15:17 / 26.08.2023
34390

«Barselona» va «Liverpul» uchun jiddiy sinov, Husanov Mbappega qarshi maydonga tushishi mumkin 

Kecha Jud Bellinhem Madrid taxtining yangi vorisi kim bo‘lishi haqidagi savollarga chek qo‘yishda davom etdi, «Chelsi» bir necha oylardan beri APL dagi ilk g‘alabasiga erishdi, Nantda esa juda ko‘p gol urilgan jangovor durang qayd etildi. Umid qilamizki, dam olish kunlari ham juma oqshomi boshlab bergan trendni davom ettirgan holda voqealarga boy kechadi.

Foto: Getty images

PSJ – LANS (26 avgust, 23:55)

Fransiya chempionati uchinchi turga yetib kelgan bo‘lsa-da, haqiqiy «PSJ»ni biz endi ko‘rishimiz mumkin. Neymar ketdi, Mbappe qaytdi, Usmon Dembele ham o‘tgan o‘yinda ikkinchi taymda maydonga tushdi. Luis Enrike qo‘l ostida Parij klubi ilk bor optimal tarkibda, Mbappe – Ramush – Dembele hujum uchligi bilan harakat qilishi mumkin. Dastlabki tajribalar uncha o‘xshamadi – jamoa ikki o‘yinni ham durang bilan yakunlab, atigi bir gol, u ham bo‘lsa penaltidan kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo o‘yin borasida Enrikening chizgilari sezilarli. Jamoa juda ko‘p uzatmalarni amalga oshirmoqda, to‘pni va o‘yinni to‘liq nazorat ostida ushlab turibdi. Endi bu tizim oldingi chiziqdagi ijrochilar yordamida qanday qilib gollarga aylanadi, kuzatish qiziq bo‘lsa kerak.

Ularga Abduqodir Xusanovning jamoadoshlari qarshilik qiladi. Hamyurtimiz hozircha zaxirada qolmoqda, murabbiy himoyada Danzo – Gradit – Medina uchligiga ishonib turibdi, ammo har qanday pallada Xusanovni imkoniyat tug‘ilishi mumkin. «Lans» dastlabki o‘yinlarni yomon o‘tkazgan bo‘lsa-da (bir mag‘lubiyat, bir durang) o‘tgan mavsumda parijliklarga munosib chempionlik poygasini tashkil qilib bergan, atigi bir ochkoga kam jamg‘argandi xolos. O‘zaro o‘yinlarda ham «Lans» bo‘sh kelmadi – har ikki o‘yinda mezbon jamoa 3:1 hisobida ustun kelgan. Parijda ham odatda «Lans» yomon o‘ynamaydi: oxirgi besh uchrashuvning ikkitasida mehmonlar bir ochko olib ketishga muvaffaq bo‘lgan.

Foto: Getty images

Mezbonlar safida Bernat, Mendes, Li Kan In kabi futbolchilar jarohat tufayli maydonga tusha olmaydi. Ammo Mukiyele va Kimpembe mashg‘ulotlarga qaytgani, hamda bu o‘yinda qatnashishi mumkinligi muxlislarni xursand qilishi mumkin. «Lans» esa, Poreba, Said va Farineslarning yordamidan foydalana olmaydi. Ushbu futbolchilar o‘tgan mavsumdan beri safga qaytgani yo‘q.

NYuKASL – LIVeRPUL (27 avgust, 20:30)

«Nyukasl» ham, «Liverpul» ham avvalgi turlarda markaziy o‘yinda qatnashib ulgurishdi. Birinchi turni «Liverpul» «Stemford Brij»da o‘tkazgan bo‘lsa, «Nyukasl» o‘tgan hafta «Etihad»ga safar qildi. Ya’ni har ikki jamoa ham mavsum boshlanishi bo‘lishiga qaramasdan, jiddiy sinovlar tajribasini boshdan kechirib bo‘lishdi. Bu faktor ham ushbu bahsni yanada murosasiz qilishi turgan gap. Har ikki jamoa ham o‘sha o‘yinlarda ochko yo‘qotgani yana bir turtki bo‘lib xizmat qiladi, zero mavsum boshidan peshqadamlar orasidagi farq kattalashib ketishi keyinchalik, ayniqsa yevrokuboklar boshlanganda ancha qiynab qo‘yishi mumkin.

