Bayden Si Jinping Hindistondagi sammitga kelmasligidan xafa. Biroq Xitoyga G20 kerakmi?
AQSh prezidenti Jo Bayden Xitoy rahbari Si Jinpingning Hindistonda bo‘lib o‘tadigan G20 sammitini o‘tkazib yuborish qaroridan xafa bo‘lganini aytdi. Kuzatuvchilar Si Jinping nima uchun sammitga bormayotgani hamda bu G20 va Pekinning o‘zining reputatsiyasiga qanday tahdid solishini baholashga harakat qilmoqda.
«Men xafa bo‘ldim... lekin men u (Si Jinping) bilan uchrashmoqchiman», degan Bayden 3 sentabr kuni jurnalistlarga, ammo u buni aynan qachonga rejalashtirganiga aniqlik kiritmagan. Si va Bayden oxirgi marta 2022 yil Indoneziyada bo‘lib o‘tgan G20 sammitida uchrashgan edi.
4 centyabr kuni rasmiy Pekin shu hafta Dehlida bo‘lib o‘tadigan sammitda Xitoy delegatsiyasiga XXR davlat kengashi bosh vaziri Li Siyang rahbarlik qilishini ma’lum qildi.
Baydenning bayonotini Oq uy eng rivojlangan iqtisodiyotlarni birlashtirgan G7 guruhi doirasidan tashqaridagi global hamkorlikka ham katta ahamiyat berayotgani dalili sifatida talqin qilish mumkin.
Biroq, AQSh-Xitoy aloqalarini komadan olib chiqishga uringan Vashington diplomatlarining bu yilgi ko‘plab tashriflariga qaramay, AQSh va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar keskinligicha qolmoqda.
Ushbu munosabatlarda savdo nizolari, Tayvan kelajagi va Xitoyning Janubiy Xitoy dengizidagi ekspansiyasi kabi juda ko‘p muammolar bor.
Pekinga G20 nimaga kerak?
4 centyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot brifingida Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Si Jinpingning Dehli sammitida qatnashishi haqidagi xabarlarni doimgidek na tasdiqladi, na inkor etdi.
«Li Siyang G20 sammitida ishtirok etadigan Xitoy delegatsiyasiga boshchilik qiladi. Bu yirik va muhim global iqtisodiy forumdir. Xitoy doimo unga katta ahamiyat berib kelgan va tegishli tadbirlarda faol ishtirok etgan», degan Xitoy TIV vakili.
Pekin, avvalroq, G20ning issiqxona gazlari emissiyasini qisqartirish bo‘yicha konsensusiga to‘sqinlik qilayotgani haqidagi xabarlarni «faktlarga mutlaqo zid» deya rad etgan edi.
«Xitoy xalqaro iqtisodiy hamkorlikning yetakchi forumi sifatida G20, global barqaror rivojlanishni rag‘batlantirish, iqtisodiy rivojlanish va atrof-muhitni muhofaza qilishni muvofiqlashtirish, iqlim o‘zgarishi muammosini hal qilish borasida jiddiy mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi, deb hisoblaydi», — deyiladi Xitoy TIV xabarida.
Li Siyang — Xitoyning ikkinchi darajali rahbari va Si Jinpingning o‘ng qo‘li hisoblanadi. Biroq, Vashingtonda joylashgan Atlantic Council tahlil markazi xodimi Josh Lipskiyning fikricha, davlat rahbarining yo‘qligi «Katta yigirmatalikning uzoq muddatli barqaror hayotiyligi va muvaffaqiyati»ni shubha ostiga qo‘yadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Si Jinpingning yo‘qligi G20 kelajagiga ekzistensial tahdiddir.
2008 va 2009 yillarda bo‘lib o‘tgan, ishtirok etuvchi davlatlar global moliyaviy inqirozga qarshi o‘z harakatlarini muvofiqlashtirishga harakat qilgan dastlabki ikkita sammitda, G20 Xitoy boshchiligidagi rivojlanayotgan mamlakatlarning ahamiyati va iqtisodiy ta’siri o‘sib borayotganini aks ettiruvchi yangi yirik xalqaro qaror qabul qilish organi deb ataldi.
Biroq, tahlilchilarning so‘zlariga ko‘ra, agar Si Jinping dastlab G20’ga Xitoyning geosiyosiy ta’sirini oshirish vositasi sifatida qaragan bo‘lsa, endi G20 asta-sekin o‘zi hayotini yashashni boshlamoqda. Bunga parallel ravishda Xitoyning AQSh bilan munosabatlari yomonlashdi, Yaponiya, Janubiy Koreya, Germaniya va boshqa Yevropa davlatlari Pekinga nisbatan keskinroq pozitsiyani egallayapti.
