16:31 / 27.08.2023
35639

«Chelsi»da yangi transfer va Ramosning yangi klubi. So‘nggi transfer xabarlari

Saloh «Liverpul»dan o‘zini qo‘yib yuborishni so‘radi

Yakunlangan haftaning eng shov-shuvli xabari «Al-Ittihod» «Liverpul» vingeri Muhammad Salohga jiddiy qiziqayotgani haqidagi xabar bo‘ldi. Saudiya Arabistoni va Angliyadagi nashrlar arablar misrlik futbolchini Pro-liganing eng yuqori maosh oluvchi futbolchisiga aylantirmoqchiligi va futbolchi bunga roziligi haqida yozishdi. Shu bilan birga, «Liverpul» muzokaralardan bosh tortayotgani haqida xabarlar ham chiqdi va shu tufayli bu transferning ehtimoli past baholanayotgandi.

Ammo endi jurnalist Rudi Galettining xabar berishicha, vaziyat o‘zgargan. 31 yoshli hujumchi o‘zini Saudiya Arabistoni chempionatiga qo‘yib yuborishni so‘ragan, «Al-Ittihod» esa «Liverpul»ga 92 million yevrolik taklif yuborgan va 28 avgustga qadar dedlayn belgilagan. 

KSA Sport'ning ma’lum qilishicha, misrlik futbolchi uchun 27 avgust kuni «Nyukasl»ga qarshi kechadigan o‘yin mersisaydliklar safidagi so‘nggi o‘yin bo‘lib qoladi, u o‘yindan keyin yangi klubi uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tish maqsadida Saudiyaga uchib ketadi. 

Bu masala qanday yakunlanishi yangi hafta boshida ma’lum bo‘ladi.

Tuttosport xabariga ko‘ra, agar Saloh ketsa, «Liverpul» Federiko Kiyezani olishi mumkin. Yurgen Klopp «Yuventus» vingerini misrlik futbolchi uchun munosib o‘rinbosar sifatida ko‘rmoqda. Turinliklar Kiyeza uchun 60 mln yevro atrofida mablag‘ talab qiladi. O‘tgan mavsumda Federiko «Yuventus» safida barcha turnirlar doirasida 33 o‘yinda maydonga tushib, to‘rt gol urgan va olti golga uzatma bergan. Joriy mavsumda ham 25 yoshli italiyalik futbolchi bir o‘yinda bir gol urishga ulgurdi.

Saudiyaliklar 21 yoshli ispaniyalik futbolchini olishdi

«Al-Ahli» «Selta»dan ispaniyalik yarimhimoyachi Gabriel Veyga bilan shartnoma imzoladi. Transfer qiymati 40 mln yevroni tashkil etgan. Tomonlar uch yillik shartnoma imzolagan. Ushbu 21 yoshli futbolchiga yoz davomida Yevropaning qator top-klublari, jumladan «Barselona», «Manchester Siti», «PSJ», «Liverpul» va «Chelsi» kabi klublar qiziqish bildirgan, yakunda futbolchi «Napoli»ga o‘tishi deyarli hal bo‘lgandi. Ammo so‘nggi lahzada u qarorini o‘zgartirdi va Saudiya Arabistoni chempionatini tanladi. «Al-Ahli»da Veyga yiliga 12 mln yevro atrofida maosh oladi («Napoli» unga bundan besh barobar kamroq taklif qilgandi).

Avvalroq «Real» yarimhimoyachisi Toni Kroos Gabriel bu yoshida Saudiya klubiga o‘tishini «sharmandalik» deb atagandi.

Jidda klubi bungacha Riyod Mahrez, Roberto Firmino, Allan Sen-Maksimen, Frank Kessi va Eduar Mendi kabi yulduzlar bilan ham shartnoma imzolagandi.

Sanches «Inter»ga qaytdi

Chililik forvard erkin agent maqomida «Inter» safiga qo‘shildi. Kelishuv muddati – bir yil. Aleksis Sanches bungacha ham ushbu klub uchun 109 o‘yinda maydonga tushib, 20 gol urgan va uch sovrin qo‘lga kiritgan. U «Inter» safida 2020 yil 1 sentabrdan (2019/2020 yillar mavsumidan) 2022 yil 10 avgustigacha o‘ynagan. O‘tgan mavsumni esa chililik futbolchi «Marsel»da o‘tkazib, fransuzlar klubi safida barcha turnirlar doirasida 44 o‘yinda maydonga tushdi va 18 gol urib, uch golga hammualliflik qildi. U shuningdek faoliyati davomida «Udineze», «Barselona», «Arsenal» va «Manchester Yunayted» kabi klublarda ham to‘p tepgan.

