16:06 / 28.08.2023
7728

O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kuz-qish mavsumida elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha kelishib oldi

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston energetika vazirlari kuz-qish mavsumida elektr energiyasini o‘zaro yetkazib berish, elektr energiyasini soatlik hisobga olish mexanizmlarini joriy etish, rejadan tashqari oqimlarni tartibga solish bo‘yicha shartnomalarning amaldagi shartlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha kelishib oldi va boshqa masalalarni muhokama qildi.

O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 25-26 avgust kunlari Ostonada bo‘lib o‘tgan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston energetika va suv xo‘jaligi idoralari vakillarining uchrashuvida ishtirok etdi, deya xabar berdi Qozog‘iston Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Tadbir davomida kelgusi kuz-qish mavsumida elektr energiyasi yetkazib berish masalalari muhokama qilindi, bir qator o‘zaro kelishuvlarga erishildi, yetkazib berish hajmlari va muddatlari belgilandi.

Shuningdek, rahbarlar elektr energiyasining soatlik hisobini yuritish mexanizmini joriy etish imkoniyatlarini ishlab chiqish, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar o‘rtasida rejadan tashqari oqimlarni hisob-kitob qilish bo‘yicha shartnomalar tuzish, rejadan tashqari oqimlarni hisob-kitob qilish bo‘yicha shartnomalarning amaldagi shartlarini qayta ko‘rib chiqishga kelishib oldi.

Energetika vazirligining xabar berishicha, uchrashuvda transchegaraviy gidroenergetika loyihalarini amalga oshirish, xususan, "Qambarota-1" GES loyihasi va suv-energetika resurslari sohasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalari ham muhokama qilindi.

Keyingi uchrashuv 2023 yilning noyabrida Bishkekda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Top