«So‘nggi o‘n yil ichida ko‘plab G20 davlatlari Xitoyga nisbatan o‘z pozitsiyalarini qattiqlashtirdi. Si uchun bu oddiy guruh emas», deydi Carnegie China tahlil markazi direktori Pol Xaenle.
BRICS’ning kengayishi Xitoy uchun g‘alabami?
G20 sammiti BRICS mamlakatlari — Braziliya, Xitoy, Hindiston, Rossiya va Janubiy Afrika vakillarining Yohannesburgdagi uchrashuvidan ikki hafta o‘tib bo‘lib o‘tadi.
BRICS uchrashuvining asosiy yutug‘i blokning a’zolari soni beshtadan 11 taga ko‘paygani bo‘ldi va bunga Pekin katta hissa qo‘shdi. «Bu G‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi dunyo tartibiga qarshi kurashayotgan yirik rivojlanayotgan iqtisodiyotlar uchun tarixiy lahzadir», degan Jinping Yohannesburgda.
Biroq, ekspertlar fikriga ko‘ra, BRICS’ning kengayishi, o‘z-o‘zidan, hech bo‘lmaganda iqtisodiyot nuqtayi nazaridan to‘plangan muammolarni hal qilishning yangi usullarini izlash zarurligini ko‘rsatadi.
«Rivojlanayotgan davlatlar AQSh boshchiligidagi dunyo tartibiga o‘rinbosar emas, balki muqobil qidirmoqda», deydi Quincy institutining Global janub dasturi direktori Sarang Shidor.
«Bu AQShga ushbu bo‘shliqlar (muqobil variantlarda) tinchlik bermayotgani va mamlakatlarimiz ular haqida shunchaki shikoyat qilmayotgani, balki ularni to‘ldirishga harakat qilayotgani haqida signaldir», deydi u.
Amerika Tinchlik Instituti iqtisodchisi Genri Tugendhatning fikricha, Xitoy kengayishni rag‘batlantirish orqali beixtiyor BRICS saflarida navbatdagi bo‘linishni yaratdi — blok, a’zolari asosiy tamoyillarga ega bo‘lgan G7’ga emas, G20’ga o‘xshab qoldi. Tugendhat G20 a’zolari ko‘plab masalalarda bir xil pozitsiyada emasligini ta’kidlaydi.
Vashington xavotirlanmayapti. Lekin choralar ko‘rmoqda
2024 yil yanvar oyida BRICS’ga oltita yangi davlat — Argentina, Misr, Eron, Efiopiya, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari qo‘shilishi kerak. Xarakterli jihati shundaki, Janubi-Sharqiy Osiyodagi biror davlat BRICS kengayishida ishtirok etmayapti va bu Xitoy Janubiy Xitoy dengizidagi dengiz bahslarida o‘zini yanada agressiv tutayotgan bir paytda sodir bo‘lmoqda.
Vashingtonda kam odam blok tomonidan AQShga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid bor deb hisoblaydi. Baydenning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan avvalroq shunday degan edi: «Biz BRICS’ni AQSh yoki boshqa kim bilandir qandaydir geosiyosiy raqobatchi sifatida ko‘rmayapmiz».
AQSh uchun BRICS’ning eng muammoli yangi a’zosi — bu Eron. Tehron klubga qo‘shilish mamlakatga xalqaro izolyatsiyadan chiqish yo‘lini topishga yordam beradi deb o‘ylamoqda. Biroq BRICS’ning boshqa yangi a’zolari – Misr, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari Tehron bilan azaldan sovuq munosabatlarga ega.
Shu bilan birga, BRICS davlatlari yetakchilari Yohannesburgda uchrashuvlar o‘tkazar ekan, Bayden ma’muriyati yana Jahon banki va Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) orqali rivojlanayotgan mamlakatlarga ajratiladigan mablag‘ni oshirishga va’da berdi.
Sallivan avvalroq AQSh prezidenti Dehlidagi sammitni «AQSh va hamfikr-hamkorlar uchun Global janub mamlakatlariga qimmatli taklif bilan chiqish imkoniyati» sifatida ko‘rayotganini aytgandi.
Sallivan, shuningdek, G20 sammitida XVJ va Jahon bankini isloh qilish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilishga va’da berdi. Tahlilchilar buni boy va kambag‘al mamlakatlarni birlashtirgan G20’ning o‘zining ham, BRICS va G20’ning asosiy a’zosi bo‘lgan Hindistonning ham obro‘sini oshirishga urinish sifatida baholamoqda.