Mourino jamoasida yana bir osiyolik hujumchi

«Roma» eronlik forvard Serdar Ozmun transferini e’lon qildi. Futbolchi «Bayyer»dan 2024 yil yoziga qadar ijaraga olingan, mavsum yakunida uning transfer huquqi 12 mln yevroga sotib olinishi mumkin. Ozmun yangi jamoasida 17-raqamli futbolkada to‘p suradi. Serdar faoliyati davomida Eronning «Sepahon», Rossiyaning «Rubin», «Rostov» va «Zenit» klubi klublarida o‘ynagan. Sankt-Peterburg jamoasi bilan Ozmun Rossiyaning to‘rt karra chempioni bo‘lgan, ikki bor Superkubokni va bir marta mamlakat Kubogini qo‘lga kiritgan.

Azar uchun APLda kutilmagan variant

Eden Azar yana APLga qaytadimi? The Guardian xabariga ko‘ra, belgiyalik vinger xizmatlariga «Kristal Pelas» qiziqish bildirmoqda. Eden bu yozda erkin agentga aylangan, shu tufayli «burgutlar» uni tarkibga qo‘shib olishi ehtimoli yuqori. «Pelas» «Galatasaroy»ga ketgan Uilfrid Zaa o‘rniga futbolchi qidirmoqda, Azar – variantlardan biri. Avvalroq Azarga MLS, Braziliya va Saudiya Arabistoni klublari qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar chiqqandi. Amerika ligasida unga «Vankuver», Braziliya chempionatida — «Botafogo» qiziqmoqda. Shuningdek, Azar Saudiya Arabistoni klublaridan biridan taklif olgan. Belgiyalik futbolchi 2019 yildan buyon «Real» futbolchisi edi, ammo jarohatlar tufayli madridliklar klubi asosiy tarkibiga kira olmadi.

«Inter» forvardini Fransiya chempionatiga yubordi

«Inter»ning argentinalik hujumchisi Xoakin Korrea «Marsel» futbolchisiga aylandi. Klub va futbolchi 2024 yil yoziga qadar amal qiluvchi ijara kelishuvini imzolagan. «Marsel» Korreani mavsum oxirida 10 mln yevroga sotib olishi mumkin. Provansalliklar bir yillik ijara uchun 2 mln yevro to‘laydi. Agar «Marsel» Chempionlar ligasiga yo‘llanma olsa, futbolchini sotib olishi shart bo‘ladi. Korrea fransuzlar klubidan erkin agent sifatida «Inter»ga o‘tgan Aleksis Sanches o‘rnini egallaydi.

Tarixdagi eng qimmatbaho futbolchilardan biri Qatar chempionatiga o‘tadimi?

Fabritsio Romano xabar berdi: «Aston Villa» yarimhimoyachisi Filippe Koutino «Al-Duhayl» jamoasiga transfer bo‘lishga rozi. 31 yoshli braziliyalik shaxsiy shartnoma bo‘yicha qatarliklar bilan kelishib olgan. Ammo «Al-Duhayl» hali «Aston Villa»ni ko‘ndirishi kerak. Koutinoga Qatarning boshqa klublari va Saudiya klublari ham qiziqish bildirgandi, ammo aynan «Al-Duhayl» raqobatchilardan jiddiyroq harakat qildi. Filippe o‘tgan mavsumda «Aston Villa» safida barcha turnirlar doirasida 22 o‘yinda maydonga tushib, bir gol urgan. Transfermarkt uning bozordagi narxini 10 mln yevroga baholagan.

Ramos baribir Turkiya chempionatiga o‘tadimi?

Ispaniyalik afsona, himoyachi Serxio Ramos avvalroq «Beshiktosh» taklifini rad etgandi. Ammo u baribir Turkiya Superligasiga keladigan ko‘rinmoqda. Nikolo Shiraning yozishicha, 37 yoshli himoyachiga «Galatasaroy» ham qiziqish bildirmoqda. Turkiya grandi Ramosga yiliga 10 mln yevro miqdorida maosh taklif qilgan. Serxio o‘tgan mavsumda «PSJ» safida o‘ynagandi, endi esa erkin agent maqomida o‘ziga yangi klub qidirmoqda.

«Brayton» Kaysedoga o‘rinbosar topdi

«Brayton» «Lill» yarimhimoyachisi Karlos Baleba bo‘yicha kelishuvga erishdi, deb xabar bermoqda insayder Fabritsio Romano. Jurnalistning ma’lumotiga ko‘ra, transfer summasi 27 mln yevroni tashkil etadi, yana 3 mln yevro miqdorida bonuslar ko‘zda tutilgan. Baleba bilan shartnoma shartlari allaqachon kelishib qo‘yilgan, yarimhimoyachi tibbiy ko‘rikdan o‘tish arafasida turibdi. 19 yoshli futbolchi «Lill»ning asosiy tarkibida Lige 1ning 23 o‘yinida maydonga tushgan. Baleba – shu yozda APL uchun rekord darajadagi 133,5 mln yevro evaziga «Chelsi»ga o‘tgan Kaysedoga o‘rinbosar sifatida ko‘rilmoqda.

