12:59 / 26.08.2023
22951

“Qiz saqlaguncha tuz saqla” degan maqollarni leksikoningizdan o‘chiring” – yosh yozuvchi bilan suhbat

“Ko‘pchilik o‘zbek ota-onalari kabi meniki ham o‘zlarida amalga oshmagan niyatlarini bolalarida ko‘rishni istagan va bizning o‘qib, oliy ma’lumot olishimizni juda xohlagan. Ular o‘qishimizdan hech qachon pul ayamagan, faqat o‘qi, o‘qinglar derdi”, deydi “Mikrofon qizlarda” loyihasining navbatdagi suhbatdoshi Mohira Eshpo‘latova. U xususiy maktabda bolalarga dars beradi, nasr yo‘nalishida ijod qiladi.

Mohira Eshpo‘latova – 28 yoshda, Navoiy viloyati, Xatirchi tumanidan. O‘zbek yosh ijodkorlari orasida o‘z o‘rniga ega, nasr yo‘nalishida ijod qilib kelayotgan qalam egasi. Bundan tashqari, poytaxtda o‘tkaziladigan turli ijodiy tadbirlarning tashkilotchilaridan. Yaqindan boshlab tashkillashtirilayotgan “Ochiq mikrofon” loyihasida ham faollardan biri bo‘lyapti.

Asosiy ishi xususiy maktabda o‘quvchilarga dars berish bo‘lgan muallima Mohiraning hayot hikoyasi ham o‘qishga arziydi. Shuning uchun “Mikrofon qizlarda” loyihasining navbatdagi soniga uni qahramon sifatida tanladik.

Qishloqda odamlar qanday ulg‘ayishi haqida

Oilada to‘rt farzandmiz. Bir qiz, uch o‘g‘il. Men – to‘ng‘ich farzandman. Dadam dehqon, ayam uy bekasi. Ko‘pchilik o‘zbek ota-onalari kabi mening ota-onam ham o‘zlarida amalga oshmagan niyatlarini bolalarida ko‘rishni istagan va bizni o‘qib, oliy ma’lumot olishimizni juda xohlagan. Dadam o‘qishimizdan hech qachon pul ayamagan, faqat o‘qi, o‘qinglar derdi, shuning orqasidan men institutni tamomladim, ikki ukam ayni paytda Toshkentda universitetda o‘qiyapti.

Qishloqda katta bo‘lganman. Qayerda katta bo‘lsang ham shahardami yo qishloqda, agar puling bo‘lmasa, yomon yashaysan. Qishloq odamlarining 90 foizi dehqonchilik bilan kun ko‘radi, kam qismi davlat ishida ishlaydi. Davlat ishidagilarning aksariyati ham oyligi yaxshi bo‘lmagan shifokorlar va o‘qituvchilardan iborat. Ishlab chiqarish yo‘q, sanoatlashmaganmiz, qishloq xo‘jaligidan yaxshi daromad olishing uchun, albatta, suv kerak.

Yildan yilga yerlarni sug‘orish qiyinlashib bormoqda. Dadamning katta yerlari bor, mirob bo‘lib ishlaydi. Bularning ichida yashaganim uchun suv qiyinchiligini chuqur his qilaman. Mening bolaligim oddiy yashash ehtiyojlarini qondirish uchun kurashish bilan o‘tdi. Svetsiz, gazsiz, “o‘choq yoq”, “kech bo‘lmasidan ishingni bitir, chunki kechqurun svet bo‘lmaydi”. Qishda qanchadir payt maktabga bormasdik, xonalari muzlatkich bo‘lib yotgani uchun. Sharoit bo‘lsa 30 daqiqada qilish mumkin bo‘lgan ishga 2-3 soat unnaysan. Sport, san’at to‘garaklariga borging keladi, ular yo‘q qishlog‘ingda. Odamlar qanchalik madaniyatdan uzoqlashib, turmush qiyinchiliklari bilan o‘ralashgani sari hayotning boshqa sohalari bilan qiziqmay boradi.

Hech esimdan chiqmaydi, kitob o‘qishni juda yaxshi ko‘rardim, afsuski, svet bo‘lmasdi kechqurun. Shamda o‘qiyotgandim dadam “ko‘zingni nuri ketadi, qarimay ko‘r bo‘lasan” deb o‘sha shamni olib qo‘ygan edi. Keyin fonarga o‘tganman, uniyam olib qo‘ygandilar. Kechqurun boshqa nima qilish mumkin, yana kitobingni qiziq joyiga kelganman. Shunda dadam ko‘rmasin deb ko‘rpaning tagiga kirib, “zajigal”kaning fonarchasini yoqib kitob o‘qiganman. Xullas, aytmoqchimanki, qishloqda kundalik ehtiyojing bo‘lgan ishlarga umringni sarflab yashaysan. Shaharda esa unday emas. Keyin qishloq odamini fikrlashi bilan shahar odamini fikrlashida katta farq bor. Shahar bolasida qishloqda o‘sayotgan tengquriga nisbatan imkoniyati, tanlovi ko‘p. U sivilizatsiyaga yaqin, yashab qolish uchun kurashmaydi, hech bo‘lmasa mayda qiyinchiliklar bilan o‘ralashmaydi.

