08:22 / 05.09.2023
9100

Bundestag deputati: Shols Taurus raketalari Ukrainaga yetkazib berilishini bloklayapti

Shols Kiyevni uzoq masofaga uchuvchi Taurus qanotli raketalari bilan ta’minlash qaroriga to‘sqinlik qilmoqda, dedi Bundestag mudofaa qo‘mitasi raisi Mari-Agnes Shtrak-Tsimmerman. 

Foto: Bernhard Huber/MBDA

Germaniya Bundestagi mudofaa qo‘mitasi raisi Mari-Agnes Shtrak-Tsimmerman Germaniya kansleri Olaf Sholsni Ukrainaga Taurus nemis qanotli raketalari yetkazib berish bo‘yicha qarorni to‘sib qo‘yganlikda aybladi. 

«U «hozir» Taurus’ni topshirmoqchi emas. Lekin «hozir» Ukrainada odamlar o‘lishda davom etmoqda. Kansler nimani kutmoqda? Koalitsiya ichida bu qarorga faqat u to‘sqinlik qilmoqda. Bu - mas’uliyatsizlik», - deb yozdi Shtrak-Tsimmermann 3 sentabr, yakshanba kuni kechqurun X ijtimoiy tarmog‘ida. Shtrak-Tsimmerman «yashillar» va sotsial-demokratlar bilan birgalikda Germaniya hukmron koalitsiyasini tashkil etuvchi Erkin demokratik partiya (EDP) vakili hisoblanadi. 

Ukraina may oyidan beri Germaniyadan Taurus raketalarini so‘rayapti 

Ukraina 2023 yil may oyi oxirida Germaniyadan rasman Taurus raketalarini so‘ragan va shu vaqtdan beri Germaniya rasmiylaridan qaror kutmoqda. Shu bilan birga, «yashillar» va EDP liberallari vakillari ushbu qanotli raketalarni yetkazib berish g‘oyasini bir necha bor qo‘llab-quvvatladi. 2005 yildan beri Germaniyada 500 kilometrgacha masofaga uchadigan Taurus raketalari ishlab chiqarilmoqda, Bundesverda ularning taxminan 600 tasi bor. 

Ukraina Rossiya qurolli kuchlarining front chizig‘idan ancha orqada joylashgan pozitsiyalariga hujum qilish uchun Berlindan Taurus raketalarini so‘ramoqda. Buyuk Britaniya Ukrainaning sheriklari orasida birinchi bo‘lib Kiyevga uzoq masofaga uchuvchi qurollar topshirilishini e’lon qildi va may oyida Storm Shadow qanotli raketalarini yetkazib berishga va’da berdi. Fransiya ham iyul oyida xuddi shunday bayonot bilan chiqqan edi. Avgust oyida haftalik Der Spiegel nashri Germaniya Mudofaa vazirligi Taurus ishlab chiqaruvchisidan uzoq masofali raketalarga ehtimoliy nishonlarni dasturlash bo‘yicha cheklovlarni kiritishni so‘ragani haqida xabar berdi. Ushbu texnik o‘zgarishlar yordamida Germaniya kansleri Olaf Shols Ukrainaning Rossiya hududiga hujum qilish ehtimolini yo‘q qilishga urinmoqda, deya ta’kidlaydi gazeta. 

Mavzuga oid
Top