15:38 / 05.09.2023
13055

NYT: General Surovikin Prigojinning o‘limidan bir necha kun o‘tib ozod etilgan

Sergey Surovikin Yevgeniy Prigojin o‘limidan bir necha kun o‘tib ozodlikka chiqdi, deb yozadi The New York Times amerikalik va rossiyalik manbalariga tayanib. U harbiy xizmatda qolyapti, ammo bo‘lajak martabalar bo‘yicha hech qanday istiqbollari yo‘q.

Foto: Pavel Golovkin/dpa/AP/picture alliance

Yevgeniy Prigojinning isyonidan keyin g‘oyib bo‘lgan Ukrainadagi Rossiya qo‘shinlari guruhi qo‘mondoni sobiq o‘rinbosari Sergey Surovikin haqiqatdan ham ozod qilingan. Bu haqda 4 sentabr, dushanba kuni Amerikaning The New York Times (NYT) gazetasi amerikalik ikki amaldor va Rossiya Mudofaa vazirligiga yaqin bo‘lgan ismi oshkor etilmagan manbaga tayanib yozmoqda. Shu tariqa, nashr rossiyalik jurnalist Kseniya Sobchakning ma’lumotlarini tasdiqladi, u avvalroq generalning rafiqasi bilan tushgan suratini e’lon qilgandi

Anonimlik sharti bilan ma’lumot bergan NYT’ning rossiyalik suhbatdoshiga ko‘ra, Surovikin o‘zining generallik unvonini saqlab qolgan va rasmiy ravishda harbiy xizmatda qolmoqda, ammo u endi bo‘lajak martabalar bo‘yicha istiqbolga ega emas. Xuddi shu manbaga ko‘ra, armiya generali Surovikin «Vagner» XHK kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin aviahalokatda vafot etganidan bir necha kun o‘tib ozodlikka chiqarilgan. O‘z navbatida, AQSh rasmiylari ta’kidlashicha, Surovikin ozod qilinganidan keyin ham unga nisbatan harakatlanish bo‘yicha cheklovlar saqlanib qoladimi yoki yo‘qmi, aniq emas.

Peskov general Surovikinning taqdiri haqidagi savolga javob berishdan bosh tortdi 

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarning general Surovikin taqdiri haqidagi savoliga javob berishdan bosh tortdi. AFP muxbirining Peskovdan Sergey Surovikinga nisbatan ehtimoliy tergov haqida so‘rash mumkinmi, degan savoliga Putinning matbuot kotibi qat’iy javob berdi: «Yo‘q, mumkin emas». 

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu bir kun avval mohiyatan o‘xshash savolga taxminan xuddi shunday munosabat bildirgandi. Surovikinga nima bo‘ldi va unga qarshi tergov olib borilmoqdami, degan savolga Shoygu: «Barcha savollar shumi?» deb javob bergan, shundan so‘ng ketib qolgan. 

Sobchak va Venediktov Surovikin ozod etilgani to‘g‘risida xabar berdi

Kseniya Sobchak 4 sentabr kuni Surovikin ozod etilgani haqida xabar qildi. «General Sergey Surovikin chiqdi. Tirik, sog‘lom, uyda, oilasi bilan, Moskvada. Bugungi surat», - deb yozdi u. Keyinroq «Exo Moskvy» radiostansiyasi sobiq bosh muharriri Aleksey Venediktov o‘z Telegram-kanalida manbalarga tayanmagan holda Surovikin oilasi bilan uyda, «ta’tilda va Mudofaa vazirligi ixtiyorida» ekanini aytdi. 

General Sergey Surovikin 2022 yilning oktyabridan 2023 yilning yanvarigacha Ukrainadagi Rossiya qo‘shinlari guruhiga qo‘mondonlik qilgan, keyin esa Rossiya Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimovga yo‘l berib, qo‘mondon o‘rinbosari bo‘lgan. Amerika rasmiylari fikricha, u Prigojinning isyoni haqida u boshlanmasidan oldin bilgan. Ular hozirda Surovikinning harakatlanishiga cheklovlar yoki Rossiya rasmiylari tomonidan kiritilgan boshqa sanksiyalar mavjudligiga aniqlik kirita olmadi. 

Iyun oxirida Prigojin isyonidan keyin u omma oldida ko‘rinish bermadi. «Vagner» Moskvaga harakatlanishni boshlagan kechada, general ortga chekinishga va oliy bosh qo‘mondonning buyrug‘iga bo‘ysunishga undagan videoni joylashtirdi. Ommaviy axborot vositalari general Surovikin qanday jazolanganiga oid turli xil variantlarni keltirgan - tergov izolyatoriga joylashtirishdan tortib, hibsga olinmasdan izolyatsiya qilishgacha. 

Mavzu
Prigojin isyoni
23 iyun kuni kechqurun «Vagner» rahbari Yevgeniy Prigojin RF mudofaa vazirligini vagnerchilarga hujum qilishda ayblab, «adolat marshi» e’lon qildi. 24 iyun kuni uning qo‘shini Rostovni egallab, Moskva tomon yo‘lga tushdi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top