Qibray tumani hokimiga besh nafar o‘rinbosar tayinlandi
Qibrayda tuman hokimi farmoyishiga ko‘ra yangi tayinlovlar amalga oshirildi.
Qibray tumanida rahbar kadrlar tarkibini kuchaytirish va yangilash bo‘yicha xalq deputatlari viloyat kengashi maxsus ishchi guruhining tavsiyasiga binoan, tuman hokimi farmoyishiga ko‘ra yangi tayinlovlar amalga oshirildi.
Jumladan:
Kamoliddin Hamidov — tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari - Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i lavozimiga;
Farhod Boymatov — tuman hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga;
Rahima Naipova — tuman hokimi o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i lavozimiga;
Farhod Xoliqov — tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga;
Akmal Hoshimov — tuman hokimi o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Bundan oldin adliya maslahatchisi Muzaffar Rashidov xalq deputatlari Qibray tumani kengashining qarori bilan tuman hokimi etib tayinlangandi.
Qibray tumaniga 2018 yil iyul oyidan buyon rahbarlik qilib kelgan Miragzam Qosimov 2023 yil avgust oyi boshida prezidentning Toshkent viloyatiga tashrifi vaqtida o‘tkazilgan videoselektorda ishdan olindi.
Shuningdek, Toshkent viloyati Qibray tumani hokimi o‘rinbosarlari, hokimlikning boshqa barcha mutaxassislari vazifasidan ozod qilindi. Bu haqda 17 avgust kuni viloyat hokimi Zoyir Mirzayev xalq deputatlari Qibray tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qildi.