Foto: Getty images

«Nyukasl» o‘tgan mavsumda ayniqsa katta o‘yinlarda ancha munosib ishtirok etib, top-klublardan ochko olishning uddasidan chiqqan bo‘lsa-da, aynan «Liverpul» noqulay raqib bo‘lib qolavergandi. So‘nggi ikki mavsumda «Liverpul» raqibidan hamma ochkolarni olib qo‘ymoqda, umuman 2015 yildan beri, jami 13 o‘yin «Nyukasl» «Liverpul» ustidan g‘alaba qozona olmayapti. Qizig‘i, o‘sha o‘yinda maydonga tushgan futbolchilardan hozirda jamoalarda hech kim qolmadi, yanayam qizig‘i, «Nyukasl»ning gollaridan birini Veynaldum kiritgan. Ma’lumki, niderlandiyalik futbolchi keyin «Liverpul»ga o‘tib, barcha sovrinlarni qo‘lga kiritishga ham ulgurdi. Xullas, «qarg‘alar» ancha uzoq davom etayotgan seriyaga chek qo‘yishlariga to‘g‘ri keladi.

Tarkiblarga keladigan bo‘lsak, «Liverpul» himoya chizig‘ida muammolarga duch kelgan. Konatening maydonga tushishi so‘roq ostida. Klopp esa, tarkibga to‘liq ishonishini va ushbu chiziqqa transfer oynasi yakuniga qadar yangi nomlar bo‘lmasligini aytib o‘tdi. Shuningdek, Trent Aleksandr-Arnoldning ham uchrashuvda qatnashishi aniq emas. Yaxshiyamki «qizillar» «Bornmut»ga qarshi o‘yinda maydondan chetlatilgan Makalisterning jazosini bekor qila olishdi. Aks holda muammolar maydon markaziga ham ko‘chishi turgan gap edi. «Nyukasl» safida Joelinton o‘ynay olmaslik ehtimoli bor. U «Manchester Siti» bilan o‘yinda ham almashtirilgan edi. Shuningdek, Jo Uillok kelasi oygacha sheriklariga yordam bera olmaydi.

VILYaReAL – BARSeLONA (27 avgust, 20:30)

«Barselona» o‘tgan mavsumning qolgan joyidan davom etmoqda. Ter Steger darvozasi hali ishg‘ol qilingani yo‘q, jamoa deyarli barcha jabhada, yaratilgan imkoniyatlar, to‘p nazorati, berilgan zarbalar, aniq uzatmalar bo‘yicha Ligada peshqadamlik qilmoqda. Ammo yana shuni aytish kerakki, «Barselona» gol urish borasida muammolari ko‘paygan. O‘tgan ikki o‘yinda «Barselona» atigi ikki gol urdi, u ham bo‘lsa, «Kadis» bilan o‘yinning so‘nggi daqiqalarida g‘alaba gollari urildi. Safardagi «Xetafe» bilan uchrashuvda to‘rtta yaqqol golli vaziyat yaratilgan bo‘lsa-da, hisob ochilmadi.

Foto: Getty images

Dembelening ketishi, Rafinyaning diskvalifikatsiyasi jamoa natijalariga o‘z ta’sirini o‘tkazayotgani sir emas. Buning ustiga Ronald Arauxo ham jarohatlandi, yangi xarid qilingan Inigo Martines ham jarohatda, natijada Frenki De Yong markaziy himoyada o‘ynashiga to‘g‘ri kelyapti. «Vilyareal»ga qarshi o‘yinda esa, o‘tgan uchrashuvda g‘alaba golini urgan Pedri ham qatnasha olmasligi mumkin. Shundoq ham muammolar bor, yarimhimoyada yangi futbolchilarning kirishib ketishi ham muhim bo‘lgan hozirgi pallada asosiy tarkib futbolchilarining safdan chiqishi Xaviga qo‘shimcha boshog‘rig‘i bo‘lishi turgan gap.

Bu safargi raqib anoyi emas. «Vilyareal» mavsumni «Betis»dan mag‘lubiyat bilan boshlagan bo‘lsa-da, o‘tgan turda «Malorka»ni safarda yengdi. Odatda «Barselona» «sariqlar» uchun ancha noqulay raqib hisoblanib, so‘nggi 25 o‘yinda atigi bir marotaba g‘alaba qozonilgan bo‘lsa-da, Kike Seten sobiq jamoasiga qarshi ancha jiddiy tayyorlarlik ko‘rishini kutamiz. Jamoani Pau Torres, Chukveze, Jyekson kabi asosiy futbolchilar tark etgan, ammo Aleksandr Syorlot, Ben Brereton kabi futbolchilar hujum chizig‘ida eskilarning o‘rnini bosishi lozim bo‘ladi.