Pekinda bu kimnidir xursand qilishi dargumon.
Hind-Xitoy muammolari
Xitoy AQSh bilan yaqindan hamkorlik qiluvchi, ammo shu bilan birga «strategik avtonomiya»ni talab qiladigan Hindiston bilan juda murakkab munosabatlarga ega.
Jinping va Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Janubiy Afrikadagi BRICS sammitida yuzma-yuz uchrashdi, biroq keskinlik yo‘qolmadi.
2020 yilda Himolay tog‘laridagi 20 nafar hind va kamida to‘rt xitoylik askar halok bo‘lgan chegara to‘qnashuvi ortidan dunyoning ikki eng ko‘p aholiga ega bo‘lgan davlati o‘rtasidagi munosabatlar eng past darajaga tushgandi.
Va o‘tgan hafta Pekin Arunachal-Pradesh shtati va Aksay Chin platosi Xitoy hududi sifatida tasvirlangan xaritani e’lon qilganidan keyin Hindiston norozilik bildirdi. Bunga javoban Xitoy Hindistonni «xotirjamlikni saqlash»ga chaqirdi va qo‘shnilari ushbu masalani «juda keng talqin qilish»dan tiyilishi kerakligini ma’lum qildi.
XXR raisi sammitda ishtirok etmasligi ko‘p tomonlama yig‘ilishga raislik qiluvchi Hindistonga, Nyu-Dehli sammitining o‘zining maqomiga va umuman G20 nufuziga zarba bo‘ladi.
G‘arb davlatlaridagi ba’zi tahlilchilar Si Jinpingning G20 sammitiga borishdan bosh tortishi Pekin tomonidan klub obro‘sini tushirishga qaratilgan rejali urinish, deya taxmin qilmoqda. Ba’zi hindistonlik kuzatuvchilarning ta’kidlashicha esa, Xitoy tomonlar o‘rtasida bahsli chegara bo‘yicha keskinlik kuchaygan bir paytda Dehlidagi tadbirni buzmoqchi.
«Si Jinpingning sammitda qatnashmaslik qarori Modining G20’dagi raisligiga nisbatan ochiqcha haqoratdir, biroq bu, shuningdek, BRICS saflarida birdamlik yo‘qligini ko‘rsatadi va BRICS’ning kengayishi atrofidagi shov-shuvlarga barham beradi. BRICS mamlakatlarini birlashtiruvchi yagona narsa — bu dollar va AQSh liderligidan himoyalanish istagidir», deydi AQSh prezidenti kichik Jorj Bush ma’muriyatining sobiq rasmiysi Daniel Prays.
Xitoylik kuzatuvchilar taxmin qilishicha, G20 bilan solishtirganda BRICS’dan tashqari, Xitoy uchun yana bir qulayroq platforma Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlarini o‘z ichiga olgan Shanhay hamkorlik tashkiloti (ShHT) bo‘ladi.
Biroq Xaenlening fikricha, Si Jinpingning Dehli sammitida ishtirok etmasligi G20 davlatlaridan ko‘ra Xitoyning o‘ziga ko‘proq zarar keltiradi. «Bu Xitoyning global kun tartibini shakllantirish qobiliyatini pasaytiradi. G20 baribir yo‘qolib ketmaydi», deydi u.
Bu rostdan ham shunday. To‘g‘ri, 2022 yilda Balidagi sammitda G20 kutilmagan qo‘shma bayonotni kelishib olishga muvaffaq bo‘ldi. Bu yil esa Hindiston boshchiligidagi munozaralar Ukrainadagi urush bo‘yicha demokratik davlatlar bilan Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi murosasiz kelishmovchilik soyasida bo‘lib o‘tdi.
G20 davlatlari tashqi ishlar vazirlari, moliya bo‘limlari rahbarlari va boshqa rasmiylarning Hindistondagi yig‘ilishlarida barcha ishtirokchilar bilan birorta yakuniy bayonot bo‘yicha to‘liq kelishuvga erisha olmadi.
Mavzuga oid
20:16 / 24.12.2024
WP: Bayden Putinga «xayrlashuv zarbasi» - Rossiya energetikasiga qarshi sanksiyalar tayyorlamoqda
18:07 / 24.12.2024
Hindiston 2040 yilda Oyga o‘z kosmonavtini uchiradi
17:40 / 24.12.2024
Bayden 2025 yil uchun rekord darajadagi AQSh mudofaa budjetini tasdiqladi
23:25 / 23.12.2024