyaning «Al-Vahdat» klubini yirik hisobda (3:0) mag‘lub etdi. Bahsdagi dastlabki golni o‘zbekistonlik legioner 57-daqiqada jarima zarbasidan yo‘lladi. Endi esa G‘aniyev yetakchiligidagi amirlik jamoasi 22 avgust kuni Ronaldu yetakchiligidagi «An-Nasr»ga qarshi saf tortadi. Ar-Riyoddagi o‘yin g‘olibi OChL guruh bosqichiga yo‘llanma oladi. Saudiya vitse-chempionining BAA chempioniga qarshi bir o‘yindan iborat to‘qnashuvida mezbonlarning imkoniyati yuqori baholanmoqda.

«An-Nasr» pley-offdan o‘tsa, qaysi o‘zbek klubi raqibiga aylanishi mumkin?

Ar-Riyod klubi BAA jamoasi to‘sig‘idan o‘ta olsa, OChL guruh bosqich bahslarida O‘zbekiston jamoalariga raqiblik qilishi mumkin. Osiyo futbol konfederatsiyasi iyul oyida Chempionlar ligasi 2023/24 yilgi mavsum guruh bosqich savatchalarini e’lon qilgan. Unga ko‘ra, Krishtianu Ronaldu faoliyat olib borayotgan jamoa pley-offdan o‘tsa, 4-savatchadan joy oladi.

OChL guruh bosqichiga da’vogar bo‘lgan «Navbahor» va OKMK klublari ham Qatarda o‘tadigan pley-off o‘yinida g‘alabaga erisha olgan taqdirda qur’a oldidan 4-savatchadan joy oladi. Shundan kelib chiqilsa, «An-Nasr»ning Namangan yoki Olmaliq klubi bilan bir guruhdan joy olish ehtimoli yo‘qligi oydinlashadi.

Ronaldu yetakchiligidagi jamoa «Paxtakor» yoki «Nasaf» bilan bir guruhdan o‘rin olishi mumkin. Sababi Toshkent jamoasi 1-savatchadan joy olgan bo‘lsa, Qarshi klubi 2-savatchaga tushgan.

Benzema Toshkentga kelmaydi, «Nasaf»ga qarshi tushishi mumkin

OChL qur’a jarayonidan avvalgi savatchalardan Saudiya Arabistonining ikki jamoasi – amaldagi chempion «Al-Ittihod» va 3-o‘rin sohibi «Al-Hilol» birinchi savatchadan joy olgan. Shundan kelib chiqsak, Karim Benzema va Ngolo Kante guruh bosqichida «Paxtakor»ga qarshi o‘ynamasligi aniq. Qolaversa, bir mamlakat jamoalari guruh bosqichida o‘zaro to‘qnash kelmaydi.

«Al-Ittihod» guruh bosqichida Qarshiga kelishi mumkin. «Nasaf» jamoasi ikkinchi savatchadan joy olgani sababli Benzemaning Qashqadaryoga kelish ehtimoli bor. Shuningdek, OKMK va «Navbahor» guruh bosqichiga yo‘llanma olsa, fransiyalik yulduz yetakchiligidagi Jidda klubining Namangan yoki Olmaliqqa tashrifi kuzatilishi mumkin.

Neymar Qashqadaryoga kelishi mumkin

Neymar singari yulduzning «Al-Hilol»ga o‘tishi o‘zbekistonlik muxlislarni ham quvontirgani bejizga emas. Braziliyalik yulduzni endi faqat Saudiya Arabistonida emas, OChL g‘arb mintaqasidagi bir qator mamlakatlarda kutishmoqda. Shu jumladan, O‘zbekistonda ham. O‘tgan mavsumda Osiyo chempionlar ligasi finalchisiga aylangan Ar-Riyod klubi sentabrdan start oladigan guruh bosqichida O‘zbekistonga kelishi mumkin.

«Al-Hilol» qur’a oldidan 1-savatchadan joy olgan. Demak, bu klub «Paxtakor»ga raqib bo‘lmasligi aniq. 2-savatchadagi «Nasaf» esa ar-riyodliklar bilan bir guruhdan o‘rin olishi, Neymar, Malkom, Kulibali, Nevesh singari yulduzlarning Qashqadaryo jamoasiga qarshi maydonga tushish ehtimoli mavjud. 

«Al-Hilol» yulduzlarini vodiy yoki Olmaliqqa borish imkoniyati ham bor. Buning uchun Namangan va Olmaliq klubi 22 avgust kuni pley-off saralashidan guruh bosqichiga yo‘llanma olishi shart. Aks holda Saudiya klublaridagi yulduzlarning «Navbahor» yoki OKMKga qarshi o‘ynash imkoniyati sarobga aylanadi.

OChL saralashi: «Navbahor» va OKMK Qatar klublariga qarshi

Superliga-2022ning kumush medali sohibi «Navbahor» va 4-o‘rin egasi OKMK OChL guruh bosqichida O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan 3-4-jamoalarga aylanishi mumkin. Buning uchun, Samvel Babayan shogirdlari 22 avgust kuni Qatarning o‘tgan mavsumdagi 4-o‘rin sohibi «Al-Vaqra» jamoasiga qarshi saf torsa, Mirjalol Qosimov shogirdlari 2-o‘rin egasi «Al-Arabi» mehmoni bo‘ladi.

Uchrashuvlarning Qatarda o‘tkazilishi mezbonlarga ustunlik bersa-da, bu mamlakatda mavsum endi boshlangani, O‘zbekistonda esa qizg‘in pallasida ekani vakillarimiz foydasiga ishlashi mumkin. Namangan va Olmaliq klublari yakshanba kuni Dohaga yetib borgan. Seshanba kuni pley-off bahslari g‘oliblari aniqlangach, 24 avgust kuni OChL guruh bosqichiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tadi. G‘arb mintaqasida 5ta guruh borligi va bir mamlakat klublarining bir guruhdan o‘rin olmasligini inobatga olsak, jahon darajasidagi yulduzlarning O‘zbekistonga ham kelishi katta ajiotajga sabab bo‘lishini kutish mumkin.

Usmon Ibodov

Mavzuga oid