“Men onam uchun hamma narsadan muhimroqman”

Kitobga mehrni ayam uyg‘otgan. Bolaligimizda ayam bizga ko‘p ertak aytib bergan. Har kuni tunda ayam men va ukalarimga ertak aytar, biz qator joy solib yotib eshitardik, shu taxlit uxlab qolganimizni ham bilmay qolardik. Ayam bizni uxlatish uchun, tinchitish uchun ertak aytib berardi. Ertak eshitib uxlagan tunim tushimga o‘sha ertakning voqealari kirardi. Tinch, xotirjam uxlardim, tushlarim rangli, qiziq edi. Ayamning ertaklari takrorlanmasdi, hozir o‘ylab qarasam, ayam vaziyatga qarab ertaklar to‘qib aytib ketavergan ekan. Masalan, bizni ahl-inoq bo‘lishga, erta turishga o‘rgatadigan, o‘zidan kattalarning aytganini qilishga undaydigan ayamning tasavvuri mahsuli bo‘lgan didaktik ertaklar.

Ertak eshitib uxlaydigan bola, onasi hamma ishini qo‘yib u bilan ekanini his qiladi. Unda “Men onam uchun hamma narsadan muhimroqman” degan fikr uyg‘onadi. Garmoniya hosil bo‘ladi. Kattalar uchun yaqin insonining mehr-e’tibori qanchalik muhim bo‘lsa, bolalar uchun ham bu million karra muhim ahamiyat kasb etadi. Eslab ko‘rsak, bolaligimizda “ota-onam meni yaxshi ko‘rmaydi” degan fikr bo‘lgan, bu ota-ona bilan muloqotning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganidan.

“Qanday qilib o‘qituvchi bo‘lib qoldim?”

Men o‘qituvchi bo‘lishni orzu qilmaganman. Teleboshlovchi, jurnalist bo‘lmoqchi edim. Qachon hayoting sen o‘ylamagan tomonga burilib ketishini bilmaysan. Kim istaganini eslolmayman, faqat bu mening tanlovim emas edi. Hammasi o‘z-o‘zidan bo‘lib ketgan. Ota-onam oliy ma’lumotli bo‘lib maktabimizda ishlashimni xohlagan. Kunning bir qismida maktabdagi ishiga boradi, qolgan qismi ro‘zg‘orining ishini qiladi deb rejalar qilishgan. Ham muallima ayol, ham to‘kis ro‘zg‘or bekasi bo‘lishimni istashardi.

Menga maktabda ishlash, bolalar bilan munosabat o‘rnatish oson, o‘zimni suvda suzayotgan baliqdek his etaman. Ammo jamiyatda o‘qituvchining obro‘si pastligi, unga teng ravishda oyligi kamligi, maktabdagi ichki mayda g‘idi-bidi gaplar, o‘quvchilarning darslarga qiziqmasligi menga azob berardi. Ishimni birinchi 2018 yil Xatirchi tumanidagi 53-maktabdan boshlaganman. Ilk kirgan sinfim 10-sinflar edi, hayajondan oyoq-qo‘lim qaltiragan, o‘tirgan stulimdan turmay dars o‘tganman o‘shanda.

O‘sha paytlarda abituriyentlar uchun kurs ochgandim, o‘qishga kirishga tayyorlanayotgan bir qiz bola o‘quvchim bo‘lardi. O‘zi otasi yo‘q, juda odobli, yaxshi o‘qiydigan, chiroyli qiz edi. Maktabda o‘qiyotgan paytidan uyini sovchi bosgan edi. Uning o‘qishga havasi baland edi, o‘z kuchi bilan nimalargadir erishgisi, o‘qigisi kelardi. O‘sha o‘quvchim birinchi yil balli baland joyga topshirib, o‘qishdan yiqildi. Undan keyin bu bosimlar juda ortib ketgan edi. Esimda, u yonimga kelib yig‘lagan edi. Ustoz fanini o‘rgatish bilan birga psixolog, joyi kelsa motivator, baland o‘rnidan tushib do‘st bo‘la olishi ham kerak.

O‘shanda vaziyatdan kelib chiqib o‘zi bilan, keyin onasi bilan gaplashgandim, qishloqda emas, uyidan ketib, repetitorga borib bir yil tayyorlanishni maslahat bergandim. Keyin men ham ketdim, bir yil o‘tgach u qiz meni topib telefon qildi, juda xursand bo‘lib rahmat aytdi: o‘qishga kiribdi.