Balogun — «Monako»ga o‘tadi

RMC Sport xabar bermoqda: «Monako» «Arsenal» bilan Falorin Balogun transferi bo‘yicha kelishuvga erishdi. 

Insayder Fabritsio Romanoning ma’lumotiga ko‘ra, «Monako» 22 yoshli amerikalik hujumchi uchun 40 million yevro to‘laydi. Londonliklar uning qayta sotuvidan ham ulush oladi.

Balogun o‘tgan mavsumda ijara asosida «Reyms»da o‘ynagandi. Forvard barcha turnirlar doirasida 39 o‘yinda maydonga tushdi va 22 gol urib, ikki golga uzatma berdi. Uning «Arsenal» bilan shartnomasi 2025 yil iyuniga qadar tuzilgandi.

«Arsenal» muammoli pozitsiyani yopmoqchi

Turinning Torino Granata nashri «Arsenal» «Torino» himoyachisi Perru Sxyursga qiziqayotgani haqida xabar berdi. Qayd etilishicha, londonliklar himoya markazini kuchaytirmoqchi va ushbu niderlandiyalik futbolchini yaxshi nomzod sifatida ko‘rmoqda. «Arsenal» shu yozda «Ayaks»dan sotib olgan Yurriyen Timber mavsumning birinchi turida xochsimon paylarini jarohatlab oldi va mavsum oxiriga qadar safdan chiqdi, shu tufayli jamoaga bu chiziqqa yangi futbolchi kerak. Transfermarkt bahosiga ko‘ra, 23 yoshli Sxyursning bahosi 25 mln yevroni tashkil etadi.

«Chelsi» Amerikadan darvozabon oldi

«Chelsi» serbiyalik darvozabon Jorjye Petrovich transferini e’lon qildi. Transfer qiymati 16 mln yevroni tashkil etadi. 23 yoshli futbolchi bilan 2030 yil yoziga qadar shartnoma imzolangan, tomonlar kelishuvni yana bir yilga uzaytirishi mumkin. Petrovich 2022 yilda Amerikaning «Nyu-Inglend Revolyushn» klubiga o‘tib, bu klub safida 48 o‘yin o‘tkazgan. O‘tgan mavsumda u MLSda yilning ikkinchi eng yaxshi darvozaboni deb topilgandi. Petrovich Serbiya milliy jamoasida ham ikki o‘yin o‘tkazgan. U «Chelsi»da «Real»ga ketgan Kepa Arrisabalaga o‘rnini egallaydi.

Bu londonliklar klubining 2023 yil yozidagi o‘ninchi xaridiga aylandi, bungacha darvozabon Sanches («Brayton», 23 mln yevro), himoyachi Disasi («Monako», 45 mln yevro), yarimhimoyachilar Kaysedo («Brayton», 116 mln yevro), Lavia («Sauthempton», 62,1 mln yevro), Ugochukvu («Renn», 27 mln yevro), hujumchilar Nkunku («Leypsig», 60 mln yevro), Jyekson («Vilyarreal», 37 mln yevro), Deyvid Vashington («Santos», 16 mln yevro) va Gabriel («Santos», 15 mln yevro - u «Strasburg»ga ijaraga berildi) sotib olingandi.

«MYu» darvozabon sotib olmoqda

«Manchester Yunayted» Andre Onanaga raqobat uchun yana bir  darvozabon olmoqda. «Qizil iblislar»ning yangi darvozaboni «Fenerbahche»dan kelmoqda - Altay Bayindir. 25 yoshli turk uchun 7 million yevro to‘lanadi. Fabritsio Romano ma’lumotiga ko‘ra, transfer «MYu» yana bir darvozaboni Din Hendersonni «Kristal Pelas»ga sotganidan keyin e’lon qilinadi.

O‘z navbatida Xorvatiya milliy jamoasi va Zagrebning «Dinamo» klubi posboni Dominik Livakovich Bayindir o‘rniga «Fenerbahche»ga o‘tmoqda. «Fener» darvozabon uchun 6,65 mln yevro to‘lagan, yana 950 ming yevro bonuslar ko‘rinishida beriladi. Livakovich istanbulliklar klubi bilan besh yillik shartnoma imzolagan. E’tiborli jihati, 28 yoshli Livakovich bunga qadar hech qachon Xorvatiyadan tashqarida o‘ynamagan. U 2015 yildan buyon «Dinamo» darvozasini qo‘riqlab kelayotgandi.

«Bavariya» yangi darvozabon transferini e’lon qildi

«Bavariya» Isroil milliy jamoasi darvozaboni Daniel Peretsni transfer qilgani haqida rasman xabar berdi. Futbolchi uchun 5 mln yevro to‘langan. 23 yoshli isroillik bilan besh yillik shartnoma tuzilgan. Perets Manuel Noyyer jarohatidan tuzalgunicha, «Bavariya» darvozasini qo‘riqlash uchun Sven Ulrayhga raqobat qiladi.

Mavzuga oid
Top