11:08 / 02.09.2023
11200

Tarixiy binodagi zamonaviy maskan – Respublika bolalar kutubxonasidan fotoreportaj

Respublika bolalar kutubxonasining qariyb 150 yillik tarixiy binosi o‘ziga xosligini saqlab qolgan holda qayta ta’mirlanib, yana kitobsevarlar uchun o‘z bag‘rini ochdi. 200 mingga yaqin ma’naviy fondni saqlayotgan bino nafaqat klassik kutubxona, balki bolalar uchun boshqa ko‘plab mashg‘ulotlarga ham zamin bo‘ladi. Kun.uz muxbiri bolalar kutubxonasidan fotoreportaj tayyorladi.

31 avgust kuni Respublika bolalar kutubxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. 2020 yilda boshlangan ta’mirlash ishlarini “Ludi Architecs” me’morchilik byurosi loyihasi bo‘yicha amalga oshirildi.

Kutubxona binosi boy tarixga ega. U XIX asr oxirlarida qo‘qonlik tadbirkorlar tomonidan qurilgan, ko‘p o‘tmay bino sotib yuborilib, unga Toshkent shahar dumasi va Jamoat yig‘ini joylashadi, turar joy qismi esa bolalar kutubxonasiga aylantiriladi.

O‘tgan asrning 60 yillarida Alisher Navoiy nomidagi davlat kutubxonasining O‘smirlarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi bu yerga ko‘chadi. Keyinchalik u to‘liq Respublika bolalar kutubxonasi tasarrufiga berilgan.

Ma’lum qilinishicha, kutubxonaning kitob fondi 1965 yildan boshlab shakllantirilib, 200 ming jildga yaqin nashrdan iboratdir. Qayta ta’mirlash ishlari mobaynida u kengaytirilib, yana 21 ming kitob qo‘shilgan. Bunda Islom, Yevropa va zamonaviy san’atga oid kitoblar jamlanmalariga alohida e’tibor qaratildi.

Maskanda kitob fondining sifat darajasini nazorat qilish maqsadida “Irbis” elektron kutubxona boshqaruv tizimi joriy etildi. Bu yerda tizimlashtirish, toifalashtirish, o‘quvchilarni izlash, kitoblarni berish va ma’muriy boshqaruvga oid zamonaviy texnologiyalar tatbiq etilgan.

Kutubxona nafaqat oddiy o‘qish zali, balki xalqaro standartlarga javob beruvchi ko‘p funksional ahamiyatga ega bo‘lgan. Bu yerda o‘ziga xos dizaynga ega qulay partalar, ma’ruzalarni tinglash, o‘qish, dam olish uchun modullar, audio kontent bilan ishlash, kompyuter sinflari, kichik bosmaxona, ovoz yozish studiyasi ham mavjud.

Shuning hovlida kichik amfiteatr ham bor.

Qayta qurish loyihasi muallifi, me’mor Lyubov Leonteva binoning ichki qismida pardoz ishlari davomida qiziqarli topilmalarga duch kelingani haqida aytdi.

Ular orasida XX asrning 60 yillariga mansub manzarali devoriy suratlar ham bor. Tashrif buyuruvchilar kutubxonaning ichki qismidagi restavratsiya qilingan rang tasvir namunalarini tomosha qilishlari mumkin bo‘ladi.

Rasmlar muallifi: Farrux Absattarov

Top