09:05 / 31.08.2023
8580

Oq uy: Rossiya va Shimoliy Koreya qurol yetkazib berish masalasini yashirincha muhokama qilmoqda

Oq uy Moskvaning Ukrainaga qarshi urushda Pxenyandan yordam olishni istayotgani bo‘yicha tobora ko‘proq alomatlarini ko‘rmoqda.

Foto: Valeriy Sharifulin / TASS

Rossiya va Shimoliy Koreya Ukrainaga qarshi urushda foydalanish uchun qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha yashirin muzokaralar olib bormoqda va muhokama «faol ravishda oldinga siljimoqda». Bu haqda 30 avgust, chorshanba kuni Oq uydagi Milliy xavfsizlik kengashining (MXK) strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, «Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu yaqinda Shimoliy Koreyaga borib, Pxenyanni Rossiyaga artilleriya o‘q-dorilarini sotishga ko‘ndirmoqchi bo‘lgan». Shundan so‘ng Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risida va’dalar bo‘lgan maktub almashdi, Rossiya rasmiylarining yana bir guruhi KXDRga yo‘l oldi, dedi Kirbi.

Oq uy fikricha, delegatsiyaning maqsadi Moskva va Pxenyan o‘rtasida qurol-yarog‘ yetkazib berish sohasidagi potensial kelishuvlarni muhokama qilishga ko‘maklashishdir. Muzokaralar natijasida Rossiya «RF harbiylari Ukrainada ishlatmoqchi bo‘lgan bir necha turdagi o‘q-dorilarning sezilarli miqdorini olishi kerak», deya ogohlantirdi Kirbi. Bundan tashqari, Moskva Pxenyan bilan qurol ishlab chiqarish uchun xomashyo xarid qilish bo‘yicha shartnomalar tuzishi mumkin.

Rossiya Xitoy bilan qurol-yarog‘ bitimlarini tuzishga harakat qilgan bo‘lishi mumkin

2023 yil boshida Qo‘shma Shtatlar bir necha bor Moskva va Pekin o‘rtasida Ukrainada qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan qurollarni yetkazib berish bo‘yicha muzokaralarga e’tibor qaratgan.

Xitoy urushdagi betarafligiga ishora qilib, bunday yetkazib berish haqidagi xabarlarni rad etdi. Biroq, ommaviy axborot vositalari Rossiya hali ham vositachilar orqali Xitoy firmalaridan qurol va o‘q-dorilarni sotib olayotganini ko‘rsatadigan holatlarni aniqladi. Rasmiy Pekin bu xabarlarga hech qanday munosabat bildirmadi. 

Bundan tashqari, avgust oyida Britaniya razvedkasi Ukrainaga harbiy hujum boshlanganidan buyon Rossiya Xitoydan o‘n minglab yuklar, jumladan, dronlar, vertolyotlar va xomashyo olganiga e’tibor qaratdi. Ba’zi yuklarni qabul qiluvchilar Yevropa Ittifoqi va AQSh sanksiyalari ostidagi Rossiya kompaniyalari bo‘lgan. 

Moskva yetkazib berish evaziga Shimoliy Koreyaga BMTda qo‘llab-quvvatlovni taklif etishi mumkin 

Rossiya BMT Xavfsizlik kengashi doimiy a’zosi sifatida uning rezolyutsiyalariga veto qo‘yish huquqiga ega va bundan Shimoliy Koreyaga nisbatan qattiqroq sanksiyalarni bloklash uchun bir necha bor foydalangan. Bu so‘nggi yilda tez-tez kuzatildi, natijada Qo‘shma Shtatlar Rossiya va Xitoyni Pxenyanning militaristik harakatlarini yashirishda bevosita aybladi. 

The New York Times gazetasining yozishicha, Moskva KXDR bilan aloqalarni faol ravishda mustahkamlamoqda. Shu tariqa, 2022 yilda Rossiya Ukrainaga qarshi urushda foydalanish uchun Shimoliy Koreyadan qisqa masofali raketalar va artilleriya snaryadlarini sotib olishni boshladi. Shu bilan birga, Rossiya urushda texnika va o‘q-dorilarni yo‘qotgani hamda g‘arb sanksiyalari tufayli KXDR kabi davlatlardan yordam so‘rashga tobora ko‘proq majbur bo‘lyapti, deya ta’kidlagan AQSh Moliya vazirligi. 

Top