Ko‘nglim to‘ladigan hech qanday yutug‘im yo‘q, lekin yoshlarga ozgina bo‘lsa-da nafim tegayotganini ko‘rsam, quvonaman. Shunchaki yashayotganim yo‘q-ku, deyman.

Yoshlar bilan ishlash yaxshi, ularning ko‘zida yonib turadigan nimadir bor, doim harakatda, oldinga intiladi. Ularda tirik hayotni ko‘rasan. Har neki bo‘lgan taqdirda ham, o‘qituvchi kasbi egasiligimdan xursand bo‘laman. Chunki o‘quvchilarim meni yaxshi ko‘rishadi.

“Kurashuvchanlikni qanday o‘rgandim”

O‘zbek ayollari ko‘rgan-kechirganining hammasi menga dars. O‘zimga mening hayotim bunday bo‘lmaydi deganman va shuning uchun kurashib kelyapman. Men katta farzand ekanligim, qolgan 3 ukamga o‘rnak bo‘lishim kerakligi va “Sening qo‘lingdan kelmaydi” mazmunidagi gaplar katta kuch beradi.

Hozir ayni paytda o‘qituvchiman, poytaxtda xususiy maktablardan birida ishlayapman.

Faol o‘qish va ijod ichidaman. Shu yil 2 ta kitobim chiqishi mo‘ljallangan. Va yana keyingisi ustida ishlayapman. Til o‘rganib, chet elda o‘qishimni davom ettirmoqchiman. Oilaviy va ijodiy bir nechta rejalarim amalga oshgach, ketaman. Adabiyotimizni, ijodkorlarni qo‘llab quvvatlaydigan NNT ochish harakatidaman, yaxshi yangiliklar bo‘ladi. Ko‘p pul topib, dadam va ayamga poytaxtdan uy olib berishni ham maqsad qilganman. Ular qolgan umrini issiq-sovuqni, gaz-svetni o‘ylamay farovon yashab o‘tkazishlarini xohlayman.

Qizlarga

Siz o‘zingiz bo‘ling, kechagi o‘zingizdan yaxshiroq bo‘ling, tamom. Miyangizga ikkinchi darajalisan va ojizasan, kuchsizsan degan narsani singdirishlariga yo‘l qo‘ymang.

Ayollar, bir-biringizni doim har joyda qo‘llab-quvvatlang. Chunki ayol dardini, onalik mashaqqatlarini faqat ayolgina tushuna oladi. Qizlar, bilimli bo‘ling, mehnatsevar va jasoratli bo‘ling. Moliyaviy mustaqillik sizga ko‘p imkon eshigini ochadi. O‘zingizga juft tanlashda tanlovingiz keng bo‘ladi va erkakni sizni sevishi va hurmat qilishiga qarab tanlaysiz, moddiyatiga yo birovning tavsiyasiga qarab emas. 

Qo‘rqmang, “Qiz saqlaguncha, tuz saqla, G‘unajin ko‘zini suzmasa, buqa ipini uzmaydi, It qarisa tozi bo‘lar, qiz qarisa qozi bo‘lar, Har kimning o‘z dardi bor, kal qizning er dardi bor, Elakka chiqqan xotinning, ellik og‘iz gapi bor, Shoshgan qiz erga yolchimas, Epsiz kelin, sepsiz kelin. Qiz bola birovning xasmi, It vafo, xotin jafo, Ayollarning go‘ri chuqur bo‘ladi, Joyi chiqsa tekin ber, Ishonmagin xotinga, qarshi qilar zotingga, Ayolning makri qirq tuyaga yuk bo‘ladi, Ayol kishini qirq ta joni bor, Daraxtni tepsa, qiz yog‘iladi, Sochi uzun aqli kalta, Xotin kishi devorga bir mix qoqsa, uy qurdim deydi, Qiz bola palaxmon toshi, Qiz bolaning bozori tez tarqaydi” kabi maqollarga “sen ojizasan, sening qo‘lingdan kelmaydi, o‘qib nima qilasan, kim ham bo‘larding sen” degan gaplarga mutlaqo e’tibor bermang. Bularni leksikoningizdan chiqarib tashlang. Bu gaplar eskilik sarqiti va uni bugun bizni kamsitishni, yerga urishni istovchi o‘ziga ishonmaydigan erkaklar va o‘zini hurmat qilmaydigan ayollargina aytadi.

…Moddiyatga, oson yashashga uchmang, har qanday narsaning to‘lovi bor. Siz milliardlab insonlarning birisiz, alohida shaxssiz, dunyoda o‘z o‘rningiz bo‘lsin, hech kim uchun bo‘lmasa ham o‘zingiz uchun isbotlay oling qo‘lingizdan nimalar kelishini.

Mohiraning hikoyalarini Izlam.uz shaxsiy blogida o‘qish mumkin.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.

Mavzuga oid
Top