«Vilyareal» safidagi eng iste’dodli futbolchilardan biri Yyeremi Pinoning jarohati balkim yaxshilikka bo‘ldi, u uchun navbatda turgan bir qator top-klublarning rejalarini biroz kechiktirdi. Bu esa, «Vilyareal» uchun yaxshilikka xizmat qilishi ham mumkin. Pino jamoa bilan mashg‘ulotlarga qaytgan, ilk daqiqalardan bo‘lmasa-da, bu uchrashuvda maydonga tushish ehtimoli bor.

ATLeTIK – ReAL BeTIS (28 avgustga o‘tar kechasi, 00:30)

Baskoniya va Andalusiya jamoalari doim peshqadamlar va poytaxt jamoalariga munosib qarshilik qilib kelish bilan bir qatorda, ularning o‘zaro to‘qnashuvlari ham ancha keskin va tomoshabop o‘tishiga o‘rganib qolganmiz. «Atletik»ning «Betis» bilan o‘yinlari ham shular jumlasidan.

Bundan tashqari, so‘nggi yillarda «Sevilya»ning barqaror emasligi tufayli, La Ligadagi «Real», «Barselona» va «Atletiko»dan keyingi 4-jamoa maqomi bo‘shab qolgan va bu o‘ringa da’vogarlik qiluvchi jamoalar ko‘p. O‘tgan mavsumda bu o‘rin «Sosedad»ga nasib qilgan, ammo «Atletik» ham, «Betis» ham mavsum davomida yuqori o‘rinlar uchun kurashishdi. Ilk turlardan yaxshi ochko to‘plagan har qanday o‘rtamiyona bemalol Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashish imkoniyatiga ega bo‘lishini inobatga olsak, bu o‘yin aynan turnir nuqtai nazaridan ham juda muhim hisoblanadi.

«Betis» juda og‘ir taqvimda duch kelgan bo‘lsa-da, yaxshi ochko yig‘moqda: «Vilyareal» bilan safarda g‘alaba va «Atletiko» bilan durang. Jamoaning keyingi safari «Barselona»ga bo‘ladi. Agar mana shu qiyin palladan o‘tib olinsa, Pellegrini shogirdlari ancha qulay taqvimga tushib olishlari va ancha ijobiy seriyani ham amalga oshirishlari mumkin. «Atletik» ham ancha qiyin raqib ustidan (Osasuna) o‘tgan turda g‘alaba qozondi. Birinchi turda esa «Real»dan mag‘lubiyat alami totilgandi. Xullas ancha yaxshi formadagi, tarkib va salohiyat jihatidan bir-biriga teng bo‘lgan raqiblar to‘qnashuvi juda qiziqarli o‘tishi shubhasiz.

Tarkiblar borasida mehmonlardan Vilyam Karvalyu hali qaytmadi, Fekir katta ehtimol noyabrda qaytadi. Tabiiyki, Pellegrini bu yo‘qotishlarga boshidan tayyor bo‘lgan va hozirda Isko, Ayoze Peres kabi yangi nomlar jamoa o‘yinini belgilab bermoqda. «Atletik» safida esa yo‘qotishlar ko‘proq. Dani Garsiya, Oskar de Markos, Yuri Berchiche, Yyeray Alvareslar shular jumlasidandir. Oyan Sanset esa «Osasuna»ga qarshi o‘yinda hakam tomonidan maydondan chetlatilgan va diskvalifikatsiyaga ega.

Yana bir fakt. Uch o‘yindan buyon bilbaoliklar «Betis» darvozasini ishg‘ol qila olishmayapti. O‘tgan mavsumdagi uy o‘yinida 0:1 hisobida boy berilgan, Andalusiyadagi uchrashuvda esa hisob ochilmagandi.

BOShQA O‘YINLAR

26 avgust. Bornmut – TOTTeNHEM (16:30),Boxum – BORUSSIYa D (18:30), ARSeNAL – Fulhem (19:00), MANCheSTeR YuNAYTeD – Nottingem Forest (19:00), BRAYTON – Vest Hem (21:30), Frozizone – ATALANTA (21:30), Verona – ROMA (23:45), MILAN – Torino (23:45)

27 avgust. Sheffild – MANCheSTeR SITI (18:00), BAVARIYa – Ausburg (20:30), YuVeNTUS – Bolonya (21:30), LATsIO – Jyenoa (23:45), NAPOLI – Sassuolo (23:45).

28 avgust. INTeR – Kalyari (23:45). 

Mavzuga oid
Top